Sadikova Sitora-bonu Nematdjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston landshaft arxitekturasida Temuriylar bog‘-park san’atini qayta tiklash konsepsiyasi», 18.00.02–Rayonlashtirish. Shaharsozlik. Qishloq turar joylarini rejalashtirish. Landshaft arxitekturasi. Bino va inshootlar arxitekturasi (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/A4.
Ilmiy rahbar: Uralov Ahtam Sindarovich, me’morchilik fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, DSs.27.06.2017.A.11.02.
Rasmiy opponentlar: Salimov Orifjon Muslimovich, arxitektura fanlari doktori, professor; Umarov Aziz Mirfozilovich, arxitektura nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston zamonaviy landshaft arxitekturasida Temuriylar davri an’anaviy bog‘-park san’atini qayta tiklashning samarali yo‘llarini ishlab chiqish va takomillashtirishdan iborat.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qadimgi Misr, Mesopotamiya, Qadimgi Fors, Yunoniston, Rim, Xitoy, So‘g‘d hamda Yaponiya va Mavritan Ispaniyasi o‘rta asr bog‘larining Temuriylar “Chorbog‘”lari va “Xiyobon”larining shakllanishi va rivojlanishiga, bog‘-park qurilishi va shakllanish usullariga ko‘rsatgan ta’siri asoslab berilgan;
O‘rta Osiyo, O‘rta Sharq, Mavritan Ispaniyasi va Shimoliy Hindistonning XIV–XVII asrlardagi bog‘-park san’ati orasidagi bog‘liqlik, me’moriy-landshaft va kompozisiyaviy echimlaridagi umumiylik va farqli tomonlari ochib berilgan;
mazkur mamlakatlardagi 38 ta an’anaviy “Chorbog‘” va “Xiyobon”larning me’moriy rejaviy tiplari, parametrlari, bog‘ imoratlarining turlari aniqlangan;
XV asr qator miniatyuralaridagi bizgacha saqlanmagan bog‘larning me’moriy-rejaviy xususiyatlari, landshaft va suv kompozisiyalari o‘zaro mutanosiblikda, geometrik proporsionallik va uyg‘unlikda shakllanganligi isbotlangan;
Temuriylar davri “Chorbog‘”lari va “Xiyobon”larini O‘zbekiston landshaft arxitekturasida qayta tiklashning ilmiy-nazariy va loyihaviy asoslari (tarixiy va zamonaviy bog‘larning tiplari, parametrlari, modul asosida rejalashtirish, suv qurilmalari, o‘simliklarni to‘g‘ri tanlash, bog‘ imoratlarining arxitekturasiga xos xususiyatlari) shakllantirilgan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.O‘zbekiston landshaft arxitekturasida Temuriylar bog‘-park san’atini qayta tiklash konsepsiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tarixiy shaharlar hududini ko‘kalamlashtirish va landshaft tashkillashtirish loyihalarini ishlab chiqishda “Chorbog‘” usulini qo‘llash imkoniyatlarini yoritishda F.1-86 raqamli “O‘zbekiston arxitekturasining mustaqillik mafkurasi asosida shakllanish qonuniyatlarini tadqiq etish va samarali rivojlantirish tamoyillarini ishlab chiqish” (2011-2016 yy.) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasining “Shaharsozlikning zamonaviy rivojlanish tamoyillari” deb nomlangan bo‘limini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 8 noyabrdagi FTA-02-11/1041-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi O‘zbekiston sharoitida ilk bor Temuriylar davri “Chorbog‘” uslubini zamonaviy bog‘-istirohatchilik amaliyotida qayta tiklashning samarali yo‘llarini aniqlashga, ushbu an’anaviy bog‘larni me’moriy-rejaviy tashkillashtirish va ko‘kalamlashtirish usullarining o‘ziga xos xususiyatlarini yoritish imkonini bergan;
shaharlarning ekologik sharoitini yaxshilashda va aholining rekreatsion ehtiyojlarini qondirishda an’anaviy bog‘-park san’atiga xos turg‘un stereotiplarni qayta tiklash, shaharsozlikning badiiy xususiyatlarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan progressiv shaharsozlik usullarini yaratishga bog‘liq bo‘lgan loyihaviy takliflar amaliyotga tatbiq qilingan (“O‘zshaharsozlikLITI” DUKning 2017 yil 21 fevraldagi 1-06/616-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi landshaft arxitekturasini shakllantirishning an’anaviy yo‘llarini amaliy loyihalarda qo‘llash imkonini yaratgan;
landshaft arxitekturasi va bog‘-park san’atini takomillashtirishda Temuriylar davri bog‘lari an’analarini, ya’ni “Chorbog‘” va “Xiyobon” usullarini zamonaviy amaliyotda qo‘llashning ilmiy-texnik nazariyasi ishlab chiqilgan (Respublika “Qishloqqurilishloyiha” MChJ Bosh loyiha-qidiruv institutining 2017 yil 20 fevraldagi 219/02-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotda qo‘llanilishi landshaft arxitekturasini shakllantirishning an’anaviy yo‘llarini amaliy loyihalarda qo‘llash imkonini bergan;
landshaft arxitekturasi yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy-nazariy konsepsiyalar amaliyotda loyiha ishlarini yaratishda foydalanish uchun qabul qilingan (Samarqand viloyati arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining 2016 yil 17 avgustdagi ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot natijalari Samarqand shahri va viloyati tarixiy muhitida joylashgan me’moriy obidalar va bog‘-park hududlarini ko‘kalamlashtirishda, daraxtlar, butalar va gullar turini tanlash, ekish va parvarishlash usullarini o‘rganish va tarixiy hududlarni zamonaviy jihatdan qayta tiklashga keng imkoniyatlar ochib bergan.