Nazarova Malohat Berdibaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Onadagi surunkali  toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlod jigarining morfologik holati» 14.00.02 – Morfologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Tib630.
Ilmiy rahbar: Adilbekova Dilorom Baxtierovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Oripov Firdavs Sur’atovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Raxmatova Mukaddas Xoltaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: surunkali toksik gepatit bilan kasallangan va kasalligi homiladorlikgacha bo‘lgan davrlarda medikamentoz davolangan onalardan tug‘ilgan avlod jigari postnatal morfogenezini qiyosiy baholashni takomillashtirshdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
surunkali toksik gepatit bilan xastalangan urg‘ochi kalamushlar va ulardan tug‘ilgan avlodlarning jigari qon tomir-to‘qima strukturalarining morfologik o‘zgarishlari asoslangan;
surunkali toksik gepatit bilan kasallangan urg‘ochi kalamushlar va ularning avlodlari jigaridagi morfologik o‘zgarishlarning chuqurligi, yallig‘lanish-reaktiv va distrofik buzilishlar kabi patomorfologik jarayonlarining namoyon bo‘lishi va kompensatsiyalanishi darajasiga bog‘liqligi isbotlangan;
eksperimental  surunkali toksik gepatit bilan kasallangan urg‘ochi kalamushlar va ulardan tug‘ilgan avlodlar jigarida rivojlangan patomorfologik buzilishlar negizida mikrotsirkulyator o‘zan qon tomirlaridagi tomir, tomir ichi va tomirdan tashqaridagi patologik shikastlanishlari jarayonlari asoslangan;
surunkali jigar patologiyasi bo‘lgan onalardan “salomatlikning buzilgan starti” bilan avlod tug‘ilishi, ya’ni ona jigarining surunkali toksik shikastlanishi ulardan tug‘ilgan avlodlarning jigari ante- va postnatal rivojlanishi va shakllanishi jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, avlod jigari tomir-to‘qima strukturasida yallig‘lanish-reaktiv va distrofik o‘zgarishlarga olib kelishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlod jigarining morfologik holatini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlod jigarining morfologik holatini baholashni optimallashtirish bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan «Ona organizmining surunkali zaharlanishi sharoitida tug‘ilgan avlod jigaridagi patomorfologik buzilishlarni korreksiyalash usullari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 30 sentyabrdagi 8n-z/508-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanomada surunkali toksik gepatit bilan kasallangan bemor onalarda va ulardan tug‘ilgan avlod jigarida kasallikning morfologik patogenezi natijasidagi o‘zgarishlarni, bosqichlari, tashxislash va morfofunksional o‘garishlarning baholash  orqali patsientlarning hayot sifatini yaxshilash imkonini bergan;
onadagi surunkali toksik gepatit sharoitida tug‘ilgan avlod jigarining morfologik holatini baholashni optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Xorazm viloyati patologik anatomiya byurosi va Toshkent shahridagi ko‘p tarmoqli «Invivo» shifoxonasi faoliyatida aliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 22 noyabrdagi 08-36921-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi ona jigarining morfofunksional holatini tiklash maqsadida «Livson» gepatoprotektori va vitaminlar kompleksi bilan majmuaviy davolash usulari natijalarini morfologik tahlil qilish va baholash, ulardan tug‘ilgan avlodlarida kelib chiqadigan oqibatlarini bashoratlash va oldini olish, patogenetik davolash hamda turli xil ekstragenital kasalliklari bo‘lgan fertil yoshidagi ayollarda va ular avlodlarida ichki a’zolarining kasalliklarini erta tashxislash, davolash taktikasini ishlab chiqish va takomillashtirish, sifatini yaxshilash va turli asoratlarini kamaytirish orqali bemorlarning xayot sifatini oshirish imkoni bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish