Pardaeva Nigora Qo‘ysinboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Anbar Otin asarlarida muallif ijodiy niyati va badiiy-estetik idealining poetik ifodasi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1423.
Ilmiy rahbar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Quvvatova Dilrabo Habibovna, filologiya fanlari doktori, professor; Qobilova Zeboxon Bakirovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Anbar Otin asarlarida muallif ijodiy niyati va badiiy-estetik idealining poetik ifodasini ilmiy-nazariy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Anbar Otin asarlarining asliyat manbalari asosida ilm ahliga ma’lum bo‘lmay kelayotgan 5 ta g‘azal (1 tasi mushoara shaklida), 1 ta ruboiy, 1 ta fard janrlariga oid jami 80 misra she’ri aniqlanib, ilmiy muomalaga olib kirilgan hamda shoira asarlarining joriy nashrlari asliyat bilan qiyosiy tekshirilib, ularning o‘zaro tafovutlari aniqlangan;
ijodiy niyat voqelikni idrok etish, tasvirlash yo‘sini sifatida muallif ruhiyati, kechinmalari, orzu-niyatlari bilan bog‘liq ekani, badiiy asarning asosiy yo‘nalishi va xarakterini ham, yetakchi obraz va timsollarini ham belgilab berishi shoira lirikasidagi Vatan, millat va ayol obrazlari tasviri misolida asoslangan;
shoira  badiiy-estetik ideali mohiyati yurtni istibdod iskanjasidan ozod, ayolni erkin va hur, millatni dunyoning mutaraqqiy xalqlari qatorida ko‘rish bilan bog‘liq ekani aniqlanib, uning takomilida, birinchidan, ijtimoiy-siyosiy voqelik, ikkinchidan, sof  estetik  qarashlar ta’siri  va uchinchidan,  ijodkor mezonining o‘rni poetik omil vazifasini o‘tagani dalillangan;
“Qarolar falsafasi”da shoira ijodiy niyati va estetik ideali mukammal suratda aks etgani, asar sarlavhasi, adibaning ijtimoiy voqelikka munosabati, mustamlaka zulmati, jamiyatda hukm surgan zulm va adovat tasviri, o‘zi yashagan davrda ayolning murakkab taqdiri, xotin-qizlarning Vatan va millat taraqqiyotda tutgan o‘rni, turli millat vakillarining turmush tarziga doir falsafiy qarashlar poetik ifodasi adiba estetik konsepsiyasi asosini tashkil qilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Anbar Otin asarlarida muallif ijodiy niyati va badiiy-estetik idealining poetik ifodasi tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Anbar Otin she’riyatida poetik obraz, xususan, Vatan, millat va ayol obrazlari tasvirida muallif ijodiy niyatining o‘rni, poetik mazmun ifodasida ijodiy niyat va badiiy-estetik ideal uyg‘unligiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan  OT-FI-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining  2022 yil 5 iyuldagi 04/1-2228-son ma’lumotnomasi). Natijada Anbar Otin lirikasida badiiy-estetik ideal voqelanishida ijodiy niyatning o‘rniga doir fikrlar adabiyotshunoslikdagi mavjud qarashlarni boyitgan;
Anbar Otin badiiy-estetik ideal talqinida Alisher Navoiy an’analaridan foydalanish barobarida ijodiy individuallikka erishgani hamda shoira ijodiy niyati ifodasida shaxs kamoloti, Vatan va millat ozodligi bilan bog‘liq qarashlari talqinida buyuk salafi ijodiy tajribalari adabiy-estetik asos vazifasini bajarganiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan “PZ-20170926459 raqamli  “Navoiyshunoslik tarixi” (XX-XXI asrlar)” (2018-2020) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining  2022 yil 5 iyuldagi 04/1-2236-son ma’lumotnomasi). Natijada Anbar Otin lirikasida poetik obraz va mazmun ifodasida Alisher Navoiy san’atxonasidan saboq olinganiga doir fikrlar adabiyotshunoslikka yangi nazariy xulosalarni olib kirish imkonini bergan;
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Qo‘qon adabiy muhitida Anbar Otinning tutgan o‘rni, shoira ijodining jamiyat ma’naviyati yuksalishidagi ahamiyati bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanilining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 02-40/950 son ma’lumotnomasi). Natijada, Anbar Otin va ayol ijodkorlar asarlarining adabiyotimiz rivojidagi ahamiyatini keng targ‘ib qilishga erishilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish