Yusupova Biybisanem Turdibaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Qoraqalpoq tilidagi frazeologizmlarning fonostilistik tahlili», 10.00.03 – Qoraqalpoq tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Fil357.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Abdinazimov Shamshetdin Najimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nukus davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.02/25.08.2021.Fil.137.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Najimov Perdebay Aymanovich, filologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Eskeeva Mag‘ripa Qaynarbay qizi, filologiya fanlari doktori, professor; Qudaybergenov Mambetkerim Sarsenbaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qoraqalpoq tili frazeologiyasining fonetik tizimini tovush takrori va uning turlari negizida ochib berish, evfonik frazeologizmlarning fonetik, leksik-tematik, struktur, uslubiy xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qoraqalpoq tili frazeologiyasining fonetik tizimi frazeologizm tarkibidagi fonetik takrorlar asosida dalillanib, tilshunoslikda shakllangan ilmiy-nazariy fikrlar negizida fonostilistika sohasi va frazeologizmlarni fonostilistik yo‘nalishda nazariy asoslari ishlab chiqilgan;
assonans va alliteratsiya usulining frazeologizmning paydo bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etishi, har bir unli va undosh tovushning frazeologizm tarkibidagi so‘z boshida takrorlanishi hamda fonetik badiiylik yaratish imkoniyatlari ochib berilib, ular orqali frazeologizmda paydo bo‘ladigan evfonik jihatlar dalillangan;
tovush takrorlari frazeologizmdagi sinonimiya va variantlilik hodisasi, milliy xarakterdagi, somatik hamda emotiv frazeologizmlar asosida dalillanib, frazeologizmdagi nekrotizmlar orqali ular shakllanishining juda qadimgi davrlarga xosligi aniqlangan hamda tovush takrorlarining qaytalanishi, joylashish strukturasi asoslangan;
frazeologik transformatsiya va frazeologizmlarning uslubiy vazifalari prozaik, poetik hamda dramatik asarlar tili negizida fonostilistik yo‘nalishda ochib berilgan;
evfonik frazeologizmlarning xarakter, peyzaj, portret yaratishdagi vazifalariga, emotsional-ekspressivlik, obrazlilik hosil qilishdagi yuksak badiiy imkoniyatlariga baho berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpoq tilidagi frazeologizmlarning fonostilistik yo‘nalishdagi tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:
qoraqalpoq tili frazeologiyasining tovush tizimiga xos xususiyatlari, assonans, alliteratsiya usuli va ularning frazeologizm shakllanishidagi ahamiyati, har bir unli va undosh tovushning frazeologizm tarkibida so‘z boshida takrorlanishi hamda fonetik badiiyligini yaratish imkoniyatlarini aniqlash, shu orqali yuzaga keladigan musiqiylik, tovush garmoniyasi, evfonik va obrazlilik, badiiylik xususiyatlari haqidagi nazariy xulosalardan T.N.Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialida 2017-2020-yillarda bajarilgan F3-2016-0908165532 «Qoraqalpoq tilining yangi alifbosi va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi» mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (T.N.Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2022 yil 6 apreldegi 85-son ma’lumotnomasi). Natijada ona tilining eng kichik elementi – tovush tizimidan boshlab o‘rgatishda, qoraqalpoq tilining frazeologiyasini fonostilistik aspektda yangicha tahlil qilish metodikasi yaratilgan;
tovush takrori frazeologizmda sinonimiya va variantlilik hodisalari orqali, milliy xarakterdagi, somatik hamda emotiv frazeologizmlar, frazeologizm tovush takrori strukturasi, shuningdek nekrotizmlarning evfonik frazeologizm shakllanish qonuniyatlarini aniqlash bilan bog‘liq nazariy xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2012-2016 yillari bajarilgan FA-F1-G003 «Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 25 martdagi 106/1-son ma’lumotnomasi). Natijada tilning frazeologik fondidagi alohida guruh sifatida tovush takroriga asoslangan evfonik frazeologizmlarning xususiyatlarini o‘rganishda ahamiyatli manba sifatida yordam bergan;
qoraqalpoq tili frazeologiyasining fonetik xususiyatlarga ega ekanligi, uning obrazlilik, emotsional-ekspressiv bo‘yoqdorlik bilan bog‘liq hodisa ekanligi, badiiy asar tilidagi evfonik frazeologizmlar va transformatsiya jarayoni bo‘yicha xulosalardan Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining «Tilga e’tibor – elga e’tibor», «Gavhar so‘zlar», «Yozuvchi va zamon» ko‘rsatuv va radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Teleradiokompaniyasining 2022 yil 10 martdagi 05-22/42-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq badiiy so‘z san’atining, turg‘un so‘z birikmalarining eng ko‘p qo‘llaniladigan, obrazli, ta’sirchan namunasi ekanligi, frazeologizm tabiatiga xos tovush badiiyati, evfonik imkoniyatlaridan badiiy asar tilida foydalanishda ijodkorning unga kiritgan ijodiy-uslubiy o‘zgarishlari bo‘yicha ko‘rsatuv va eshittirishlarning mazmuni yangi ilmiy manbalar bilan boyitilgan hamda ularning saviyasi oshishiga xizmat qilgan;
qoraqalpoq tilida tovush takroriga asoslangan frazeologizmlar va ularni fonostilistik tahlil qilishga oid ilmiy-nazariy qarashlar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyida qoraqalpoq tili fonostilistikasi shakllanishi va rivojlanishi taraqqiyotini ochib berish, asosan, qoraqalpoq tili frazeologiyasining tovush tizimini ilmiy jihatdan ӯrganishning ahamiyatini asoslash maqsadida tashkil etilgan konferensiya va badiiy ko‘rgazmalarda targ‘ib etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyining 2022 yil 13 apreldagi 50-son ma’lumotnomasi). Natijada muzeyning qoraqalpoq adabiyoti tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarga tayyorlangan ekskursiya matnlari qoraqalpoq tilshunosligida yangi fonostilistika sohasi va frazeologizmlarni yangicha talqin qilish usullari haqida mavzuga oid ma’lumotlar bilan boyitilishiga xizmat qilgan.