Sapaeva Feruza Davlatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Maxtumquli she’rlari o‘zbekcha tarjimalarining qiyosiy tahlili”, 10.00.06– Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil59.
Ilmiy rahbar: Quramboev Karimboy, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nukus davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor; Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Maxtumquli she’rlarining o‘zbekcha tarjimalari misolida qardosh tillardan tarjimaning ilmiy-nazariy qonuniyatlari va eng muhim tamoyillarini ochib berishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi:
Maxtumquli she’riyatining O‘zbekiston ilmiy-madaniy muhitidagi o‘zaro adabiy ta’siri, badiiy tarjima adabiyotidagi o‘rni hamda tarqalish ko‘lami aniqlangan;
tarjimonlarning so‘z qo‘llash bilan bog‘liq mahorati hamda muayyan olingan she’rlar tarjimasi asosida qayta tarjimaga xos vorisiylik, an’anaviylik tamoyillari asoslangan;
shoir she’rlari matnida kelgan diniy atama va tushunchalar tarjimasidagi xato va kamchiliklar aniqlangan hamda ularni guruhlarga ajratish tamoyillari ishlab chiqilgan;
tarjimalardagi tarixiy-arxaik so‘zlarning qo‘llanishi va asliyatga mos she’riy matn taqdim etilishiga tarjimonlarning mumtoz adabiyotni yaxshi bilishi sifatida baho berilgan;
tarjimonlarning ma’lum bir she’r strukturasi, vazni va qofiya tizimiga erkin yondashuvlari misolida qardosh tillardan qilinadigan tarjimaning ham ijodiy xarakterga ega ekani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Maxtumquli she’rlari o‘zbekcha tarjimalarining qiyosiy tahlili, qardosh tillardan tarjima masalalari tahlili jarayonida olingan natijalar asosida:
o‘zbek-turkman adabiy aloqalari, adabiy jarayon va qiyosiy tarjimashunoslikka doir ilmiy-nazariy umumlashmalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilgan F1-FA-0-43429, FA-F1, GOO2-raqamli «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish» (2012–2016) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2017 yil 26 oktyabrdagi 17.01/94-son ma’lumotnomasi). Natijada adabiy jarayon va adabiy aloqalar, individual uslub masalalarini o‘rganishda, xususan, Alisher Navoiy, Berdaq, Ajiniyoz, Maxtumquli, Abay singari o‘zbek, qoraqalpoq, turkman va qozoq mumtoz adabiyoti vakillari noyob asarlarining g‘oyaviy-badiiy, uslubiy xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy ishlarni qiyosiy-tipologik jihatdan tadqiq etishga hamda turkman va o‘zbek adabiyoti haqidagi qarashlarning boyitilishiga muhim asos bo‘lgan;
Maxtumqulining ijodiy faoliyati, asarlarining badiiy xususiyatlari, shoir tarjimalarining qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganilishi Berdaq nomidagi Milliy muzeyning ekspozision dasturlariga kiritilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2017 yil 12 dekabrdagi 05-04/10-12/1183-son ma’lumotnomasi). Natijada turkiy xalqlar adabiyoti va tarjimashunosligi bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazmalarni ilmiy-amaliy jihatdan boyitishda muhim manba vazifasini o‘tagan;
tarjimashunoslik va tarjimon mahorati bo‘yicha olingan ilmiy-nazariy va ilmiy-uslubiy tavsiyalar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti turkman filologiyasi 5120118–Filologiya va tillarni o‘qitish (turkman tili) ta’lim yo‘nalishida foydalanilmoqda (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 9 dekabrdagi 89-03-3214-son ma’lumotnomasi). Natijada bo‘lajak pedagoglarni tarjimashunoslik va maxtumqulishunoslik sohalari bo‘yicha tayyorgarliklari samaradorligini oshirish imkonini bergan;
shoir faoliyati, adabiyotshunos va tarjimashunos olimlarning Maxtumquli ijodi bilan bog‘liq tadqiqot ishlari, undagi ilmiy-nazariy, ilmiy-adabiy, ma’rifiy-axloqiy qarashlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Teleradiokompaniyasining millatlararo totuvlikka doir «Adabiyot va davr», «So‘nmas yulduzlar», «Adabiy portret», «Yoshlar uchun», «Meros» va «Assalomu alaykum, Qoraqalpog‘iston», «Tarixiy shaxslar», «Xalq durdonasidan» singari teleko‘rsatuv va eshittirishlarda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Teleradiokompaniyasining 2017 yil 24 noyabrdagi 01-02/491-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot manbalari aholiga, o‘quvchi yoshlarga, talabalarga, olimlarga va badiiy adabiyotga qiziquvchi keng ommaga targ‘ib etilib, madaniy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar tomoshabopli ta’minlangan.