Nizomova Mohinur Baratboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillarida pedagogikaga oid terminlarning struktur-semantik xususiyatlariva tarjima muammolari”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil2119.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Paluanova Xalifa, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy Kengash raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Fil.78.04.
Rasmiy opponentlar: Mirsanov G‘aybulla Qulmurodovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ikromov Islom Xushboqovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi pedagogikaga oid terminlarning yasalishi, leksik, semantik hamda struktur xususiyatlarini ochib berish orqali ingliz va o‘zbek tillarida pedagogikaga oid terminlarni tarjima qilish usullarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillarida pedagogik terminlarning qadimiy shakllanishi hamda yasalishiga ko‘ra bugungi pedagogik terminologiyasi rivojida ingliz tilidan so‘z o‘zlashtirish jarayoni barcha tillarda ustuvorlik kasb etishi asoslangan;
ingliz va o‘zbek tillarida pedagogika sohasiga oid terminlar yasalishining miqdoriy gradatsiyasi ishlab chiqilib, bir komponentli atamalar ikki komponentli atamalarga nisbatan miqdor jihatiga ko‘ra ko‘p, mavzuviy jihatiga ko‘ra teng ekanligi aniqlangan;
turli tizimli tillarda termin yasalish usullari aniqlangan (suffiksatsiya, affiksatsiya va prefiksatsiya usullari orqali yasalishi) va natijada ushbu usullar yangi pedagogikaga oid terminlarning yasalishida yangi pedagogik tushunchalarning yuzaga sababli mahsuldor ekanligi dalillangan;
ingliz va o‘zbek tillarida pedagogikaga oid atamalarni o‘rganishda qiyosiy terminshunoslik tamoyillarini tillararo muvofiqlashtirish va pedagogikaga oid terminlarini unifikatsiya qilish, ularni tarjima qilishdagi grammatik transformatsiyalash muammolarini hal qilishga asoslangan tarjima turlarining nasriy, she’riy kabi badiiy tarjima usullari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillarida pedagogikaga oid terminlarning struktur-semantik xususiyatlari va tarjima muammolarini tadqiq qilishda ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
ingliz va o‘zbek tillarida pedagogik terminlarning qadimiy shakllanishi hamda yasalishiga ko‘ra bugungi pedagogik terminologiyasi rivojida ingliz tilidan so‘z o‘zlashtirish jarayoni barcha tillarda ustuvorlik kasb etishi asoslanganligiga oid yangilikdan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2012-2016 yillarda bajarilgan FA-F1-G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi fundamental tadqiqot bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 17-01/82-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida Qoraqalpoq pedagogika sohasida yangi pedagogik atamalar shakllanib umumiste’mol pedagogik atamalarga aylangan;
ingliz va o‘zbek tillarida pedagogika sohasiga oid terminlar yasalishining miqdoriy gradatsiyasi ishlab chiqilib, bir komponentli atamalar ikki komponentli atamalarga nisbatan miqdor jihatiga ko‘ra ko‘p, mavzuviy jihatiga ko‘ra teng ekanligi aniqlanganligiga oid yangiliklardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan I-OT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (Inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” nomli amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 01/4-510-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida Ingliz va o‘zbek tillarida pedagogika sohasida atamalarning struktur tahlili o‘rganilishiga ijobiy hissa qo‘shgan;
ingliz va o‘zbek tillarida pedagogikaga oid atamalarni o‘rganishda qiyosiy terminshunoslik tamoyillarini tillararo muvofiqlashtirish va pedagogikaga oid terminlarini unifikatsiya qilish, ularni tarjima qilishdagi grammatik transformatsiyalash muammolarini hal qilishga asoslangan tarjima turlarining nasriy, she’riy kabi badiiy tarjima usullari dalillanganligiga oid dasturlardan Qashqadaryo teleradiokompaniyasi “Qashqadaryo” telekanalida tashkil etiladigan “Fayzli kun” ko‘rsatuvining “Xorijiy tilni o‘rganish zamonaviy pedagogika sohasining yutuqlari” deb nomlangan ko‘rsatuvlar ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan (“Qashqadaryo” telekanalining 17-05/83-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori saviyali barkamol avlodni voyaga etkazish, pedagogik ta’lim-tarbiya berish, pedagogik madaniyatni shakllantirish, faoliyati davomida pedagogik atamalardan to‘g‘ri foydalanish haqidagi targ‘ibot ishlari mavzusini mukammallashtirgan.