Yuldashov Jo‘rabek Baxramovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Sholi qovuzi asosida faollantirilgan ko‘mir va mikrokremnezem olish hamda ularning adsorbsion xossalari», 02.00.11 - Kolloid va membrana kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/K511.
Ilmiy rahbar: Eshmetov Izzat Do‘simbatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Rovshan Israilovich, kimyo fanlari doktori, professor; Abduraxmonov Eldor Baratovich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sholi qovuzi asosida faollantirilgan ko‘mir va mikrokremnezemni olish hamda ularning adsorbsion xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
400°S da termik ishlov berilgan sholi qovuzi tarkibi asosan amorf uglerod va kremniy oksididan iboratligi hamda piroliz haroratini 600°S va undan yuqoriga ko‘tarilishi sistema kristalligining ortishiga olib kelishi aniqlangan;   
sholi po‘stlog‘ini dastlab 1 soat davomida 550-600ºS da piroliz qilib, so‘ngra karbonizatga kaliy gidroksidining 20% li eritmasini 1,4-1,5 nisbatda, 120±1ºS haroratda ishlov berish natijasida 95% kremniy dioksidini ajratib olishga erishilganligi isbotlangan;
gidrodinamik tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, 1KD ning asosiy qismi 0,5-1,2 (52-53%), 1,5-2,2 (25%) va 3 mkm dan katta (21-23%) o‘lchamdagi zarralardan tashkil topganligi, 2KD namunasi esa 0,1 mkmdan kichik (2%) va 10 mkmdan katta (11-12%), hamda 1,5-3 mkm (86-87%) o‘lchamlarda bo‘lgan zarralardan iborat ekanligi aniqlangan;
950°S da termik faollantirilgan 1FK va 2FK namunalar kristallari 10-12 nm o‘lchamlarga ega ekanligi va ushbu kristallitlar 3-4 alohida uglerod qatlamli bo‘lishi aniqlangan;
1FK va 2FK ni suv bug‘lari bilan 1 soat davomida faollantirilganda suv sarfi 75 ml/min bo‘lganda namunalarning termik faollashga nisbatan g‘ovakligi mos ravishda 11 va 13% ga ortishi va suv-bug‘i bilan 850°S dan yuqori haroratlarda 4 soat davomida faollashtirish ko‘mirli adsorbentlarning solishtirma sirt yuzasi va unumining kamayishiga olib kelishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Sholi qovuzi asosida g‘ovakli materiallar olish va ularning kolloid-kimyoviy xossalarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
sholi qovuzi asosida amorf kremniy dioksidi va faol uglerod adsorbentlarini olish texnologiyasi «FAROVON» MChJning «2023-2024 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining 2022 yil 3 oktyabrdagi 02-17/2567-son ma’lumotnomasi). Natijada, suv-spirtli aralashmalarni tozalash uchun chetdan keltirilgan adsorbent o‘rnini bosuvchi, 2 baravar arzon adsorbent olish imkonini beradi;
sholi qovuzi asosida olingan faollantirilgan ko‘mir va kremniy dioksidi yordamida suv-spirtli eritmalarni tozalash usuli «FAROVON» MChJning «2023-2024 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining 2022 yil 3 oktyabrdagi 02-17/2567-son ma’lumotnomasi). Natijada, tozalash samaradorligi an’anaviy usul bilan taqqoslanganda 13,4% ga oshirish imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish