Mamarasulova Dilfuzaxon Zakirjanovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tuxumdon saratonini erta tashxislash va davolashning molekulyar-genetik va gormonal jihatlari», 14.00.14–Onkologiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tib87.

Ilmiy maslahatchi: Yuldasheva Nargiza Shavkatovna, tibbiyot fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.

Rasmiy opponentlar: Svyatova Gul`nara Salavatovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Mamadalieva Yashnar Mamasalievna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Polatova Djamila Shagayratovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: «1-klinik onkologiya dispanseri» davlat byudjet sog‘liqni saqlash muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: tuxumdon saratoni turli shakllari bilan bemorlarda irsiy omillar (BRCA1, 2), shuningdek, gormonal, immunologik va ruhiy-emotsional statuslarni kompleks baholash asosida erta tashxislash va davolash algoritmini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor sog‘lom individlar va TS turli fenotipik variantlari bilan kasallangan ayollar o‘rtasida BRCA1, BRCA2 (4153delA, 5382insC, Cys61Gly, 2080delA, 3819delGTAAA) polimorf genlarining genotiplari va allellari uchrash chastotasi tahlili natijasida o‘zbek populyasiyasida TS rivojlanishi xavf omillarining genetik markerlari aniqlangan;

ilk bor TS bo‘lgan ayollar va ularning TS bo‘lmagan yaqin qarindosh ayollarida BRCA salbiy genotipi uchragan holda kompleks gormonal profili keltirilgan;

gormonal, immunoregulyator va onkologik markerlar sifatli va miqdoriy xususiyatlari, ularni TS dagi patogenetik va regulyator informativligi aniqlangan;

tuxumdon saratoni bilan bemorlarda immun statusning T-hujayrali zvenosi miqdoriy ko‘rsatkichlarining xususiyatlari o‘rganilgan va onkologik jarayon jadallashib borishining T-xelperlar sonining kamayishi va T-supressorlar nisbiy miqdorining ko‘payishiga ta’sir qilishi isbotlangan;

Lyusher, Gamil`ton va Spilberg usullari yordamida sog‘lom va bemor ayollarning psixosomatik profilining qiyosiy tahlili o‘tkazilgan;

tashxisni erta verifikatsiya qilish va diagnostik chora-tadbirlar ketma-ketligini optimallashtirish imkonini beruvchi, kasallik patogenezining eng muhim tomonlarini ochib berish nuqtai nazaridan tuxumdon saratonini tekshirish, davolash va uning profilaktika bosqichlari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Tuxumdon saratonini erta diagnostikasi va davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalariga asosida:

«Tuxumdon saratoni tashxisotida BRCA 1,2 genetik mutatsiyalarining ahamiyati» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2014 yil 2 fevraldagi 8 N-d/25-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar tuxumdon saratoni erta tashxisotini 65% dan 78% gacha ko‘tarish imkonini bergan;

tuxumdon saratoni erta tashxisotida ROMA ko‘rsatkichlarini hisoblab, BRCA1 BRCA2 genetik mutatsiyalari va o‘sma markerlari verifikatsiyasini hisobga olgan holda molekulyar-genetik va gormonal jihatlarni modellash metodologiyasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2014 yil 2 fevraldagi 8 N-d/25-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan dastur tuxumdon saratonida gormonal, immunoregulyator va onkologik markerlar sifatiy va miqdoriy xususiyatlarini belgilash va tashxisot sifatini 18,5% ga yaxshilash imkonini bergan;

yuqori dozali ximioterapiyani qo‘llashga yondashuv va tuxumdon, bachadon bo‘yinchasi va vul`vaning mahalliy tarqoq shakllarida ad’yuvant va noad’yuvant xronoximioterapiyasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2014 yil 2 fevraldagi 8 N-d/25-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan usullar tuxumdon saratoni bilan bemorlar diagnostikasi va davolashning bevosita natijalarini yaxshilash imkonini bergan;

tuxumdon saratonini erta tashxislash va davolashning molekulyar-genetik va gormonal jihatlari bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya ishining olingan ilmiy natijalari sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari onkologiya dispanserlari amaliy faoliyatiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2014 yil 2 fevraldagi 8 N-d/25-son ma’lumotnomasi). TS kasalligiga tashxis va keng qamrovli davolash kompleks yondashuvini qo‘llash natijasida bevosita va uzoq muddatli natijalarni yaxshilash va parvarishlar sifatining ijobiy ko‘rsatkichini 50,9% dan 73,9% gacha oshirish, shuningdek, olingan tekshiruv natijalari tashxislash va davolash sifatini oshirish, davolash taktikasini optimallashtirish, o‘smaning qaytalanish va metastazlanish chastotasini kamaytirish, o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish va hayot davomiyligini uzaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish