Ochildiev Fayzulla Boboqulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar” , 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Tar17.
Ilmiy maslahatchi: Sagdullaev Anatoliy Sagdullaevich, tarix fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Musaev Nuriddin Umurzakovich, tarix fanlari doktori, professor; Hayitov Shodmon Axmadovich, tarix fanlari doktori, professor; Qabulov Eshbolta Atamuratovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligidagi ijtimioy-iqtisodiy munosabatlar tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Buxoro amirligining sharqiy qismida asosan donli ekinlar etishtirilgani, g‘arbiy tumanlarda paxta ekish ommalashuvi natijasida boshqa qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining qisqarib ketganligi, erga ishlov berishda o‘sha davrning ilg‘or texnologiyalari va yangi vositalari tatbiq qilinmay eski usullardan foydalanib qelish holatlari, sug‘orish tizimining qoniqarsizligi dehonchilikning rivojlanishi va yuqori hosil olishga salbiy ta’sir qilganligi aniqlangan; 
Sharqiy Buxoroda hunarmandchilik sohalari o‘rta asr an’analariga asoslanib mahsulot ishlab chiqarishda ancha orqada qolib ketganligi, g‘arbiy hududlarda hunarmandlar Rossiya imperiyasi va Evropaning ta’sirida zamonaviy ishlab chiqarish yutuqlarini o‘zlashtirgani, XIX asrning ikkinchi yarmida amirlik bozorlarida sotilgan mahsulotlarning bahosi XX boshlariga kelib sezilarli darajada o‘sib borganligi va iqtisodiy munosabatlarning taraqqiyoti natijasida an’anaviy aloqa-savdo yo‘llarida joylashgan katta shaharlar (Buxoro, Qarshi, Karki, Chorjo‘y, Termiz, Dushanbe, Hisor, Shahrisabz, Kitob) xalqaro savdo markazlariga aylanganligi, savdogarlar sotadigan mahsuloti va sarmoyasiga qarab tabaqalashganligi dalillangan;
amirlikda yig‘iladigan asosiy (xiroj, zakot, boj va boshq.) va turli qo‘shimcha (zakot chakana, mirobona, barg puli, qo‘sh puli va boshq.) soliqlar to‘liq miqdorda amir xazinasiga etib bormasligi, soliq tizimida poraxo‘rlik, ta’magirlik, mahaliy beklar va amlakdorlar tomonidan qo‘shimcha soliqlarning joriy qilinishi xalq noroziligiga, isyonlar ko‘tarishiga olib kelgani, Sharqiy Buxorodagi bir qator bekliklar (Ko‘lob, Qo‘rg‘ontepa, Qabodiyon, Darvoz, Sherobod) aholisining boshqa hududlarga migratsiyasi yuz berganligi aniqlangan;
Buxoro va Rossiya o‘rtasida XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida savdo hajmining o‘sish dinamikasi (amirlikdan Rossiyaga paxta, ipak, ip-gazlama, Qorako‘l terisi, hunarmandchilik mahsulotlarining eksporti, Rossiyadan temir, po‘lat, cho‘yan, manufaktura va sanoat mollarining importi), mazkur savdo aloqalarida amirlikning Rossiyaga nisbatan eksport salohiyatining yuqori bo‘lgani va iqtisodiy munosabatlar buxorolik savdogarlar tomonidan nazorat qilinganligi, o‘zaro savdo jarayonlarida muhim markaz sifatida ahamiyatini saqlab qolganligi, shuningdek, amirlik xo‘jaligiga Rossiya monopol kapitalining kirib kelishi bir qator omillarga asoslanganligi isbotlangan; 
amirlikning xorij bilan olib borgan savdosida Afg‘oniston va Hindiston yetakchilik qilganligi, amirlik bozorlariga Angliya, Germaniya, Italiya va Fransiyadan turli savdo mollarining kirib kelishi natijasida Evropa va Rossiya mahsulotlari o‘rtasida kuchli raqobat kelib chiqganligi, ingliz-hind mollari rus mahsulotlariga nisbatan arzon sotilganligi, Rossiya imperiyasi amirlik bozorlaridan Osiyo va Evropa mahsulotlarini siqib chiqarish maqsadida ularga nisban katta miqdorda qo‘shimcha bojlar joriy qilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tarixiga doir ilmiy xulosa va takliflardan:
Buxoro amirligida ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi, amirlikda kechgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, savdo markazlari va karvonsaroylar faoliyati, Kogon – Termiz temir yo‘lining qurilishi tarixiga doir ilmiy natijalardan “Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasi”da madaniy meros agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan me’moriy yodgorliklarni xatlovga olishda va ular to‘g‘risida ma’lumotlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligi huzuridagi madaniy meros agentligining 2021 yil 15 noyabrdagi 02-01/146-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanishi tashrif buyuruvchilarning Buxoro amirligida kechgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi to‘g‘risidagi tasavvurlari yanada kengayishiga xizmat qilgan;
XIX asrning ikkinchi yarmi – XIX asr boshlarida Buxoro amirligi aholisining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti, Buxoro amirligining Rossiya bilan olib borgan savdo-iqtisodiy munosabatlari, amirlikning xorijiy (Osiyo va Evropa) mamlakatlari bilan olib borgan savdo aloqalariga oid natijalardan O‘zbekiston Milliy universitetida 5120300 – tarix (mamlakatlar bo‘yicha) 5121300 – tarix va ekskursiya – o‘lkashunoslik ishi va 5120400–arxeologiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022 yil 13 apreldagi 89-05-14-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanishi talabalarda Buxoro amirligining ijtimoiy-iqtisodiy tarixi haqidagi bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirishga hamda ularning o‘z kasb faoliyatida mustaqil qarorlar qabul qila olish qobiliyatlarini shakllantirishga imkon yaratgan.
Buxoro amirligida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, fuqarolar-ning soliq tizimiga qarshi norozilik harakatlari, amirlik iqtisodining rivojlanishida qishloq xo‘jaligining ahamiyati, Kogon – Termiz temir yo‘lining amirlik iqtisodiga ko‘rsatgan ijobiy va salbiy ta’siri, amirlik iqtisodining rivojlanishida Afg‘oniston, Hindiston, Eron va Evropa davlatlari bilan olib borilgan savdo aloqalarning o‘rniga oid ilmiy natijalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2022 yil 17 martdagi 06–31-609-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda o‘z aksini topgan ilmiy ma’lumotlar teletomoshabinlarning O‘zbekistonda Buxoro amirligi tarixiga doir bilimlarini oshirishga xizmat qilgan.
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligida olib borilgan ichki va tashqi savdo munosabatlari, amirlikka Rossiya kapitali va sanoatning kirib kelishi, amirlikda Rossiya banki va firmalarining faoliyati borasidagi natijalardan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyat muassasasida me’moriy yodgorliklar ko‘rgazmalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” hayriya jamoat fondining 2021 yil 12 dekabrdagi 01–40/03-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi Buxoro amirligininng ijtimoiy-iqtisodiy tarixini o‘ganishga, amirlikning xorij mamlakatlari bilan olib borgan savdo aloqalarini ochib berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish