Usmonova Sofiyaxon Alimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Qo‘qon shahri toponimiyasining nomlanish asoslari va lisoniy xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2 PhD/Fil 2411.
Ilmiy rahbar: Bozorov Odiljon, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti, PhD.03/04.06.2021.Fil.l32.01.
Rasmiy opponentlar: Hakimova Muhayyo Karimovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Avlakulov Yashnarbek Ibragimovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qo‘qon shahri toponimlarini diaxron, sinxron aspektlarda ochib berish, ularning tarixiy, zamonaviy nomlanish asoslari va lisoniy xususiyatlarini aniqlash, ularni tizimli tavsiflash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona viloyati tuman va shaharlari nomlarining onomasiologik va semasiologik jihatdan paydo bo‘lishi, etnogenezisi hamda lug‘aviy qatlamlari ochib berilib, ularning shakllanish va rivojlanish bosqichlari, etimologik, morfologik hamda sintaktik kabi grammatik xususiyatlari aniqlangan;
mahalliy toponimlarning apellyativ (turdosh ot)dan onomastik toponim (atoqli ot) darajasiga ko‘tarilishdagi formal-struktur, derivatsion, fonetik, morfologik, orfografik xususiyatlariga xos umumiy jihatlar dalillangan;
toponimlarning lisoniy birlik sifatidagi belgi-xususiyatlari orqali shahar toponimiyasining metodologiyasiga oid til birliklari, xususan, lug‘aviy birliklarning nomlanish xususiyatiga ko‘ra diaxron va sinxron, onomasiologik va semasiologik aspektda isbotlangan;
Qo‘qon shahrining muhim toponimlarining ma’no kengayishi va torayishi kabi etimologiyasi, shahar mahalla, ko‘chalari nomlanishining moddiy va ma’naviy madaniyatni aks ettiruvchi mehnat qurollari, kiyim-kechak, milliy hunarmandchilik, ishlab chiqarish, savdo-sotiq faoliyati bilan bog‘liq tarzda yuzaga kelgan asoslari, mazmunning boyib borishi, toponim tizimining kengayib borishi singari lisoniy xususiyatlari, ularning o‘z va o‘zlashganlik darajasi, derivatsion hamda struktur xususiyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qo‘qon shahri toponimlarini lisoniy tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
Qo‘qon shahri toponimlarining shakllanish va rivojlanish bosqichlari, toponimlar taraqqiyotida ular tarkibida ro‘y bergan fonetik, leksik hamda grammatik o‘zgarishlarga doir ilmiy-nazariy qarashlar va xulosalardan O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida 2012-2016 yillarda bajarilgan F1-FA- 013229 “Qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihaning amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 8 avgustdagi 266/1-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning o‘zbek dialektologiyasi, o‘zbek tili tarixiy leksikologiyasi, so‘z yasalishi, turkiy tillarda o‘zlashgan so‘zlarni ochib berish masalalari yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan;
toponimlarning nomlanish tamoyillari va unda inson omili bilan bog‘liqligi, toponimlarning lisoniy birlik sifatidagi belgi-xususiyatlari orqali shahar toponimiyasining metodologiyasiga oid til birliklari, xususan, lug‘aviy birliklarning nomlanish xususiyatiga ko‘ra diaxron va sinxron, onomasiologik va semasiologik aspektda isbotlanganligi yuzasidan ilmiy qarashlar va chiqarilgan xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 martdagi 238-sonli “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarorining 3-bandiga muvofiq amalga oshirilgan Ogahiy “Asarlar” silsilasining 3-6-jildlarini nashrga tayyorlash va chop etishda hamda A-FA-2019-9 raqamli “Qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zR FA Xorazm Ma’mun Akademiyasining 2022 yil 22 iyuldagi 7/16-22-son ma’lumotnomasi). Natijada joylarning nomlanishining milliy an’ana va urf-odatlar bilan bog‘liqlik asoslari yangi fikrlar va ilmiy-nazariy va amaliy ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan, mukammallashtirilgan;
Farg‘ona viloyati tuman va shaharlari nomlarining onomasiologik va semasiologik jihatdan paydo bo‘lishi, etnogenezisi hamda lug‘aviy qatlamlari ochib berilib, ularning shakllanish va rivojlanish bosqichlari, etimologik, morfologik hamda sintaktik kabi grammatik xususiyatlariga oid xulosalardan Farg‘ona viloyati “Ruxsor” teleradiokanali tomonidan uzluksiz efirga uzatilgan “Til – millatning qalbi, g‘ururi” rukni ostidagi turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar ssenariysini yaratishda foydalanilgan (Farg‘ona viloyati teleradiokanalining 2020 yil 27 noyabrdagi 112-son ma’lumotnomasi). Natijada viloyat toponimiyasiga tegishli ayrim tarixiy toponimlarning ma’nosi, ularning paydo bo‘lish sabablari haqidagi ma’lumotlar tomoshabinlar auditoriyasiga etkazilib, ko‘rsatuv va eshittirishlarning qiziqarliligi va ommabopligi ta’minlangan.