Abduqodirov Sarvar Begimqulovichning
 falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Jizzax vohasi gilamdo‘zligi an’analari va transformatsiyalar (tarixiy-etnologik tadqiqot)”, 07.00.07 – “Etnografiya, etnologiya va antropologiya” (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tar716. 
Ilmiy rahbar: Davlatova Saodat Tilovberdievna, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02. 
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ulug‘bek Saydanovich, tarix fanlari doktori, professor; Fayzullaeva Mavlyuda Xamzaevna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jizzax vohasi aholisi gilamdo‘zlik an’analari va undagi transformatsion jarayonlarni tarixiy etnografik jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Jizzax vohasining Baxmal, Zomin, Forish va G‘allaorol tumanlarining Turkman, Sangzor, O‘xum va Dovul qishloqlaridagi gilamdo‘zlik markazlari, Jizzaxning tog‘oldi hududlarida gilam to‘qish an’analari va uning transformatsiyasi, gilam to‘qish dastgohlari va usullari, gilam turlarining o‘ziga xos tabiiygeografik muhitda taraqqiy etganligi hamda mahalliy xom ashyo asosida uyda va oilaviy ehtiyoj uchun ishlab chiqarishga asoslanganligi dalillangan;
voha aholisi tomonidan tayyorlangan gilam turlari (holi, yulduz, narpech, boshtiq, xon gilam, gilamxurjun, maschit gilam, sepgilam, joynamoz gilam, bo‘sag‘a gilam, beshik gilam, partiret (portret) gilam, ipak gilam va otga ayil gilam), to‘quv dastgohlari (tortqi, iygi, qamich (to‘qmoq), kuzov (kuzuk)) bog‘lanadigan taxtalar yordamida to‘qilib, bugungi kungacha vohaning ba’zi hududlarida asosan xonadon ehtiyoji va iqtisodini rivojlantirish uchun foydalanib kelinayotganligi dala etnografik materiallar asosida aniqlangan;
voha gilamdo‘zligining lokal va etnik xususiyatlari gilamlarning to‘qilish uslubi, naqshbezaklar berish, rangi, foydalanilgan xomashyosi, gilam to‘qishda ishlatiladigan iplarning bo‘yash uslubi va to‘qish texnologiyasida aks etishi dala etnografik ma’lumotlar asosida aniqlanib, gilamlarda aks etgan geometrik, islimiy, zoomorfik naqsh elementlari hamda gilamlarning solim, solin, zot, sovrin, hadya, sovg‘a, meros, belgi sifatidagi ramziy ma’nolarining semantik ifodalanishi va gilamchilik bilan bog‘liq xalq qarashlari ochib berilgan;
vohaning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yashovchi o‘zbek, qirg‘iz va tojik aholisining gilamchilik bilan bog‘liq (“hashar oshi”, “sochqi”, “uchuq”, “gilam soldi”, “gilam solish”, “yarash-yarash”, “ko‘pkarining oliy sovrini qo‘laki gilam”,“chevar olish”, “sep gilam ziyofati”, “quda chaqirdi” “ota chaqirdi”) urf-odat hamda marosimlarda ishlatiladigan turli atributlarning struktrual-tuzilishi funksiyalari hamda aholi orasida gilamchilikka xos gulli kigiz, shoxli gilam, uy arqoni, o‘tov erganagi, belbov, uy bog‘ish, qoqma gilam, bosma kiyiz, bo‘yraqo‘pti, gilamlik jun, o‘tovlik kigiz, kelinlik to‘shama, turkmani gilam, aravi gilam kabi atama-terminlarning ishlatilganligi ochib berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jizzax vohasi gilamdo‘zligining transformatsiyasini yoritish va an’anaviy hamda  zamonaviy ko‘rinishlarni tahlil qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Jizzax vohasi aholisining gilamdo‘zlik an’analari va uning transformatsiyasi, gilam turlari, to‘qish texnologiyasi, xom ashyolar, gilamga rang berish texnologiyasi, gilam bilan bog‘liq urfodat, marosim va xalq qarashlari, naqshlar solishda ramzlar tahlili hamda ularning ramziy ifodalanishi masalalariga doir ilmiy-nazariy xulosa ma’lumotlaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” telekanalining “Etno” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 09 dekabrdagi 02-40-1844-son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekistonda xalqlarining boy madaniy merosi va tarixiy an’analarni saqlab qolish, shuningdek, amaliy san’at turi hisoblangan gilamdo‘zlik an’analarini targ‘ib qilishga xizmat qilgan; 
voha aholisining gilam bilan bog‘liq o‘ziga xos an’analari, gilam to‘qish dastgohlari va usullari, gilam turlari, “usta-shogird” an’analari, gilamchilik bilan bog‘liq xalq qarashlarini bo‘yicha to‘plangan dala etnografik tadqiqotlar natijalari aks etgan materiallardan O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasining 2021 yil 27 dekabrdagi 03-14/1588-son ma’lumotnomasi). Bu esa yosh avlod ongida milliy g‘urur va milliy mafkurani shakllantirishga xizmat qilgan;
respublika va voha muzey ko‘rgazmalarida namoyish etilayotgan, Zomin, Baxmal, Forish va G‘allaorol tumanlarida joylashgan Turkman, Sangzor, O‘xum va Dovul qishloqlaridagi gilamdo‘zlik maktablari hamda Jizzax vohasidagi tog‘oldi hududlarida yashovchi hunarmand gilamdo‘z ayol   larning gilam to‘qish an’analarini qayta tiklash, unutilib borayotgan gilam turlari, milliy gilam mahsulotlarining qadimgi nomlarini aniqlash uchun olingan dala etnografik tadqiqot natijalaridan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining faoliyatida foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2022 yil 17 yanvardagi 02-01-son ma’lumotnomasi). Natijada, keng jamoatchilikka aholining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishida hunarmandchilikning o‘rnini ko‘rsatib berish, shuningdek, yoshlarga o‘zbek xalqi tarixiy va madaniy merosini asrash, uni boyitib borishda dahldorlik hissini oshirish moddiy madaniyatga oid bilimlarni takomillashtirishga xizmat qilgan;
amaliy san’at va milliy hunarmandchilik maktablari an’analarini asrash, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, O‘zbekiston amaliy san’ati va xalq hunarmandchiligi muzeyida “Gilamlar an’analardan so‘zlaydi”, “O‘zbekiston to‘qimachiligi mahsulotlari amaliy san’at namunasi sifatida” nomli ekspozisiyalarini tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2021 yil 10 yanvardagi 02/02/29-son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekiston Respublikasida 2021 yilda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi (VI. 51-bandi) asosida ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlari va dunyoqarashini yuksaltirish, joylardagi tarixiy obidalar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni targ‘ib qilish maqsadida “Yurtim tarixini o‘rganaman” va “Yurtim bo‘ylab o‘n kun sayohat” loyihasini amalga oshirishda xizmat qilgan;
vohaning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yashovchi o‘zbek, qirg‘iz va tojik millatiga mansub aholisining gilamchilik bilan bog‘liq urf-odat, marosimlari qiyosiy tahlil qilingan ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2022 yil 26 yanvardagi 14-07-82-son ma’lumotnomasi). Natijalar o‘zbek xalqining tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an’analarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish