Tashpulatov Yigitali Shavkatillaevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Zarafshon daryosi o‘rta oqimi al`goflorasi va uning suv ekologiya-sanitariya holatini baholashdagi ahamiyati», 03.00.05–Botanika (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/B69.

Ilmiy rahbar: Alimjanova Xolisxon Alimjanovna, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Dsc.27.06.2017.B.39.01.

Rasmiy opponentlar: Bo‘riev Sulaymon, biologiya fanlari doktori, professor; Xasanov Botir Ochilovich, biologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Zarafshon daryosi o‘rta oqimi al`goflorasi turlar tarkibini aniqlash va suvining ekologiya-sanitariya holatini baholashda indikator-saprob turlarning ahamiyatini asoslashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Zarafshon daryosi o‘rta oqimida 331 tur va tur xillari (219 tur, 85 variatsiya, 27 forma) aniqlangan va ro‘yxati tuzilgan;

ilk bor Zarafshon daryosi o‘rta oqimining al`goflorasi tarkibida O‘zbekiston al`goflorasi uchun ilgari noma’lum bo‘lgan 13 tur va tur xillari mavjudligi aniqlangan;

al`gofloraning mavsumiy va daryo oqimi bo‘ylab o‘zgarishi aniqlangan;

ekoal`gotsenozlarning daryo oqimi va yil fasllaridagi ekologik omillar ta’sirida shakllanishi ochib berilgan;

daryo al`goflorasi va uning tarkibidagi indikator-saprob turlar bilan o‘zaro bog‘liqligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Zarafshon daryosi o‘rta oqimi al`goflorasini tadqiq qilish doirasida olingan natijalar asosida:

Zarafshon daryosi o‘rta oqimi al`goflorasidagi indikator-saprob turlarning ro‘yxati, ularning suvni ifloslanishini belgilovchi sifat va miqdoriy xususiyatlari respublika ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimiga, jumladan Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 15 yanvardagi 03-03/2-314-son ma’lumotnomasi). Natijalar Zarafshon daryosi o‘rta oqimidagi indikator-saprob suvo‘tlari asosida daryo suvining mavsumiy va oqim bo‘ylab organik ifloslanish darajalarini aniqlash va ochiq suv havzalari tozaligini belgilash imkonini bergan;

331 tur va tur xillaridan iborat suvo‘tlar ro‘yxati va indikator-saproblik bo‘yicha suvning ifloslanish darajalari ko‘rsatkichlari FA-F5-T-230 raqamli «Suv va quruqlik ekosistemalarida parazitar tizimi tarkibiy qismlarining shakllanishi va harakatlanish qonuniyatlari» loyihasida suv mikroorganizmlarni aniqlash va parazitlarni daryo gidrobiontlari tarkibida tarqalishini asoslashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 26 yanvardagi 4/1255-210-son ma’lumotnomasi). Natijalar suv havzalarida gidrobiontlari bilan bir qatorda uchraydigan parazit organizmlar ro‘yxatini tuzish, ularning ekologik xususiyatlari hamda suv havzalarining organik moddalar bilan ifloslanish darajasi aniqlash imkonini bergan;

Zarafshon daryosi o‘rta oqimidan yig‘ilgan al`gologik namunalari hamda ularning doimiy preparatlari Botanika institutining «Suv havzalari suvo‘tlar florasi» noyob ob’ekti kolleksiyasiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 26 yanvardagi 4/1255-210-son ma’lumotnomasi). Natijalar kolleksiyaning «O‘zbekiston daryolari suvo‘tlar florasi» fondini boyitgan va suv havzalarini suvo‘tlar florasini inventarizatsiyalash, suvo‘tlarining yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanishda muhim bo‘lgan turlarning toza kul`turalarini ajratib olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish