Nasirillaev Baxtiyar Ubaydullaevichning

fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bombyx mori L. tut ipak qurtining mahsuldorligi va pillalarining texnologik xususiyatlarini oshirishga yo‘naltirilgan tanlashning genetika-seleksiya asoslari», 06.02.04–Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2DSc/Qx47.

Ilmiy rahbar: Umarov Shavkat Ramazanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/V.12.02.

Rasmiy opponentlar: Yakubov Axmatjon Bakievich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Suratbek Yunusovich Yusupov, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Soatov O‘tkir Rajabovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: tut ipak qurtining yetakchi texnologik belgilari bo‘yicha tanlashning kompleks usullarini ishlab chiqish hamda yuqori mahsuldor oddiy va jinsi nishonlangan tizimlar hamda sanoat duragaylarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor pillaning sifat ko‘rsatkichlarini nazorat qiluvchi yangi mutatsiyalar olishning usuli genetik jihatdan asoslangan;

seleksiyaning dastlabki bosqichi uchun fermentlarni qo‘llash orqali tirik g‘umbakli pillalarni yakka chuvish mumkinligi isbotlangan;

yetakchi texnologik belgilar bilan yaqin korrelyativ bog‘langan, aniqlanishi oson bo‘lgan morfologik belgilar – pillaning donadorligi va kompaktligi bo‘yicha naslli materialni tanlash genetik jihatdan asoslangan;

superelita va elita urug‘larini tayyorlash bosqichida ham naslli pillalarni morfologik belgilar bo‘yicha tanlash mumkinligi aniqlangan;

yuqori texnologik ko‘rsatkichlarga ega erkak jinsli kapalaklardan ko‘p marta foydalanish uslubiyati ishlab chiqilgan;

tuxum rangini belgilovchi +w2 genini saqlovchi  10-autosoma fragmentini W-xromosomga translokatsiya qilishning yangi  uslubiyati ilmiy asoslangan;

ishlab chiqilgan tanlash usullari asosida pillaning yuqori mahsuldorlik va sifat ko‘rsatkichlarga ega yangi seleksion tizimlari va ichki va tashqi ipak bozorida raqobatbardosh yangi sanoatbop duragay kombinatsiyalari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Tut ipak qurtining mahsuldorligi va pillalarning texnologik xususiyatlarini oshirishga yo‘naltirilgan tanlashning genetika-seleksiya asoslari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

tut ipak qurtining «Oltin vodiy 2», «Zarafshon», «Gulshan x Nafis», «Nafis x Gulshan» sanoat duragaylariga mualliflik guvohnomalari olingan (№426, №429, №427, №428), va respublikaning barcha viloyatlarida rayonlashtirilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2014 yil 31 dekabrdagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan). Natijada mazkur durugaylardan standart duragayga nisbatan qo‘shimcha 7-11 kg pilla hosili olishga erishilgan;

tut ipak qurtining «Oltin vodiy 1», «Oltin vodiy 2» duragaylarining 85 quti urug‘lari tayyorlanib, «Farg‘ona tut ipak qurti urug‘chilik» mas’uliyati cheklangan jamiyatida etishtirish uchun joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 30 dekabrdagi 02/35-1285-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida bir quti hisobidan pilla hosili 7 kg ga oshgan va iqtisodiy samaradorlik 70200 so‘mni tashkil etgan;

«Urganch ipak qurti tuxumi» mas’uliyati cheklangan jamiyatida «Oltin vodiy 1» va «Oltin vodiy 2» duragaylarining 45 quti ipak qurti urug‘lari tayyorlangan va joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 30 dekabrdagi 02/35-1285-son ma’lumotnomasi). Natijada 1 quti hisobidan 11 kg qo‘shimcha pilla etishtirilgan va iqtisodiy samaradorlik 110700 so‘mni tashkil etgan;

yangi duragaylar Sirdaryo va Xoram viloyatlarining «Qurama», «Eldor Gulmurodovich», «Ruzmat toyloq», «Istiqlol-1» fermer xo‘jaliklarida jami 22,5 quti urug‘ hajmda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 30 dekabrdagi 02/35-1285-son ma’lumotnomasi). Natijada bir quti qurt hisobiga pilla hosili 7,0-9,5 kg ga oshishiga erishilgan va iqtisodiy samaradorlik 90000-99000 so‘mga teng bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish