Ismailov Abduvali Abdumalikovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tayanch o‘rta ta’lim sifatini baholashning tashkil etish mexanizmini PISA xalqaro dasturi talablari asosida takomillashtirish», 13.00.07 – Ta’limda menejment (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Ped3932.
Ilmiy rahbar: Tashkenbaev Ulug‘bek Negmatovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy - tadqiqot instituti, DSc.28/30.12.2019.Ped.68.01.
Rasmiy opponentlar: Akramova Shaxnoza Abrorovna, pedagogika fanlari doktori, professor; Saydaxmedova Nodira Ilxomovna, iqtisod fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tayanch o‘rta ta’lim sifatini baholashning tashkil etish mexanizmini PISA xalqaro dasturi talablari asosida takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tayanch o‘rta ta’limda o‘qitish sifatini baholashning tashkiliy jihatlari tanlanmani reprezentativlik tamoyiliga ustuvorlik berish orqali minimal miqdordan maksimal natijalarga erishishga yo‘naltirilgan stratifikatsiyalangan tasodifiy namuna olish mexanizmini kiritish asosida takomillashtirilgan;
o‘quvchilarning o‘zlashtirish sifatini umummilliy darajada baholash mexanizmi sinov materiallari konfidensialligi, administratorlarning kompetentligi, kollaboratsiyaning maqbul yo‘lga qo‘yilganligi, sinov o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalarning aniqligi, interpretatsiyaning adekvatligi tamoyillarini bevosita hisobga olishga yo‘naltirilgan [Test va so‘rovnomalarni olib borish ssenariysi]ni kiritish orqali takomillashtirilgan;
o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash tadqiqotini tashkil etish modelining maqsadli boshqaruvga yo‘naltirilgan komponenti natijalarining validligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladigan test topshiriqlari hamda so‘rovnomalarni kiritgan holda sinov materiallarini adaptiv loyihalash mantiqiga ustuvorlik berish orqali takomillashtirilgan;
baholash natijalarining ishonchliligini ta’minlash mexanizmi nazorat va tahlil qilish jarayonlarining barqarorligini ta’minlash, respondentlarning tanlov erkinligi va mustaqilligini pedagogik qo‘llab-quvvatlash, sinaluvchilarning motivatsion va intellektual sohasiga salbiy ta’sirlarning oldini olish bo‘yicha “Kuzatuvchi effekti”ni kamaytirishga qaratilgan “Tadqiqot sifati nazorati” komponentini kiritish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tayanch o‘rta ta’lim sifatini baholashning tashkil etish mexanizmini PISA xalqaro dasturi talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha tadqiqot ishining ilmiy natijalari asosida:
tayanch o‘rta ta’limda o‘qitish sifatini baholashning tashkiliy jihatlarini tanlanmani reprezentativlik tamoyiliga ustuvorlik berish orqali minimal miqdordan maksimal natijalarga erishishga yo‘naltirilgan namuna olish mexanizmini kiritish asosida takomillashtirishga oid takliflari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining “Jahon banki bilan hamkorlikda xalqaro baholash dasturi talablari asosida “Ta’limdagi yo‘qotishlarni baholash” tadqiqotining asosiy sinov jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida” 2021 yil 10 dekabrdagi 229-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Ta’limdagi yo‘qotishlarni baholash tadqiqotini o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnoma” mazmuniga singdirilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 2 dekabrdagi 02-02/3-2848-son ma’lumotnomasi). Natijada hududlardagi ta’lim muassasalarining vakili sifatida tanlab olingan maktablarda baholash jarayonlarini tashkil etishga xizmat qilgan;
o‘quvchilarning o‘zlashtirish sifatini umummilliy darajada baholash mexanizmini sinov materiallari konfidensialligi, administratorlarning kompetentligi, kollaboratsiyaning maqbul yo‘lga qo‘yilganligi, sinov o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalarning aniqligi, interpretatsiyaning adekvatligi tamoyillarini bevosita hisobga olishga yo‘naltirilgan takliflari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 31 martdagi 15 va 19 q/q-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘quvchilarning o‘qish savodxonligini baholash xalqaro dasturining asosiy tadqiqotini tashkil etish tartibi” mazmuniga singdirilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 2 dekabrdagi 02-02/3-2848-son ma’lumotnomasi). Natijada sinov jarayonlarida administratorlarni tayyorgarlikdan o‘tkazish va ularning faoliyatini tizimli tashkil etishga xizmat qilgan;
o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash tadqiqotini tashkil etish modelining maqsadli boshqaruvga yo‘naltirilgan komponenti natijalarining validligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladigan test topshiriqlari hamda so‘rovnomalarni kiritgan holda sinov materiallarini adaptiv loyihalash mantiqiga ustuvorlik berish orqali takomillashtirishga oid takliflari o‘quvchilar bilimini baholashga mo‘ljallangan “STesting” platformasining baholash materiallari mazmuniga singdirilgan (Xalq ta’limi vazirining “O‘quvchilarni PIRLS, PISA va TIMSS xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorlash to‘g‘risida” 2021 yil 16 dekabrdagi 404-son buyrug‘i, Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 2 dekabrdagi 02-02/3-2848-son ma’lumotnomasi). Natijada umumta’lim maktablari o‘quvchilarining savodxonligini baholash uchun mo‘ljallangan sinov materiallarini adaptiv takomillashtirib borish imkoniyati yaratilgan;
baholash natijalarining ishonchliligini ta’minlash mexanizmi nazorat va tahlil qilish jarayonlarining barqarorligini ta’minlash, respondentlarning tanlov erkinligi va mustaqilligini pedagogik qo‘llab-quvvatlash, sinaluvchilarning motivatsion va intellektual sohasiga salbiy ta’sirlarning oldini olish bo‘yicha “Kuzatuvchi effekti”ni kamaytirishga qaratilgan takliflari “PISA dasturi talablari asosida o‘tkaziladigan milliy tadqiqot jarayoni kuzatuvchilari uchun yo‘riqnoma” mazmuniga singdirilgan (Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining “PISA dasturi talablari asosida o‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha milliy tadqiqot o‘tkazish to‘g‘risida” 2020 yil 30 noyabrdagi 180-son buyrug‘i, Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 2 dekabrdagi 02-02/3-2848-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash tadqiqotlari sifatini nazorat qilishda kuzatuvchilarni tayyorlash uchun me’yoriy va uslubiy asos sifatida xizmat qilgan.