Rustamov Behzod Abdumalikovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ertangi va takroriy ekinda qizil boshli karam navlarini tanlash, maqbul ekish muddatlarini aniqlash”, 06.01.06 – Sabzavotchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.RhD/Qx567.
Ilmiy rahbar: Adilov Maxsud Mirvositovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Aramov Muzaffar Xoshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Aytbaev Temirjan Erkasimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qizil boshli karamning ozuqaviylik xususiyatlarini oq boshli karamga nisbatan qiyosiy baholash, ertangi va takroriy ekin sharoitiga mos yuqori hosildor nav va duragaylarini tanlash, ertangi va takroriy ekin sharoiti uchun maqbul ekish muddatlari va ko‘chat yoshini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonda qizil boshli karamning 24 kolleksion nav-namunalari ertapisharlik, poyasining hajmi, karam boshlarining o‘rash darajasi va karam boshlarining o‘rtacha og‘irligi, hosildorligi bo‘yicha baholangan;
O‘zbekiston sharoitida qizil boshli karam tarkibi bo‘yicha oq boshli karamga nisbatan quruq modda (1,5-3,3%) va qand miqdorining (1,1-3,4%) yuqoriligi, vitamin S (5,3-17,8 mg/%) va nitrat miqdori bo‘yicha esa bir biriga yaqin ekani isbotlangan;
oq boshli karamda qizil boshli turdoshiga nisbatan barglanish darajasi, barg satxi va karam boshlarining o‘rtacha og‘irligi (28-30%) hamda maydon yuzasidan olinadigan hosilining (35-38%) yuqori ekanligi isbotlangan;
tadqiqot uchun tanlangan qizil boshli karam nav namunalari orasida ikki ekish mavsumi uchun mos (Ranchero F1) yoki faqat takroriy ekin sharoitida etishtirishga yaroqli (Nomsiz Xitoy navi) nav namunalar mavjudligi aniqlangan;
O‘zbekiston iqlim sharoitida ilk marotiba uchta ko‘chat yoshida erta bahorgi (uchta) va takroriy ekindagi (to‘rtta) ekish muddatlari qiyosiy taqqoslangan;
erta bahorgi ekish mavsumi uchun eng maqbul ekish muddati (60-70 kunlik ko‘chat bilan mart oyining o‘rtasi) tanlangan;
takroriy ekin sharoiti uchun eng maqbul (40-50 kunli ko‘chat bilan iyul oyining birinchi yarmi) va yuqori hosil beradigan hamda oxirgi qoniqarli hosil beradigan ekish muddatlari (30 kunlik ko‘chat bilan 15 iyul, 40 kunli ko‘chat–25 iyul va 50 kunli ko‘chat- 5 avgust) aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ertangi va takroriy ekinda maqbul nav-namunalarini tanlash, ekish muddatlari, ko‘chat yoshini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijasida:
«Rekomendatsii po texnologii virashhivaniya krasnokochannoy kapusti pri vesennem sroke posadki», «Rekomendatsii po texnologii virashhivaniya krasnokochannoy kapusti pri povtornoy kul`ture» mavzusidagi tavsiyanomalar tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 1 iyun` 2022 yildagi № 02/33-04/3560 sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma bugungi kunda fermer, dexqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari tomonidan erta bahorgi muddatda qizil boshli karam etishtirishda qo‘llanma sifatida foydalanilmoqda;
erta bahorgi muddatda eng yuqori tovarbop hosildorlikka ega bo‘lgan Ranchero F1 va eng erta (10-11 kun) hosil etishtirish imkoniyatini beradigan Omero F1 duragayi bo‘yicha tadqiqot natijalari “Sayyora Agro Nur”, “Baytqo’rg’on Nodirabegim” fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 1 iyun` 2022 yil № 02/33-04/3560 sonli ma’lumotnomasi). Natijada gektaridan 42,6 t hosil etishtirilgan va iqtisodiy samaradorlik 24035,5 ming so‘mni, rentabellik darajasi 43,2-49,1 foizni tashkil etgan.
takroriy ekinda esa yuqori tovarbop hosildorlikka ega Ranchero F1 va nomsiz Xitoy navlari “Do’rmon Madina va Feruza”, “Baytqo’rg’on Nodirabegim” fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 1 iyun` 2022 yil № 02/33-04/3560 sonli ma’lumotnomasi). Natijada gektaridan 34,3 t va 30,74 t hosil etishtirilgan hamda iqtisodiy samaradorlik 15134,2 ming so‘mni, rentabellik darajasi 38,4-41,8 foizni tashkil etgan.