Xojiev Mexriddin Sulaymonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Nodavlat notijorat tashkilotlarida buxgalteriya hisobini takomillashtirish», 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Iqt224.
Ilmiy rahbar: Karimov Akrom Abbasovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Abdugapur Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Muqumov Zafar Avazmurotovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlarida buxgalteriya hisobini tashkil etish va uni takomillashtirishda aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Nodavlat notijorat tashkiloti” tushunchasiga yagona yondashuv asosida ilmiy taklif berildi va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ustav fondining eng kam chegara miqdori belgilangan;
nodavlat notijorat tashkilotlari uchun ilk bor hisob siyosati va uning elementlari, jumladan, ishchi schyotlar rejasi, hujjatlashtirish va hujjatlar aylanmasi, xarajatlarni guruhlash, aktivlar va majburiyatlarni baholash hamda moliyaviy hisobotga tushuntirishlar ishlab chiqilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlarida maqsadli tushumlar va tijorat faoliyatidan olingan daromadlar tizimi tasniflangan hamda buxgalteriya hisobida aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan;
moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida nodavlat notijorat tashkilotlarida aktivlar va majburiyatlar hisobini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy takliflar ishlab chiqilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlarining maqsadli dasturlari bo‘yicha xarajatlarini guruhlashtirish va ularni buxgalteriya hisobida aks ettirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan;
ilk bor nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tugatishda qolgan mulklarini taqsimlash va uni buxgalteriya hisobida aks ettirishga oid takliflar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarida buxgalteriya hisobini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
“Nodavlat notijorat tashkiloti” tushunchasini normativ-huquqiy hujjatlarda yagona yondashuv asosida ilmiy asoslangan ta’rifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturini (37-bandi) bajarilishida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining 2018 yil 29 yanvardagi 0165/18-son ma’lumotnoma). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi “nodavlat notijorat tashkiloti” tushunchasini normativ-huquqiy hujjatlarda yaxlit tusda foydalanishga huquqiy zamin yaratgan;
nodavlat notijorat tashkilotlarida hisob siyosatini tuzish va uning elementlaridan foydalanish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmasi ishlab chiqildi (2017 yil 29 sentyabrdagi 04-06/329-01-son ma’lumotnoma). Natijada nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida xususiyatlari asosida maxsus hisob siyosati shakllantirilgan va ularda maqsadli tushumlar bilan bog‘liq xo‘jalik operatsiyalari hisobi takomillashtirilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va dastlabki faoliyatni tashkil etish uchun ustav fondining eng kam chegara miqdori eng kam ish haqining 100 baravari miqdorida, jumladan, ustav fondi tarkibining kamida 1/3 qismi pul mablag‘lari ko‘rinishida, qolgan qismi o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan boshqa aktivlar bilan shakllantirish taklifi ilmiy asoslab berildi (2017 yil 10 oktyabrdagi 116-son ma’lumotnoma). Natijada nodavlat notijorat tashkilotlar davlat ruyxatidan o‘tishda undiriladigan bojlar va yig‘imlarni to‘lash hamda dastlabki faoliyat uchun zarur mol-mulklarga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun moliyaviy mustaqilligi ta’minlangan;
nodavlat notijorat tashkilotlarida maqsadli foydalanadigan soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarning analitik va sintetik hisobini takomillashtirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining (37-bandi) bajarilishida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining 2018 yil 29 yanvardagi 0165/18-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida davlat tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga asos bo‘lgan;
nodavlat notijorat tashkilotlarida 8870 – xayriya va ehson tushumlari va 8880 – ustavdagi asosiy vazifalarni bajarishda tadbirkorlik faoliyatidan olingan tushumlarni hisobga oluvchi schyotlar bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-sonli “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasini tayyorlashda o‘z aksini topgan (2017 yil 29 sentyabrdagi 04-06/329-01-son va 7 dekabrdagi 10-son ma’lumotnomalar). Natijada O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tizimidagi tashkilotlarga 17,9 mln. so‘m xayr-ehson tushumlari va 160,0 mln. so‘m qo‘shimcha tadbirkorlik faoliyatidan maqsadli tushumlar hisobga olgan bo‘lsa, O‘zbekiston nogironlar jamiyati tarkibidagi sho‘’ba korxonalar esa 1 yilda qo‘shimcha tadbirkorlik faoliyatidan 183 mln. so‘mlik maqsadli tushumlar hisobga olingan;
nodavlat notijorat tashkiloti o‘z faoliyatini tugatish jarayonida qolgan mol-mulklarini taqsimlash va uni buxgalteriya hisobida aks ettirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining (37-bandi) bajarilishida o‘z aksini topgan (2018 yil 29 yanvardagi 0165/18-son ma’lumotnoma). Natijada nodavlat notijorat tashkilotlari o‘zini o‘zi boshqaruvchi yuridik shaxsligi xususiyatlaridan kelib chiqib, ta’sischi (qatnashchi)larning yakuniy qarori bilan mulklarni taqsimlashni ham o‘zlari mustaqil hal qilishlariga imkoniyat yaratgan.