Xamdamova Dilnoza Shavkat qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Dorivor o‘simliklar poyasidan farmatsevtika maqsadlari uchun mikrokristallik sellyuloza olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.05 - Sellyuloza va sellyuloza-qog‘oz ishlab chiqarish kimyosi va texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1702.
Ilmiy rahbar: Primkulov Maxmut Temirovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.T.04.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yunusov Xaydar Ergashovich, texnika fanlari doktori; Axmedov Oliy Ravshanovich, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy dorivor o‘simliklar poyalari va shrotidan farmatsevtika maqsadlari uchun mikrokristallik sellyuloza olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor faol moddalari ajratib olingan dorivor o‘simliklardan (shrot va poya) sellyuloza va mikrokristallik sellyuloza olishning maqbul sharoitlari aniqlangan;
dorivor o‘simlik poyalarni pishirish vaqti uzayishi bilan mahsulot unumi kamayishi, poya tarkibidagi gemisellyulozalarning eritmaga o‘tishi bilan isbotlangan;
MKS namunalarining to‘yinishdagi adsorbsiyasi Mak-Benn-Bakra tenglamasi asosida isbotlanib, monoqavat sig‘imi, solishtirma yuzasi, to‘yinish adsorbsiyasi, mikrog‘ovaklar xajmi, mezog‘ovaklar to‘yinish adsorbsiya xajmlari aniqlangan;
dorivor o‘simlik poyalaridan olingan MKS ning sorbsiyalanish xossasi paxtadan olingan MKS ga taqqoslanib o‘rganilganda, sorbsiyalanish xossasi 35 % ga yuqori ekanligi aniqlanib, tarkibdagi kristallarining amorf qismlarga nisbatan ko‘pligi bilan asoslangan;
dorivor o‘simlik poyalari tarkibidagi oson va qiyin eriydigan polisaxaridlarni suvda ekstraksiyalash, kislota va ishqorda gidrolizlash orqali optik zichligining o‘zgarish kinetikasi aniqlangan;
mahalliy dorivor o‘simliklar poyalari va shrotidan farmatsevtika maqsadlari uchun mikrokristallik sellyuloza olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mahalliy dorivor o‘simliklar poyalari va shrotidan mikrokristallik sellyuloza olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
poliz ekinlari poyasidan mikrokristall sellyuloza olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intelektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan (№FAP 01916, 2022 y.). Natijada, dorivor o‘simlik poyasidan mikrokristallik sellyuloza olish imkonini bergan;
mahalliy amarant dorivor o‘simligi poyasidan olingan mikrokristallik sellyuloza asosida dori tabletkalari olish texnologiyasi «NEO-LABS» MChJda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligining 2022 yil 13-sentyabrdagi 25-06/2703-son ma’lumotnoma). Natijada, rutin va askorutin tabletkalari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan qand upasini, presslanish ko‘rsatgichi va qattiqlik nisbatlari yuqori bog‘lovchi bilan almashtirish imkonini bergan;
mikrokristallik sellyulozani bog‘lovchi-to‘ldiruvchi qo‘shimcha sifatida dori vositalari ishlab chiqarishda qo‘llash texnologiyasi «NEO-LABS» MChJda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligining 2022 yil 13-sentyabrdagi 25-06/2703-son ma’lumotnoma). Natijada, tirik organizm uchun zararsiz va oson parchalanuvchi, allergik xususiyatlarni keltirib chiqarmaydigan to‘ldiruvchi ishlab chiqarish imkonini bergan.