Artikbaev Mahkam Artikbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Murakkab shakldagi yupqa anizotrop plastinalarning magnitelastiklik deformatsiyalanish holatini matematik modellashtirish», 05.01.07 – Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3002
Ilmiy rahbar: Nuraliev Faxriddin Murodillaevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.13/30.12.2021.T.142.01.
Rasmiy opponentlar: Polatov Asxad Muxamedjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Indiaminov Ravshan Shukurovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi elektromagnit maydon kuchlarini hisobga olgan holda murakkab konfiguratsiyali magnitelastik anizotrop plastinalarning geometrik nochiziqli deformatsiyalanish jarayonlarini matematik modellashtirish, hisoblash algoritmini va dasturiy majmuasining tarkibiy tuzilmasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
elektromagnit maydon kuchlarini va nochiziqli elastiklik nazariyalarini hisobga olgan holda Gamil`ton-Ostrogradskiy variatsion tamoyili asosida yupqa magnitelastik anizotrop plastinalarning geometrik nochiziqli deformatsiyalanish jarayonlarini matematik modeli ishlab chiqilgan;
yupqa murakkab konstruksiyaviy shakldagi magnitelastik anizotrop plastinalarni sonli echish uchun analitik R-funksiya usuli (RFM) va variatsion Bubnov-Galerkin hamda sonli usullarni birgalikda qo‘llagan holda hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan;
RFM usuli, variatsion Bubnov-Galerkin usuli, N`yumark va Gauss usullarini qo‘llagan holda hisoblash algoritmi asosida murakkab shaklli egiluvchan anizotrop plastinalarning deformatsiyalanish jarayonlarini o‘rganishni avtomatlashtiradigan dasturiy majmuasining tarkibiy tuzilmasi yaratilgan;
murakkab konstruksiyaviy shakllarga ega yupqa anizotrop magnitelastik plastinalar uchun chegaralarini mahkamlash holatlarini hisobga olgan holda tegishli chegaraviy shartlarda hisoblash tajribalari o‘tkazilib yangi natijalar olingan va tahlil qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Elektromagnit maydon ta’sirini hisobga olgan holda murakkab shakldagi yupqa anizotrop plastinalarning magnitelastiklik deformatsiyalanish holatini tadqiq etish uchun ishlab chiqilgan matematik modeli, hisoblash algoritmi hamda dasturiy majmuasi asosida:
elektromagnit maydon ta’sirini hisobga olgan holda yupka murakkab shaklidagi mikroelementlarning magnitelastiklik deformatsiyalanish jarayonlarini o‘rganishni avtomatlashtirish uchun ishlab chiqilgan hisoblash algoritmi va dasturiy majmua Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Elektromagnit moslashuv xizmati» tasarrufida bo‘lgan o‘lchov qurilmalarida ishlatiladigan elektro‘tkazuvchan materialdan tayyorlangan yupka murakkab konstruksiyaviy mikroelementlarning deformatsiyalanish jarayonini, mustahkamligi holatlarini tadqiq qilish maqsadida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar hokimligining 05.10.2022 yil №03-04/201-son ma’lumotnomasi). Natijada, elektromagnit moslashuvchanlikni hisobga olgan holda, elektromagnit maydoni ta’sirida bo‘lgan zamonaviy o‘lchov qurilmalarida ishlatiladigan, elektr tokini o‘tkazuvchan materialdan tayyorlangan yupqa murakkab konstruktiv mikroelementlarini tejamkorligini oshirish va hisob-kitoblarni yuritish ishlari aniqligi 1.2 marta, tezligi esa 1.3 martagacha oshib, vaqt va mehnat sarfini 6-10 % ga qisqartirish imkonini bergan.
elektromagnit maydon kuchlarini va nochiziqli elastiklik nazariyalarini hisobga olgan holda yupqa murakkab shakldagi magnitelastik anizotrop plastinalarning geometrik nochiziqli deformatsiyalanish jarayonlarini matematik modeli, masalani echish uchun yaratilgan hisoblash algoritmi hamda dasturiy majmuasi «BEK INTER GROUP» MChJ qurilish kompaniyasi tomonidan qurilish-montaj ishlari jarayoniga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar hokimligining 05.10.2022 yil №03-04/201-son ma’lumotnomasi). Natijada, qurilish konstruksiyasining mustahkamligini 6-7 % gacha, hisoblash aniqligi 1.2 marta, hisoblash tezligi esa 1.5 martagacha oshirish hamda umumiy qurilish loyihasida hisob-kitoblar ishlarining sifati va tezligi 8-10% ga orttirish imkonini yaratgan.