Abdikamalova Aziza Baxtiyarovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpog‘iston gilmoyali minerallari va soda sanoati chiqindisi asosida ko‘p funksional burg‘ilash eritmalarini ishlab chiqish», 02.00.11–Kolloid va membrana kimyosi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/T498.

Ilmiy rahbar: Eshmetov Izzat Do‘simbatovich, texnika fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.

Rasmiy opponentlar: Abduraximov Saydakbar Abduraxmanovich, texnika fanlari doktori, professor; Narmetova Gulnara Rozikulovna, kimyo fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: gilli va og‘irlashtirilgan burg‘ilash eritmalarini olish uchun asos sifatida Qoraqalpog‘iston bentonitlari va dolomitlaridan foydalanish, shuningdek, barqarorlashtiruvchi va ingibirlovchi qo‘shimcha sifatida soda sanoati chiqindisini qo‘llash usullarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Krantau, Beshtyube va Xo‘jakul konlari bentonitlaridan gilkukunlar olishning optimal sharoitlari aniqlangan;

burg‘ilash eritmalari tarkibidagi ohakni soda sanoati chiqindisi bilan almashtirish imkoniyatlari isbotlangan;

burg‘ilash asboblarining yopishib qolishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarni kamaytirish imkonini beradigan yuqori ingibirlovchi xossaga ega gilmoyasiz burg‘ilash eritmalarini lignosul`fonat va kaustik soda qo‘shimchalari bilan soda sanoati chiqindisi asosida tayyorlashning prinsipial imkoniyatlari aniqlangan;

jinslar va burg‘ilash eritmalari fil`tratlari orasida bo‘lib o‘tadigan fizik-kimyoviy jarayonlar bilan ularning texnologik va reologik parametrlari o‘rtasida bog‘liqliklar aniqlangan;

Krantau, Beshtyube va Xo‘jakul konlari bentonitlaridan foydalanib, chuchuk, minerallashgan, kal`siyli, kamsilikatli gilli burg‘ilash eritmalarining tarkiblari ishlab chiqilgan;

Qoraqalpog‘iston dolomitli va kal`sitli xomashyolari asosida og‘irlashtirilgan burg‘ilash eritmalarining yangi tarkiblari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Qoraqalpog‘iston bentonitlari, dolomitlari va soda sanoati chiqindisini qayta ishlash usullari va ular asosida burg‘ilash eritmalarining yangi tarkibini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

Qoraqalpog‘iston mahalliy gillari asosida burg‘ilash eritmalari uchun gilkukunlar olish texnologiyasi «KARAKALPAK SEMENT» MChJ XK amaliyotiga joriy etilgan («O‘zbekneftegaz» AJning 2018 yil 22 yanvardagi 06/12-1-10-son ma’lumotnomasi). Natijada Qoraqalpoq mahalliy bentonitlari asosida burg‘ilash eritmalari uchun yuqori sifatli modifikatsiyalangan gilkukunlar olish imkonini bergan;

gilkukunlar va soda sanoati chiqindilari asosida ko‘p funksional burg‘ilash eritmalari «Ustyurt QBB» MChJda amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekneftegaz» AJning 2018 yil 22 yanvardagi 06/12-1-10-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori ingibirlovchi xossaga ega yuqori temperatura va tuzga chidamli samarali gilmoyali burg‘ilash eritmalari olish imkoniyati yaratilgan;

soda sanoati chiqindisi va dolomiti asosida og‘irlashtirilgan burg‘ilash eritmalari «Ustyurt QBB» MChJda amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekneftegaz» AJning 2018 yil 22 yanvardagi 06/12-1-10-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori ingibirlovchi xossalari bilan ajraluvchi va oson bukuvchi gilmoyali minerallardan tashkil topgan quduq devorlari mustahkamligini ta’minlovchi gilmoyasiz burg‘ilash eritmalari olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish