Namazova Guljahon Berdikulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Navoiy” romanining xitoy tiliga tarjimalarida tarixiy-milliy koloritni saqlash muammolari”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).  
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil711.
Ilmiy rahbar: To‘laganova Sanobar Panjievna, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Umarova Mahliyo Yunusovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Mirzaahmedova Dilsora Tohirovna, adabiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybekning Xao Guang Jong va Vang Jeng Jong tomonidan xitoy tiliga o‘girilgan “Navoiy” romani tarjimalarini asliyat bilan qiyoslab, unda tarixiy-milliy koloritning saqlanishi, asliyatga monandligi, shuningdek, ruscha tarjimalarini ham asliyat va xitoy tilidagi namunalari bilan qiyosan solishtirish, tarjimonlar mahoratini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
tarjima murakkab mexanizmdan iborat lisoniy qurilmaning muallif va tarjimon ikkiligiga asoslanishi, badiiy matn o‘zida muallif va tarjimon shaxsiyatini (tafakkur tarzi, milliy, diniy, axloqiy qadriyatlari va qarashlarini) aks ettirishi, ikki tilning murakkab tuzilmasi va muayyan millatning qadriyatlar tizimini o‘zida mujassam etishi asar tarjimalariga ko‘ra isbotlangan;
xitoy tarjimashunosligida asliyatga sodiqlik, qat’iy me’yor, muallif uslubini saqlash tarjima nazariyasining “yadrosi” sifatida tan olinishi, ushbu formula chin tarjimashunosligining milliy o‘ziga xos belgisiga aylangani roman tarjimalarini qiyoslash orqali ochib berilgan, uch bosqichli tarjima usulidan foydalanib asliyat va tarjima orasidagi mutanosib va farqli jihatlar aniqlangan;
tarjimadagi tarixiy-milliy bo‘yoqdorlikni saqlash uchun bir bo‘g‘in yoki bir so‘zni ifoda etuvchi ierogliflardan foydalanish, matnni xitoy madaniy kontekstiga moslashtirish, mutarjimlarning ieroglifni tanlashda madaniy ahamiyati va jozibasini saqlashga erishgani ochib berilgan; 
tarjimada vaqt konsepsiyasi va xronotop muammosi badiiy estetik ahamiyat kasb etishi ruscha, xitoycha tarjimalar doirasida o‘zaro muqoyasa qilinib, farqli jihatlar va ularni yuzaga keltirgan omillar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Navoiy” romanining xitoy tiliga tarjimalari asliyat va boshqa tillardagi tarjimalari bilan qiyosiy hamda asar tarjimasida tarixiy-milliy koloritni qayta yaratish muammolari tahlili jarayonida olingan ilmiy natijalar quyidagi asosda joriylangan:
tarjimadagi tarixiy-milliy bo‘yoqdorlikni saqlash uchun bir bo‘g‘in yoki bir so‘zni ifoda etuvchi ierogliflardan foydalanish, matnni xitoy madaniy kontekstiga moslashtirish, mutarjimlarning ieroglifni tanlashda madaniy ahamiyati va jozibasini saqlashga erishgani hamda etnopsixologik omillarning tarjimada berilishiga oid qiyosiy tahlillardan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA-F1-80 “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2021 yil 27 sentyabrdagi 3/1255-2962-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar “Oybekning “Navoiy” romani dunyo ahli nigohida”, “Navoiy” romanining xitoycha tarjimasida milliy o‘ziga xoslik talqini”, “Tarjimada tarixiy va milliy kolorit muammosi” nomli ilmiy maqolalarning asosini tashkil qilgan. Natijada Oybek ijodi bilan bog‘liq nazariy ma’lumotlarning boyitilishini ilmiy tahlil qilishga asos bo‘lgan; 
tarjimada vaqt konsepsiyasi va xronotop muammosi ruscha, xitoycha tarjimalar doirasida o‘zaro muqoyasa qilingan “Tarjimada zamon va makon talqini”, “Navoiy” romani tarjimasida xronotop masalasi” kabi maqolalardagi tahlillardan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan OT-F1-77 “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” fundamental loyihasida XX asr o‘zbek nasrini boshqa xalqlar adabiyoti bilan qiyosiy o‘rganishda, xususan adabiy aloqalar, tarjima nazariyasi kabi adabiyotshunoslikning muhim muammolarini yoritishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2021 yil 27 sentyabrdagi 3/1255-2962-son ma’lumotnomasi). Natijada “Oybek “Tanlangan asarlar”iga kiritilgan “Navoiy” romanining navbatdagi yangi nashriga yozilgan “Kirish so‘z” hamda “Tarixiy shaxslar va tarixiy joy nomlari”ni izohlashda, romanning xitoy, uyg‘ur, ruscha tarjimalari haqidagi ma’lumotlarning boyitilishiga muhim asos bo‘lgan;
tarjimaning muallif va tarjimon ikkiligiga asoslanishi, badiiy matn o‘zida muallif va tarjimon shaxsiyatini (tafakkur tarzi, milliy, diniy, ahloqiy qadriyatlarini) aks ettirishi, ikki tilning murakkab tuzilmasi va muayyan millatning qadriyatlar tizimini o‘zida mujassam etishiga doir ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Adabiy jarayon” ko‘rsatuvi, “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu”, “Taqdimot”, “Aslida qanday?” ko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda hamda Oybekning “Navoiy” romani badiiy qiymati, uning jahon tillari, xususan xitoy tiliga tarjimasi bo‘yicha “Mahalla” radiokanalining “Adabiyot gulshani” eshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (“Madaniyat va ma’rifat” telekanali davlat unitar korxonasining 2021 yil 18 oktyabrdagi 01-16/201-1-son ma’lumotnomasi; “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2021 yil 26 noyabrdagi 01-14-16-70 son ma’lumotnomasi; “Mahalla” teleradiokanali-ning 2022 yil 24 oktyabrdagi 768-son ma’lumotnomasi). Natijalar tatbiqi adabiy-ma’rifiy ko‘rsatuv va eshittirishlarning ilmiy asoslarga boy bo‘lishini ta’minlagan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish