Sayt test rejimida ishlamoqda

Kanokov Zakirjonning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kvant va mezoskopik sistemalarning markov va nomarkov dinamikasi», 01.04.02–Nazariy fizika (fizika-matematika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/FM22.

Ilmiy maslahatchi: Musaxanov Mirzayusuf Mirzamaxmudovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, Astronomiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.33.01.

Rasmiy opponentlar: Djolos Rostislav Vladimirovich, fizika-matematika fanlari  doktori, professor; Abdumalikov Abdulaziz Abduvaxabovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Usmanov Pazlitdin Nuritdinovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ochiq kvant sistemalarning markov va nomarkov dinamikasini ifodalovchi formalizmni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

kvant termostat bilan to‘la bog‘langan garmonik ossillyator uchun aylanayotgan to‘lqin yaqinlashishi yondashish doirasida nochiziqli stoxastik tenglamalar sistemasi keltirib chiqarilgan va ularning analitik echimlari topilgan;

nomuvozanatli kvant sistemalar uchun vaqtga oshkora bog‘liq bo‘lgan transport koeffisientlarni aniqlashning va kvant fluktuatsiyalarni analitik hisoblashning usullari ishlab chiqilgan;

umumlashgan nomarkom stoxastik tenglamadan zichlik matrisasi uchun ekvivalent nomarkov kvant diffuziya tenglamasi va fluktuatsiya-dissipatsiya (FD)ning umumlashgan kvant bog‘lanishi keltirib chiqarilgan;

bir jinsli tashqi magnit maydondagi ikki o‘lchamli zaryadlangan kvant ossillyator uchun nostatsionar ishqalanish va diffuziya koeffisientlarining aniq ifodalari ko‘rsatilgan;

ikki o‘lchamli zaryadlangan kvant ossillyator uchun transport koeffisientlar va korrelyasiya funksiyalarining asimptotik qiymatlarini aniqlovchi ifodalar keltirilgan;

quyi harorat va katta vaqt oraliqlari uchun ossellyatorning korrelyasiya funksiyasi emirilishining darajali qonunga bo‘ysunishi bashorat qilingan;

og‘ir ionlar ishtirokida kechadigan reaksiyalarda kvant va nomarkov effektlarining muhimligi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Nomuvozanatli kvant sistemalarning markov va nomarkov dinamikasini ifodalovchi formalizm bo‘yicha ishlab chiqilgan natijalar asosida:

nomuvozanatli kvant sistemalarning nomarkov dinamikasining nazariy tahlili va kvant stoxastik tenglamalarni echish bo‘yicha ishlab chiqilgan usul Rossiyaning Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida 01-3-1029-99/20032006 raqamli «Yadroviy va mezoskopik sistemalar dinamikasi va tuzilmaning hosil bo‘lishi» (1999–2003) fundamental loyihada nazariy, eksperimental natijalarni asoslash hamda nomuvozanatli kvant sistemalarning nomarkov dinamikasini tushuntirishda qo‘llangan (Birlashgan yadro tadqiqotlari institutining 2016 yil 12 iyuldagi 300-20/15-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalarining qo‘llanishi kuchli deformatsiyalangan yadrolarning holatlarini ifodalashning yangi klaster usulini ishlab chiqish va superdeformatsiyalangan yadrolarni tadqiq qilishning yangi spektroskopik usulini bashorat qilinishiga imkon bergan;

nostatsionar transport koeffisientlarni va metastabil holatlarning emirilish kengligini aniqlash usullari 01-3-1029-99/2008 raqamli «Quyi energiyalarda yadro-yadro to‘qnashuvlari va yadrolarning xossalari» (2003–2008) grant loyihasida yadrolarning to‘la qo‘shilishi, kvaziemirilish, emirilish va qamrab olinishini tavsiflashda qo‘llangan (Birlashgan yadro tadqiqotlari institutining 2016 yil 12 iyuldagi 300-20/15-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining qo‘llanishi kuchli radioaktiv va stabil ionlar dastasi yordamida ortiqcha neytronli noyob izotoplarni olish imkonini bergan;

kvant sistemalarning nomarkov dinamikasi, metastabil holatlarning emirilishi va Kulon to‘sig‘i atrofida kechadigan og‘ir ionlar ishtirokidagi reaksiyalarning nomarkov Lanjeven formalizmi xorijiy ilmiy jurnallarda (Physics Letters A, 2009; Physical Review S, 2010; Modern Physics Letters A, 2014; Physical Review B, 2015; Physics Reports 2015; Physics Letters A, 2009; International Journal of Modern Physics B, 2015) og‘ir ionlar ishtirokidagi yadro reaksiyalari natijasida yadrolarning to‘la qo‘shilishi, kvaziemirilish, emirilish va qamrab olinishi bo‘yicha nazariy, eksperimental natijalarni asoslash hamda nomuvozanatli kvant sistemalarning nomarkov dinamikasini tushuntirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish