Xamroeva Gulnoz Usmonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shuvoq-barra o‘tli Qarnabcho‘l iqlim sharoitida ko‘p yillik olabuta (Atriplex sp.) turlarini madaniylashtirishning agrotexnik asoslari», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx40.
Ilmiy rahbar: Xamdamov Iskandar Xamdamovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, PhD.27.06.2017.Qx.12.01.
Rasmiy opponentlar: Botirov Xidir Fayzievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ubaydullaev Shavkat Rashidovich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qarnabcho‘l yaylovlari mahsuldorligini oshirishda Suriya va Birlashgan Arab Amirligi davlatlaridan olib kelingan ko‘p yillik olabuta turlari (Atriplex canescens va A.undulata)ni madaniylashtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qarnabcho‘l tuproq-iqlim sharoitida arab mamlakatlaridan olib kelingan ko‘p yillik olabuta turlari – Atriplex canescens va A.undulata o‘simliklarining o‘sishi, rivojlanishi, yashovchanligi, hosildorligi, eyiluvchanligi va ozuqaboplik xususiyatlari aniqlangan;
ko‘p yillik olbutaning Atriplex undulata turiga mansub «Yagona» navi yaratilgan;
Atriplex canescens va A.undulata turlari urug‘larining laboratoriya va dala unuvchanligi, ularni sovuq stratifikatsiyalash orqali unuvchanligini keskin oshirishi hamda urug‘larning hayotchanligi aniqlangan;
o‘simliklar ildiz tizimining shakllanishi, Atriplex undulata o‘simligining transpiratsiya intensivligi, to‘qimalardagi suv miqdori, suv tanqisligi mahalliy fitomeliorant hisoblangan izen (Kochia prostrata (L.) Schrad) bilan qiyosiy baholangan;
Atriplex canescens va Atriplex undulata o‘simliklarini Qarnabcho‘l sharoitida madaniylashtirishning agrotexnik tadbirlari (ekish muddati, me’yori va chuqurligi) ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shuvoq-barra o‘tli Qarnabcho‘l sharoitida ko‘p yillik olabuta turlarini madaniylashtirishning agrotexnik tadbirlarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
qorako‘lchilik fermer xo‘jaliklari uchun «Shuvoq-efemerli Qarnabcho‘l tuproq-iqlim sharoitida ko‘p yillik Atriplex undulata o‘simligini etishtirishga oid agrotexnik tavsiyalar» ishlab chiqilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 12 iyundagi 6-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida yaylovlar hosildorligi gektariga 15-25 sentnerga oshishiga erishilgan;
ko‘p yillik olabutaning Atriplex undulata turiga mansub «Yagona» navi yaratilib, qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasiga topshirilgan (Davlat nav sinash komissiyasining 2017 yil 21 avgustdagi 53/4-369-son ma’lumotnomasi). Bugungi kunda ushbu navning birlamchi urug‘chilik maydonlari barpo etilgan;
yaylovlar hosildorligini oshirish maqsadida ko‘p yillik olabutaning A.undulata turi Samarqand viloyatida 4 gektar, Jizzax viloyatida 4 gektar, Buxoro viloyatida 4 gektar, jami 12 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 27 noyabrdagi 02/12-613-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida yaylovlar hosildorligi tabiiy yaylovlarga nisbatan 4-5 barobarga (35,4 s/ga) oshganligi aniqlangan.