Tadjixodjaeva Yulduzxon Xayatillaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bronxial astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalligini kompleks davolashda fototerapiyaning klinik-laborator samaradorligi (klinik-eksperimental tadqiqot)», 14.00.05 – ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Tib28.
Ilmiy rahbar: Sadikova Gulora Abrarovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib 30.02.
Rasmiy opponentlar: Daminova Lola Turg‘unpo‘latovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ubaydullaeva Naima Nabixanovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi bronxial astma va surunkali o‘pka obstruktiv kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda hamda eksperimental hayvonlarda fototerapiyaning qon zardobidagi limfotsitlarning membrana fosfolipidlari va spontan sitokinlar darajasiga ta’sirini va terapiya samaradorligini qiyosiy baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tamaki tutuni bilan surunkali ta’sir qilish usuli orqali hayvonlarda qo‘zg‘atilgan surunkali o‘pka obstruktiv kasalligi modelida qondagi limfotsitlar va trombotsitlar membranalarida fosfolipidlarning miqdoriy tarkibi sezilarli darajada o‘zgarishi va nazoratdan sezilarli darajada farq qilishi aniqlangan;
eksperemental surunkali o‘pka obstruktiv kasalligi modelida qon zardobidagi spontan yallig‘lanishga qarshi sitokinlar konsentratsiyasining normal sharoitlarda va kasallikda o‘zgarishi asoslangan;
bronxial astma va surunkali o‘pka obstruktiv kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda limfotsitlar membranalarida fosfolipidlardan fosfotidilxolin va fosfotidiletanolamin tarkibi nisbati 2,5-3 baravar kamayganligi aniqlangan;
qon zardobidagi limfotsitlar, trombotsitlar va spontan sitokinlarning membrana fosfolipidlari darajasining o‘zgarishi asosida infraqizil nurlanish va konsentrirlangan impul`s nurlanish davolash usullarining samaradorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bronxial astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklarini kompleks davolashda fototerapiya samaradorligining klinik va laboratoriya ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
surunkali o‘pka obstruktiv kasalligini davolash bo‘yicha olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan “Surunkali o‘pka obstruktiv kasalligini davolash” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 8 iyuldagi 8n-z/363-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma surunkali o‘pka obstruktiv kasalligini davolash usullarini optimallashtirish va bemorlarning xayot sifatini yaxshilash imkonini bergan;
bronxial astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklarini kompleks davolashda fototerapiya samaradorligining klinik va laboratoriya ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, Toshkent viloyati ftiziatriya va pul`monologiya markazi, Toshkent shahar Yunusobod tuman tibbiyot birlashmasi 52-son oilaviy poliklinika amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 6 dekabrdagi 08/38809-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga tatbiq etilishi surunkali obstruktiv o‘pka kasalligini tashhislash va davolash usullarini takomillashtirish, hamda shu kasallik bilan asoratlangan bemorlarning uzoq muddatli reabilitatsiya bosqichidagi xayot sifatini yaxshilash imkonini bergan.