Hasanov Otabek Abdurashidovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda siyosiy modernizatsiya jarayonlarida davlat kadrlar siyosatini rivojlantirish tendensiyalari», 23.00.02 – Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar (siyosiy fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Ss67.
Ilmiy maslahatchi: Jo‘raev Narzulla Qosimovich, siyosiy fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.20/13.05.2020.Ss.23.03.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Ibadulla, siyosiy fanlar doktori, professor; Bekmuradov Mansur Bobomuradovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor; Saifnazarov Ismoil Saifnazarovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik  universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda siyosiy modernizatsiya jarayonlarida davlat kadrlar siyosatini rivojlantirish tendensiyalarini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat organlarining kadrlar sohasidagi siyosatni muvofiqlashtirish hamda davlat fuqarolik xizmati tizimidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni moddalari uchun takliflar ishlab chiqilgan;
O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish uchun davlat fuqarolik xizmatchilari uchun kompetensiyalar modelini ishlab chiqishning ahamiyati ilmiy jihatdan asoslangan;
O‘zbekistonda rahbar kadrlar tayyorlashning yangi tizimi sifatida Milliy kadrlar zaxirasini tashkil etish, bu zaxiraga kadrlarni tayyorlash mexanizmlari yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilgan;  
yosh avlod uchun davlat fuqarolik xizmati jozibadorligini oshirish, istiqbolli kadrlarni davlat organlariga bosqichma-bosqich jalb etish mexanizmi “Kelajak liderlari” klubi faoliyati misolida ishlab chiqilgan;
davlat fuqarolik xizmati uchun yangi kadrlarni tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari uchun zamonaviy yondashuvlar va rivojlangan mamlakatlar tajribalari asosida maxsus kurs dasturi ishlab chiqilgan;
davlat organlarida faoliyat yuritayotgan kadrlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirib borish va shu asnoda davlat organlari faoliyatining samaradorligini ta’minlash uchun malaka oshirish tizimlarining ahamiyati asoslangan;
davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda inson omilidan holi bo‘lgan tizim yaratish maqsadida davlat organlarida kadrlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan;
davlat boshqaruvi organlariga rahbar kadrlarni saralab olishning yangi mexanizmi – Assesment markazlarini tashkil etish ilmiy asoslangan holda ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda siyosiy modernizatsiya jarayonlarida davlat kadrlar siyosatini rivojlantirish tendensiyalarini tadqiq qilish natijasida ilgari surilgan takliflar quyidagi tarzda amaliyotga tatbiq etilgan:
Davlat fuqarolik xizmati uchun kadrlar korpusini shakllantirish va uning ish sifatini yaxshilash, davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini oshirish hamda xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ-788-son Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosarining 2022 yil 5 dekabrdagi 02/6-09-17-son ma’lumotnomasi). Natijada, davlat fuqarolik xizmati uchun rahbar kadrlarni tanlab olishda yangi tizim – Milliy kadrlar zaxirasi tizimi yaratilgan bo‘lib, bu tizim davlat kadrlar siyosati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilgan;
tadqiqotlar natijasida davlat fuqarolik xizmatiga yangi kadrlarni tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari uchun yangi, zamonaviy yondashuvlar va  rivojlangan mamlakatlar tajribalari asosida ishlab chiqilgan maxsus kurs Toshkent davlat yuridik universitetida joriy qilingan (Toshkent davlat yuridik universitetining 2022 yil 1 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Bitiruv bosqich talabalari uchun tashkil etilgan ushbu kurs mazkur yo‘nalishda etishib chiqayotgan kadrlar salohiyatining ortishiga, davlat xizmati jozibadorligini oshirishga salmoqli hissa qo‘shgan;
tadqiqot davomida olingan davlat organlarida kadrlar sohasidagi siyosatni muvofiqlashtirish, sohadagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining norma ijodkorligi faoliyatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 dekabrdagi 12-15-17-sonli dalolatnomasi). Natijalardan “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi holati ularni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi” kabi normani ishlab chiqishda, Qoidalarning “kasbiy madaniyatga oid umumiy odob-axloq qoidalari” (2-bob), “xizmat faoliyatiga oid odob-axloq qoidalari” (3-bob), “xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari” (4-bob) boblarini shakllantirishda, davlat fuqarolik xizmatchilarining manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik munosabatini belgilab bergan Qoidalarning 7-bobini ishlab chiqishda, ya’ni, “Davlat xizmatchilari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak” degan normani aks ettirishda, davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat sub’ektlarini aniqlash va nazorat mexanizmini ishlab chiqishda samarali foydalanilgan;
Davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda inson omilidan holi bo‘lgan tizim yaratish uchun davlat organlari kadrlar tizimini raqamlashtirish bo‘yicha tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida quyidagi yo‘nalishlarda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 9 dekabrdagi 198-son ma’lumotnomasi): birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining my.argos.uz – “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksi hamda davlat xizmatchilari uchun yaratilgan interaktiv xizmatlar portali ishga tushirildi. Mazkur dasturiy-apparat kompleksi davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish hamda inson resurslarini rivojlantirish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida 20 dan ortiq vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yaratildi. Ikkinchidan, davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirish portali – ilm.argos.uz ishga tushirildi. Mazkur platforma davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv kurslari, jumladan, 390 dan ortiq videomateriallar, 240 dan ortiq elektron adabiyotlar bilan boyitilgan. Bugungi kunda 62 972 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari tizimda ro‘yxatdan o‘tgan. Uchinchidan, zaxira.argos.uz – Milliy kadrlar zaxirasi, vakant lavozimlar va ularga tayinlash uchun o‘tkazilayotgan tanlovlar, davlat organlari va tashkilotlarining son hamda sifat tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish uchun davlat fuqarolik xizmatining yagona elektron axborot-tahlil tizimi ishga tushirildi;
Davlat fuqarolik xizmatiga yosh avlodni tayyorlash, istiqbolli kadrlarni bosqichma-bosqich davlat organlariga jalb etish mexanizmidan (“Kelajak liderlari” klubi misolida) O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining faoliyatida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2022 yil 5 dekabrdagi 01-02-23-4176-son ma’lumotnomasi). Davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarini tayyorlash, davlat xizmati jozibadorligini oshirish hamda yosh istiqbolli kadrlardan rahbarlik lavozimlariga zaxira shakllantirish uchun har bir hududda “Kelajak liderlari” klublari tashkil etildi. Iqtidorli va istiqbolli yosh kadrlarni zaxirasini shakllantirish hamda ularni davlat fuqarolik xizmatidagi rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturi ishlab chiqildi. Mazkur maxsus malaka oshirish dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 3 marta tashkil etilib, uni 140 nafardan ortiq yoshlar muvaffaqiyatli tamomladi. Bugungi kunga qadar “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturi bitiruvchilarining 45 % egallab turgan lavozimiga nisbatan yuqori lavozimga tayinlandi, 98 nafari Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan;
O‘zbekistonda rahbar kadrlar tayyorlashning yangi tizimi bo‘lgan Milliy kadrlar zaxirasini tashkil etish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda foydalanildi (Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining 2022 yil 9 dekabrdagi WR85243826-son ma’lumotnomasi): O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish va tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi va unga ilova sifatida tanlov asosida nomzodlarni saralab olish, ularning boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan “100 nafar eng ilg‘or yetakchi dasturi” loyihasi tayyorlandi. Davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda shu asosda ularni rivojlantirib borish maqsadida davlat fuqarolik xizmatchilarining bazaviy kompetensiyalar modeli shakllantirildi. Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun maxsus masofaviy malaka oshirish kursi ishlab chiqildi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Bosh ilmiy-metodik markazning ta’lim platformasiga (dc.bimm.uz) joylashtirildi. Mazkur malaka oshirish kursi 30 ta mavzuni o‘z ichiga olgan 10 ta moduldan iborat bo‘lib, 50 akademik soatga mo‘ljallangan. 2022 yil dekabr` oyi holatiga ko‘ra, mazkur platforma orqali 42 337 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari malaka oshirib, sertifikatlarga ega bo‘ldi. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish