Muqimjonova Umidaxon Vaxobjon qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Phaselous aureus,  Vigna sinensis va Arachhis hypogaea o‘simliklari: kimyoviy tarkibi, tasniflanishi va ular asosidagi kompozisiyalar», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/K462.
Ilmiy rahbar: Isaqov Muxammadjon Yunusovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.05.01.
Rasmiy opponentlar: Xojimatov Maxsadbek Mo‘ydinovich, kimyo fanlar doktori, dotsent; Abdug‘aniev Baxtiyorjon Yormatovich, kimyo fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mosh (Phaselous aureus), loviya (Vigna sinensis), eryong‘oq (Arachhis hypogaea)  o‘simliklarining don va poyalarini kimyoviy tarkibini aniqlash, ularning donlari uchun milliy kod raqamlarini ishlab chiqish hamda mazkur o‘simliklar qoldiq don va poyalaridan chorva hayvonlari uchun to‘yimliligi yuqori bo‘lgan universal kompozision ozuqalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mosh (Phaselous aureus), loviya (Vigna sinensis), eryong‘oq (Arachhis hypogaea) o‘simliklari namunalari tarkibidagi 40 ta makro-, mikro- hamda siyrak tarqalgan elementlar miqdori aniqlangan va ularning tuproq – poya – don tizimida miqdoriy nisbati qiyosiy asoslangan; 
ilk bor mosh (Phaselous aureus), loviya (Vigna sinensis), eryong‘oq (Arachhis hypogaea)  o‘simliklarining poya va donlari tarkibidagi uglevod, yog‘, oqsil hosil qiluvchi aminokislotalar, vitaminlar miqdori aniqlangan;
ushbu o‘simliklardan oqsillar ajratib olinib, ulardagi aminokislotalar tarkibi almashinmaydigan aminokislotalarning tabiiy manbaidan iboratligi isbotlangan;
mosh (Phaselous aureus), loviya (Vigna sinensis), eryong‘oq (Arachhis hypogaea)  o‘simliklaridagi lipidlar, to‘yingan va to‘yinmagan yog‘ kislotalarning miqdoriy ulushlari gaz xromatografiya usuli yordamida isbotlangan;
ilk bor dukkakli o‘simlik poyalari va qoldiq donlaridagi makro- va mikroelementlar hamda organik tarkib orasidagi miqdoriy ko‘rsatkichlar asosida chorva quyonlari uchun to‘yimliligi jihatidan yuqori samaradorlikka ega, universal kompozision ozuqalar ishlab chiqilgan;
mosh (Phaselous aureus) va loviya (Vigna sinensis) dukkakli o‘simliklarining donlariga TIF TN bo‘yicha yangi xalqaro tovar kod raqamlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mosh (Phaselous aureus), loviya (Vigna sinensis), eryong‘oq (Arachhis hypogaea) o‘simliklari don va poyalarining kimyoviy tarkibini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mosh donlari uchun TIF TN bo‘yicha ishlab chiqilgan 0713310001, 0713310003 va 0713310009 kod raqamlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatdagi tovarlar nomenklaturasiga kiritilib, bojxona amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2022 yil 8 noyabrdagi 16/05-22-0638-son dalolatnomasi). Natijada, eksport va import jarayonlarida mosh donlarini tasniflashni soddalashtirish, hamda boj to‘lovlarini to‘g‘ri belgilash imkonini bergan;
loviya donlari uchun TIF TN bo‘yicha ishlab chiqilgan 0713339001 va 0713339009 kod raqamlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatdagi tovarlar nomenklaturasiga kiritilib, bojxona amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2022 yil 11 noyabrdagi 16/05-22-0648-son dalolatnomasi). Natijada, loviya donlarini eksport va import qilishda undiriladigan boj to‘lovlarini to‘g‘ri belgilash imkonini bergan; 
dukkakli o‘simliklarning qismlari va ulardan tayyorlangan tovarlarni sinflash va sertifikatlash, hamda TIF TN bo‘yicha tovar kodlarini ajratishga oid tadqiqotlar natijalaridan aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (kimyo) mutaxassisligi magistrantlari uchun “Tovarlar kimyosi (amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari)” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda foydalanilgan (Nashr ruxsatnomasi, №388-314). Natijada, oliy ta’lim muassasalarida tovarlar kimyosi sohasidagi mutaxassislarining bilimlarini mustahkamlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish