Zohidov Rashid Fozilovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sabotul ojizin” asarining manbalari, sharhlari va ilmiy-tanqidiy matinini komplek o‘rganish muammolari”, 10.00.10–Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Ilmiy maslahatchi: Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.Fil51.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor; To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
II. Tadqiqotning maqsadi: So‘fi Olloyor tarjimai holiga oid manbalar, adabiy merosi, xususan, «Sabotul ojizin» asarining ilmiy-badiiy qiymati va germenevtikasini kompleks tahlil etish orqali uning ishonchli ilmiy-tanqidiy matnini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
So‘fi Olloyor biografiyasiga oid manbalarning “Tuhfatul ahbob” tazkirasidagi ma’lumotlarga qiyosan olingan ishonchlilik nisbati aniqlangan;
«Sabotul ojizin» asarining uch asrlik o‘rganilish tarixida miqdor va sifat ko‘rsatkichining o‘zaro nisbati xronologik tizimda ochib berilgan;
“Tuhfatut tolibin” So‘fi Olloyor asari emas, balki “Murodul orifin”da keltirilgan baytlarining sharhi va muallifi Abdulqayyum ibn Abdulkarim Husayniy ekani asoslangan;
«Sabotul ojizin» nashrlarining Sharqiy Evropadan Markaziy Osiyogacha tarqalgan shartli geografik hududi aniqlangan;
«Sabotul ojizin» germenevtikasining tafsir, hadis, sharh ilmi an’analariga bog‘liq tarixiy ildizlari ochib berilgan;
«Sabotul ojizin» baytlari Qur’onning betakror fasohati va balog‘ati zavqida shakllangani, badiiyati i’joz maqomiga ko‘tarilgani nazariy asoslangan;
«Sabotul ojizin»ning ishonchli matni yetakchi qo‘lyozmadan mexanik ravishda nusxa ko‘chirish yo‘li bilan emas, balki mantiqiy dalillash orqali yuzaga chiqishi isbotlangan;
«Sabotul ojizin»ga tuzilgan to‘la ilmiy ko‘rsatkichning konstruktiv mustahkamligi va tarkibiy jihatdan boyligi tanqidiy matnning aniqligini ta’minlovchi bosh omil ekani ochib berilgan;
to‘la ilmiy ko‘rsatkich va mingdan ortiq so‘zlik lug‘at bilan ta’minlangan ilmiy-tanqidiy matn yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
So‘fi Olloyor tarjimai holi va ilmiy-adabiy merosini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
So‘fi Olloyor biogorafiyasini tarixiy asosda ilmiy tadqiq etish, qadim qo‘lyozma manbalarni ilmiy-tanqidiy matn asosida nashrga tayyorlash, “Sabotul ojizin»ning ilmiy-adabiy manba sifatidagi tutgan o‘rnini belgilash bilan bog‘liq xulosalardan O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi (Toshkent: «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, 2004. 202, 338, 339, 341, 522-betlar)ni tayyorlash jarayonida nazariy asos sifatida foydalanilgan («O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyotining 2018 yil 19 yanvardagi 01–09-son ma’lumotnomasi). Natijada So‘fi Olloyor tarjimai holi, adabiy merosiga oid ma’lumotlar bo‘yicha muayyan xulosalarga kelingan va manbashunoslik, matnshunoslik tushunchalari bilan bog‘liq izohlar boyitilgan;
So‘fi Olloyor tarjimai holi manbalarining ishonchlilik nisbatini belgilash tizimlari, «Sabotul ojizin» asari germenevtikasini qiyosiy-xronologik aspektda o‘rganish va ishonchli ilmiy-tanqidiy matnni tiklash bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan 8F-151 raqamli «Adabiyot ensiklopediyasi» fundamental loyihasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qo‘mitasining 2017 yil 18 yanvardagi FTK-03-13/62-son ma’lumotnomasi). So‘fi Olloyor biografiyasi va adabiy merosi tadqiqi natijalari asosida «Adabiyot ensiklopediyasi»ning «So‘fi Olloyor» maqolasidagi ma’lumot va izohlar mukammalashtirilgan;
sharh ilmining manbaviy asoslari, tekshirish usullari, ilmiy tamoyillari bilan bog‘liq nazariy qarashlardan 8F-151 raqamli «Adabiyot ensiklopediyasi» fundamental loyihasi doirasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qo‘mitasining 2017 yil 18 yanvardagi FTK-03-13/62-son ma’lumotnomasi). Natijada «Adabiyot ensiklopediyasi» fundamental loyihasining 3-jildidagi mavzuga oid materiallar «Sabotul ojizin»ning har uchala sharhi tadqiqi misolida boyitilgan;
tadqiqotning matnshunoslikda qo‘lyozma va toshbosma nusxalarning mushtarak hamda farqli jihatlarini aniqlash tamoyillari, asliyat va tabdil muammolari, adabiy manba nashrida lug‘at va ilmiy ko‘rsatkichlarni tuzish qoidalari bilan bog‘liq ma’lumotlar va ilmiy xulosalaridan F1-FA-055746 raqamli «Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini ilmiy tavsifi va nashr qilish» fundamental loyihasi doirasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qo‘mitasining 2017 yil 18 yanvardagi FTK-03-13/62-son ma’lumot-nomasi). Natijada ko‘p nusxali matn tarixini o‘rganish bo‘yicha taqdim etilgan jadval, chizma, diagrammalar muzeyning qo‘lyozma manbalarga oid qismini materiallar bilan ta’minlashga hamda «XVI–XVII asrlar o‘zbek adabiyotining tadrijiy takomili» bo‘limini illyustrativ misollar bilan boyitishga xizmat qilgan;
majoz, tajnis singari badiiy san’atlar bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan «Adabiyotshunoslik lug‘ati» (Toshkent: 2010. 159, 162, 268, 301, 302-betlar)ni tayyorlashda foydalanilgan («Akademnashr» nashriyotining 2018 yil 17 yanvardagi 28/11/02-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy san’atlarga berilgan izohlar mukammallashgan, lug‘atning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «Nafis majlislar» ko‘rsatuvida «Sabotul ojizin»ning ommalashishida muhim o‘rin tutgan poetik omil – tajnis san’ati bilan bog‘liq namunalardan, «Odoblar xazinasi» ko‘rsatuvida So‘fi Olloyorning insoniy komillikni targ‘ib etuvchi baytlar sharhidan, «Xamsaxonlik» va «Bir bayt sharhi» ko‘rsatuvlarida Navoiy va So‘fi Olloyorning axloqiy qarashlaridagi tutash nuqtalarni ko‘rsatuvchi hikoyatlardan, tadqiqotning asar voqeligidan, muallifning bosh konsepsiyasidan uzilib qolmasligi bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining 2017 yil 15 yanvardagi 01-16/20-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan, ko‘rsatuv matnining ilmiy-manbaviy saviyasi boyigan.