Rizaev Shuhrat Xudoyberdievichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Zarafshon vohasi g‘allazorlarida tarqalgan begona o‘tlar, ularga qarshi agrotexnik va kimyoviy kurashish tadbirlarining samaradorligi», 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Qx7.
Ilmiy maslahatchi: Mo‘minov Komil Mo‘minovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: O‘razmatov Nazir, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Irnazarov Ismatulla Irnazarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ibragimov Odiljan Olimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Zarafshon vohasining sug‘oriladigan tipik va o‘tloqi bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy begona o‘tlariga qarshi kurashishda tuproqqa asosiy ishlov berish usullari, chuqurligi, gerbisidlar turi va me’yorlarini majmuada uyg‘unlashgan holda qo‘llash hisobiga kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli hosil olishni ta’minlaydigan agrotexnologiyani ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Zarafshon vohasining yuqori, o‘rta, quyi hududlaridagi tipik va o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy etishtiriladigan maydonlarda tarqalgan begona o‘tlarning oilasi, turi va zarar keltirish xususiyatlari aniqlangan;
g‘allazorlarda ko‘p uchraydigan yovvoyi suli va qo‘ytikan urug‘larini sun’iy fon asosida tuproqqa asosiy ishlov berish usullari va chuqurligiga ko‘ra tuproq qatlamlarida taqsimlanishi aniqlangan;
Zarafshon vohasi sharoitida agrotexnik va kimyoviy tadbirlarni kuzgi bug‘doy dalalaridagi begona o‘tlarga, tuproq hajm massasi, g‘ovakligi, suv o‘tkazuvchanligi hamda mikroorganizmlarga ta’siri aniqlangan va eng maqbul ishlov berish usuli, chuqurligi va gerbisid turi, me’yorlari ishlab chiqilgan;
tuproqqa ishlov berishni har yili 30-35 sm yoki birinchi yili 30-35 sm shudgorlanib, keyingi 2–3- yillarda yuza 14-16 sm da (chizellanib) ishlov berish hamda gerbisidlardan Atlantis-3,6% 250 g/ga yoki Granstar-75% DF 15 g/ga + Puma Super-7,5% 0,8 l/ga me’yorlarda birgalikda qo‘llash kuzgi bug‘doyni o‘sishi, rivojanishiga, ildiz tizimini tarqalishiga, don hosili va sifatini yuqori bo‘lishini ta’minlashi aniqlangan;
tuproqqa asosiy ishlov berish chuqurligi, gerbisid turi va me’yorlarini takroriy ekilgan makkajo‘xorining o‘sishi, rivojlanishi va yashil massasiga keyingi ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Zarafshon vohasi g‘allazorlarida tarqalgan begona o‘tlar ularga qarshi agrotexnik va kimyoviy kurashish tadbirlarining samaradorligini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
«Zarafshon vohasida kuzgi bug‘doyni begona o‘tlardan himoya qilish bo‘yicha tavsiyanoma» ishlab chiqilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 28 dekabrdagi 02/21-644-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalarni amaliyotga qo‘llash natijasida gektaridan 12,1-21,2 sentner qo‘shimcha don hosili olingan;
Zarafshon vohasining sug‘oriladigan tipik va o‘tloqi bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy etishtirishda tuproqqa ishlov berish va gerbisidlarni uyg‘unlashgan holda qo‘llash texnologiyasi (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 28 dekabrdagi 02/21-644-son ma’lumotnomasi) natijasida tuproq mikroflorasiga ta’siri ijobiy bo‘lgan va tuproq hajm massasi 0,04–0,06 g/sm3 kamaygan, g‘ovakligi 1,3–2,0 foizga ortishi ta’minlangan;
g‘alla maydonlarida begona o‘tlarga qarshi tuproqqa asosiy ishlov berishni 30-35 sm yoki birinchi yili kuzgi shudgorlashni 30-35 sm, keyingi 2-3 yilda 14–16 sm chuqurlikda chizel bilan ishlov berish hamda kimyoviy kurashda Atlantis-3,6% gerbisidini 250 g/ga yoki Granstar-75% DF gerbisidini 15 g/ga + Puma Super-7,5% ni 0,8 l/ga me’yorida birgalikda aralashtirib qo‘llash agrotexnologiyasi Samarqand va Navoiy viloyatlarining sug‘oriladigan erlaridagi fermer xo‘jaliklarida 2012–2017 yillarda jami 517,7 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 28 dekabrdagi 02/21-644-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida gektaridan 471–931 ming so‘mgacha sof foyda olinib, rentabellik darajasi 27,4–36,4 foizni tashkil etgan.