Aripov Maxamadjon Pulatbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: «Turk tilidagi tilak, olqish va duolarning lingvomadaniy va lingvopoetik xususiyatlari», 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1437.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor; Tilavov Abdumurod Xolmuratovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turk tilidagi tilak, olqish va duolarning lingvomadaniy xususiyatlari, ularning umumiy shakllanish qonuniyati, semantikasi, lingvopoetik xususiyatlari, tuzilishi va modellarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turk xalqi olam lisoniy manzarasida tilak, olqish va duolar eng muhim aksiologik birlik ekanligi hamda asrlar osha bugunga qadar o‘z ahamiyati va muloqotdagi o‘rnini saqlab kelayotgani isbotlangan;
tilak / olqish / duolarda qo‘llangan o‘ziga xos leksik qatlam, badiiy san’atlar, matnda so‘zlarni qarama-qarshi ma’nolarda qo‘llash, parallellik va variantlilikning lingvo-stilistik tabiati aniqlangan hamda ularning tarkibida kelgan ramzlar va timsollar, poetik ma’nolar, fol`klor materiallarining lingvomadaniy xususiyatlari dalillangan;
tilak / olqish / duolarning xalq etnografiyasi bilan bog‘liq milliy-madaniy jihatlari, ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan lisoniy va poetik omillar hamda ularning xalq tafakkurida shakllanishi va avloddan avlodga o‘tish yo‘llari isbotlangan;
turk tilidagi tilak / olqish / duolarning xalq manaviyati, udumlarining tarkibiy qismiga aylana borishi, til tizimida yuz bergan stilistik, poetologik jarayonlar hamda ushbu fol`klor namunalarining lingvomadaniy va lingvopoetik imkoniyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turk tilidagi tilak, olqish va duolarning lingvomadaniy va lingvopoetik xususiyatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
turk tilidagi tilak, olqish va duolarning turk fol`klori, badiiy tafakkuri tarixidagi o‘rni, janr xususiyati, semantikasi, matn uslubi va struktur xususiyatlari bilan bog‘liq natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Dunyo boʻylab» telekanalida tayyorlanib, efirga uzatiladigan «Efirda biz» va «Turizm tahlili» ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan («Dunyo boʻylab» teleradiokanalining 2020 yil 8 iyuldagi 08-14-182-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuvlarda berilgan ma’lumot va faktlarning tomoshabinlar auditoriyasiga ta’sirchan etib borishiga asos bo‘lgan;
tilak, olqish va duolar tarkibida kelgan ramzlar, timsollar, poetik ma’nolar, fol`klor materiallarining lingvomadaniy xususiyatlari izohlangan hamda olqishlarning xalq etnografiyasi bilan bog‘liq milliy-madaniy jihatlari, ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan lisoniy va poetik omillar, ularning xalq tafakkurida shakllanishi, avloddan avlodga o‘tish yo‘llari haqidagi natija va xulosalardan “Turk milliy madaniy markazi”da tashkillashtirilgan qator ilmiy va ma’rifiy tadbirlarda foydalanilgan (Turk milliy madaniy markazining 2020 yil 8 iyuldagi 14-son ma’lumotnomasi). Natijada turk xalq etnografiyasining o‘ziga xosligi, tilak, olqish va duolar madaniyatlararo muloqotlarda o‘z muhimligini saqlab kelayotganligini ko‘rsatishga xizmat qilgan;
tilak, olqish va duolarning xalq manaviyati, udumlarining tarkibiy qismiga aylana borishi, til tizimida yuz bergan stilistik, poetologik jarayonlar hamda ushbu fol`klor namunalarining lingvomadaniy va lingvopoetik imkoniyatlari bilan bog‘liq natijalardan “Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)”ning ilmiy faoliyatida foydalanilgan (Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi Toshkent vakolatxonasining 2020 yil 6 oktyabrdagi 085-son ma’lumotnomasi). Natijada TIKA tashkilotining turk adabiyoti, fol`klori va madaniyati bilan bog‘liq ilmiy yig‘inlarining mazmunan mukammal bo‘lishiga xizmat qilgan.