Kadirova Gulchexra Xakimovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ekstremal sharoitlarda molekulyar azotni o‘zlashtiruvchi sianobakteriyalarning biologik xususiyatlari», 03.00.04–Mikrobiologiya va  virusologiya (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/V9.

Ilmiy maslahatchi: Gulyamova Tashxon Gafurovna,  biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mikrobiologiya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.V.38.01.

Rasmiy opponentlar: Buriev Sulaymon, biologiya fanlari doktori, professor; Zaynitdinova Lyudmila Ibroximovna, biologiya fanlari doktori; Xo‘jamshukurov Nortoji Abduxoliqovich, biologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Botanika instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II.Tadqiqotning maqsadi: ekstremal sharoitlarda ko‘p funksional xususiyatlarga ega bo‘lgan molekulyar azotni o‘zlashtiruvchi sianobakteriyalar mahalliy shtammlarining tuproqni biologik qayta tiklanishida va unumdorligini oshirishda qo‘llash istiqbolini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk borsho‘rlangan va pestisidlar bilan ifloslangan O‘zbekistonning sug‘oriladigan maydonlari tuproq va g‘o‘za, bug‘doy rizosferasi namunalaridan ajratilgan sianobakteriyalarning ko‘p funksional xususiyatlarga ega ekanligi aniqlanib, morfologik-kul`tural va molekulyar-genetik xususiyatlari asosida sianobakteriyalar mahalliy shtammlarining – Nostoc puriniforme 20, Nostoc linckia 4, Nostoc calcicola 25, Nostoc muscorum 14, Anabaena variabilis 18, Anabaena variabilis 21, Gloeothece rupestris 15, Synechococcus cedrorum 12 turga mansubligi identifikatsiyalangan;

ilk bor sianobakteriyalarning mahalliy shtammlari NaClning yuqori konsentratsiyalarida (800 mM) o‘sishi, rivojlanishi va molekulyar azotni o‘zlashtirish faolligini namoyon qilishi asoslangan;

sho‘rlanishga chidamli faol shtammlarning tuproqqa introduksiyalanishi natijasida gumus, umumiy azot, kaliy, ammiakli azot  miqdorining oshishi, umumiy fosfor miqdorining esa nazoratga nisbatan kamayishi aniqlangan;

ilk bor sianobakteriyalar hujayralarida tuzli stressga javoban glisin va prolin miqdorining keskin oshishi hamda al`degidoksidaza va ksantindegidrogenaza fermentlarining bitta formasi  mavjudligi isbotlangan;

sianobakteriyalar kul`tural suyuqligining g‘o‘za urug‘larini unib chiqish energiyasi, unuvchanligi va o‘sish quvvatini hamda bug‘doy  poyasi  va ildizini stimulyasiya qilishi aniqlangan;

sho‘rlanish sharoitida oziqa muhitining tarkibida L-triptofan mavjudligidan qat’i nazar sianobakteriyalarning indolil-3-sirka kislotasini (ISK) sintezlashi asoslangan;

ilk bor sho‘rlanish sharoitida sianobakteriyalar mahalliy shtammlari va ularning assotsiatsiyasi lindan va polixlorlangan bifenillarni stabil va yuqori sur’atda destruksiya qilishi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Samarador sianobakteriyalar N. calcicola 25 va A.variabilis 21 asosida ekstremal sharoitlarda qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining o‘sishi va rivojlanishini stimulyasiyalovchi biopreparat olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

sho‘rlangan va pestisidlar bilan ifloslangan tuproqlardan ajratib olingan sianobakteriyalarning molekulyar azotni o‘zlashtiruvchi faol mahalliy shtammlari M/Uzb-KNR-03/15 raqamli “Diazotrof rizobakteriyalarning biomolekulalarini (poli-β-gidroksibutirat va ekzopolisaxaridlar) qo‘llash asosida g‘o‘za va bug‘doy o‘simliklarining sho‘rlanishga va qurg‘oqchilikka chidamliligini oshirish” mavzusidagi loyihada qishloq xo‘jaligi ekinlarini stress sharoitlarga chidamliligini oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 14 noyabrdagi FTA-03-11/1294-son ma’lumotnomasi). Natijada stress sharoitlarda sianobakteriyalarning faol mahalliy shtammlaridan ekzopolisaxaridlar produsenti sifatida foydalanish g‘o‘za va bug‘doyning sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamliligini oshirish imkonini bergan;

 sho‘rlanishga chidamli faol sianobakteriyalar asosida yaratilgan “CYANO-UZ” biopreparati Qashqadaryo, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari paxta va bug‘doy maydonlariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 7 dekabrdagi 02/23-1266-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za hosilining nazorat variantiga nisbatan gektariga o‘rtacha 4,2%, bug‘doy hosildorligi 4% ga oshirish imkonini bergan;

“CYANO-UZ” biopreparati Qashqadaryo viloyatining o‘rtacha sho‘rlangan fermer xo‘jaliklari dalalariga tuproqning molekulyar azotni o‘zlashtirish  potensialini oshirish amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 7 dekabrdagi 02/23-1266-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproq tarkibidagi biologik azot miqdorini  38% oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish