Ismoilov Ilyos Abdukayumovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostoni genezisi va poetikasi», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Fil351.
Ilmiy maslahatchi: Sirojiddinov Shuxrat Samariddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor; Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor; Eshonqulov Husniddin Primovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi «Saddi Iskandariy» dostoni genezisi va poetikasini o‘zaro aloqadorlikda shoir ijodining qadimiy ildizlari, manbalarini belgilash, g‘oya va talqinlar transformatsiyasini aniqlash hamda Navoiyning mavzu va an’ana adabiy takomiliga qo‘shgan hissasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Iskandar mavzusining qadimiy ildizlari va asoslari, ularning Sharqdagi resepsiyasi, diniy-tarixiy manbalarda qayta ishlanish jarayoni ochib berilib, manbalarda Aleksandr va Zulqarnayn an’analari, talqinlari yanglish tarzda qo‘shib yuborilgani asoslangan;
Iskandar qissasining xamsanavislik an’anasiga transformatsiyasi, har bir muallifning mavjud an’anaga qo‘shgan yangiligi Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy iskandarnomalariga oid ishonchli faktlar bilan dalillangan;
«Saddi Iskandariy» dostoni genezisi obraz, syujet, kompozisiya, epizod, motiv, talqinlar kesimida G‘arbu Sharqdagi eng ishonchli va ilk manbalar asosida tekshirilib, Navoiy tasvirlarining asl manzaralari va shoir ulardan qay tarzda, qanday adabiy-estetik maqsadlarda foydalangani va mavjud holatni takomillashtirgani ko‘rsatib berilgan;
«Saddi Iskandariy» poetikasi masalasi mavzu tarixidagi diniy, tarixiy va adabiy talqinlarning Navoiy ijodiga transformatsiyasi va qayta badiiy talqin etilishini ochib berish, doston sarlavhalari poetikasi, hikoyatlarda adib ijodiy individualligining namoyon bo‘lishi, an’anaviy adabiy materialni qayta ishlash mahorati, tasvir uslubiga xos ayrim yetakchi xususiyatlari asosida aniqlangan;
mavzu tarixida «Saddi Iskandariy» dostonining munosib o‘rni, Navoiyning ijodiy tashabbuslari va originalligi, iskandarnoma yozish an’anasini takomillashtirgani va yangi versiyaga asos solgani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqotda ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya va ishlanmalar asosida:
«Saddi Iskandariy» dostoni genezisi va poetikasiga oid yangi ma’lumotlar, Navoiy ijodiy laboratoriyasiga xos xususiyatlar borasidagi qarashlar, an’anaviy mavzuning Navoiy tomonidan qayta ishlanishiga doir yangi talqinlar va Iskandar haqida asar yozish an’anasi tarixida «Saddi Iskandariy» dostonining o‘rni va Navoiy kiritgan yangiliklar bilan aloqador ilmiy-nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan «OT-F1-030 raqamli «O‘zbek adabiyoti tarixi» ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish» (2017-2020 yy.) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 13 sentyabrdagi 04/1-2550-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha «Saddi Iskandariy» dostoni genezisi va poetikasi, an’ana va novatorlik hodisalariga doir yangi ilmiy qarashlar, nazariy ma’lumotlar va yangi manbalar bilan boyitilgan;
Iskandar mavzusining Alisher Navoiy lirikasida namoyon bo‘lishiga xos qonuniyatlar, shoir g‘azaliyotida uchrovchi Iskandar, Xizr, Ya’juj-Ma’juj obrazlari, zulmat, obi hayot va Iskandar oinasi motivlariga oid tasvirlar mohiyati, mazkur talmehlarning xilma-xil adabiy-irfoniy talqinlariga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilgan «PZ-20170930393 raqamli «Alisher Navoiyning «G‘aroyib us-sig‘ar» devonidagi g‘azallarning o‘zbek va ingliz tillarida ilmiy izoh va sharhlarini yaratish» (2018-2020 yy.) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 13 sentyabrdagi 04/1-2551-son ma’lumotnomasi). Natijada Alisher Navoiyning g‘azalnavislik mahorati, an’anaviy mavzu va detal-obrazlardan yangicha badiiy kashfiyotlar yaratishda foydalanishi, ulug‘ shoir poetik tafakkurining ijodiy originallik hodisasi bilan bog‘liq jihatlarini aniqlashga doir ilmiy-nazariy xulosalar ishlab chiqishga xizmat qilgan;
Alisher Navoiy «Saddi Iskandariy» dostonini yozishda tayangan turkiy manbalar, iskandarnomalarning turkiy tarmog‘i, Iskandar mavzusining asoslari aks etgan va Navoiy davriga qadar yaratilgan turkiy yozma manbalar, jumladan, «Devonu lug‘atit turk», «Qutadg‘u bilig», «Qisasi Rabg‘uziy», Lutfiy, Atoyi devonlariga oid ilmiy-nazariy tahlillar, ma’lumotlardan, Navoiy adabiy-estetik talqin bobida turkiy tafakkur mahsuliga jiddiy e’tibor qaratgani to‘g‘risidagi xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan PZ-20170927147 raqamli «Qadimgi davrlardan XIV asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi» (2018-2020 yy.) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 24 sentyabrdagi 04/1-2665-son ma’lumotnomasi). Natijada qadimgi turkiy manbalarda Iskandar mavzusining aks etishi, turkiy manbalarga tarixiy hodisalar va boshqa tildagi manbalarning ta’siri, iskandarnomalarning turkiy tarmog‘i, turkiy yozma manbalarning turkiy tafakkurni, xususan, Navoiy dunyoqarashini shakllantirishdagi o‘rni masalalarini kengroq yoritishga hamda bu borada muhim xulosalar bayon qilishga erishilgan;
Alisher Navoiy «Saddi Iskandariy» dostonini yozishda suyangan manbalar, Iskandar haqida doston yaratish va xamsanavislik an’analariga Navoiy olib kirgan o‘n sakkiz hikoyat, bosh qahramon tarixi va poetika masalalari – kompozisiya, obraz, syujet yaratish mahorati, muallif ko‘zlagan falsafiy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy maqsadlar haqidagi fikr-mulohazalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan «Javohir» turkum ko‘rsatuvi ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 4 martdagi 06-31-540-son ma’lumotnomasi). Natijada taqdim etilgan yangi ilmiy xulosalar, xamsanavislik an’anasi tarixi hamda «Saddi Iskandariy» dostoni genezisi va poetikasiga doir nazariy mulohazalar, avvalo, teleko‘rsatuv sifatining ortishiga, tomoshabinlarning Alisher Navoiy ijodini yanada teran idrok etishiga, yosh avlodda milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirish hamda ularni adabiy merosni o‘rganish uchun ruhlantirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalida efirga uzatiladigan «Birgalikda o‘qiymiz» teleloyihasida dissertatsiyada aks etgan Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostoni manbalari, asarning xamsanavislik doirasida yaratilgan iskandarnomalarga nisbatan originalligi, Iskandar obraziga oid mavjud talqinlarni yangilash zarurati va asoslari, Navoiyning badiiy mahorati, Navoiyning xamsanavislik an’anasiga qo‘shgan hissasi haqidagi xulosalar va tahliliy materiallardan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 16 martdagi 01-02-03/59-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi dalil, fikr-mulohaza va nazariy xulosalar teleko‘rsatuvlarning sifati ortishiga, tomoshabinlarning Alisher Navoiy ijodiga bo‘lgan qiziqishi kuchayishiga, xamsanavislik ana’anasi tarixi hamda «Saddi Iskandariy» dostoni badiiyatini chuqurroq idrok etishga xizmat qilgan.