Bobojonov Boboxon Po‘latovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Davlat xaridlari sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik (jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari)», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Yu494.
Ilmiy rahbar: O‘razaliev Murodbek Qoraevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor; Toshpo‘latov Akrom Ikromovich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga moliq.
II. Tadqiqotning maqsadi davlat xaridlari sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlikni takomillashtirish, ushbu jinoyatlarning sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat xaridlarini amalga oshirishda kontragentlarni tekshirish metodologiyasida kontragentning huquq layoqatini, uning moliyaviy barqarorligini, ishonchliligini, muqaddam korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etgan yoki etmaganligini, insofsiz ijrochilarning yagona reestrida qayd etilgan yoki etilmaganligi tekshirilishi zarurligi asoslangan;
bank tizimi orqali xaridlarni amalga oshirishda tanlov va tender komissiyasining raisi va a’zolari, ishchi guruh a’zolari ma’lumotlarning oshkor qilinmasligi, tanlov qatnashchilari, tanlov komissiyasining qolgan a’zolari va taklif qilingan ekspertlar bilan til biriktirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligi asoslangan;
davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsipi davlat buyurtmachilari axborotning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashlari, bu borada ichki monitoring va nazorat o‘tkazishning samarali tizimi yaratilishi lozimligi asoslangan;
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash lozimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Davlat xaridlari sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik belgilash va uning oldini olish masalalarini tadqiq etishning ilmiy natijalari asosida:
kontragentlarni tekshirish metodi (uslubi) kontragentning huquq layoqatini, uning moliyaviy barqarorligini, ishonchliligini, muqaddam korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etgan yoki etmaganligini, insofsiz ijrochilarning yagona reestrida qayd etilgan yoki etilmaganligi tekshirilishi zarurligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil` yo‘llari qo‘mitasining korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatining 27-bandida aks etgan (O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil` yo‘llari davlat qo‘mitasining 2022 yil 24 iyundagi 06-14/2206-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil` yo‘llari davlat qo‘mitasi tizimida davlat xaridlarini amalga oshirishda kontragentlarni tekshirish metodining qo‘llanilishiga xizmat qilgan;
bank tizimi orqali xaridlarni amalga oshirishda tanlov va tender komissiyasining raisi va a’zolari, ishchi guruh a’zolariga oid ma’lumotlarning oshkor qilinmasligi, tanlov qatnashchilari, tanlov komissiyasining qolgan a’zolari va taklif qilingan ekspertlar bilan til biriktirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligi to‘g‘risidagi taklif ATB Qishloqqurilishbank Boshqaruvining ATB “Qishloq qurilish bank”ning bank tizimida xaridlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomining 4.2. bandida o‘z aksini topgan (ATB Qishloqqurilishbank Boshqaruvining 2022 yil 26 avgustdagi 33/01-02/2656-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi bank tizimidagi xaridlarni amalga oshirishda tanlov va tender komissiyasining raisi va a’zolarining boshqa shaxslar bilan jinoiy til biriktirishini oldini olish hamda bunday munosabatlarning chegarasini belgilash va aniqlashtirishga xizmat qilgan;
davlat xaridlari sohasidagi tegishli qonunchilik talablarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasining 297-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 14 oktyabrdagi 67-19–son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash orqali javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilgan;
davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirishda axborotning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashlari, tegishli ichki monitoring va nazorat o‘tkazishning samarali tizimi yaratilishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida aks etgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining 2022 yil 17 iyuldagi 04/11-10-44-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsipining mazmun-mohiyatini ochib berishga xizmat qilgan.