Shomurodov Xabibullo Fayzulloevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qizilqumning em-xashak o‘simliklari va ulardan foydalanish istiqbollari», 03.00.05–Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/B65.
Ilmiy maslahatchi: Xasanov Furqat Orunboevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.V.39.01.
Rasmiy opponentlar: Pechenisin Vladimir Petrovich, biologiya fanlari doktori, professor; Belolipov Igor` Vladimirovich, biologiya fanlari doktori, professor; Mavlanov Xudargan, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Qizilqum em-xashak o‘simliklari florasini aniqlash va istiqbolli turlarini tanlash asosida inqirozga uchragan yaylovlar holatini yaxshilash yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qizilqum hududida tarqalgan yuksak o‘simliklarning 68 oila va 345 turkumiga mansub 908 tur em-xashak o‘simliklarining ro‘yxati tuzilgan;
G‘arbiy-Pamiroloy va G‘arbiy-Tyonshon florasi bazasida Qizilqum endemizmining progressiv xususiyati isbotlangan;
Qizilqum em-xashak florasida bir yillik o‘simliklarning ustunligi mazkur hudud yaylovlariga antropogen bosimning kuchayayotganining xavotirli indikatori ekanligi aniqlangan;
O‘rta Osiyo yaylovlarida sho‘radoshlar va astradoshlar oilalari vakillarining muhim ahamiyatga egaligi asoslangan va ularning xo‘jalik ahamiyatiga ko‘ra alohida guruhlar sifatida ajratishning maqsadga muvofiqligi isbotlangan;
Qizilqum yaylovlarida tarqalgan 6 ta kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar 35 ta senopopulyasiyalarining ekologik-fitotsenotik tarqalishi aniqlangan hamda senopopulyasiyalarning strukturalari ochib berilgan;
Orol dengizining qurigan tubida o‘simliklar qoplamining 4 tipi va 11 formatsiyasiga mansub 30 ta assotsiatsiya va uyg‘un birliklar aniqlangan;
Orol dengizining qurigan tubida fitotsenozlarning birlamchi suksessiyasining asosiy mexanizmlari ochib berilgan;
fan uchun 3 ta yangi tur (Allium rinae F. O.Khass., Shomuradov etTojibaev, A. ravenii F. O.Khass., Shomuradov et Kadyrov, Astragalus kuldzhuktauense F.O.Khass., Shomuradov & Esankulov) aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qizilqumning em-xashak o‘simliklari va ulardan foydalanish istiqbollari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
908 turdan iborat Qizilqumning em-xashak o‘simliklari ro‘yxati «Asia Plant Mapping» xalqaro loyihada Osiyo yuksak o‘simliklari xilma-xilligini aniqlashda foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasi Bioxilma-xillik byurosining 2018 yil 12 yanvardagi ma’lumotnomasi). Natijada Osiyo mintaqasi yuksak o‘simliklarining to‘liq ro‘yxatini shakllantirish va ularning tarqalish xaritalarini ishlab chiqish imkonini bergan;
Qizilqumem-xashak o‘simliklarining 68 oila, 345 turkum va 908 turdan tashkil topgan ma’lumotlar bazasi va o‘simlik jamoalarining geobotanik qaydnomalari «Markaziy Osiyoda cho‘llanish muammolari» loyihasida Janubiy Sibir ekosistemalarining tarkibiy va dinamik o‘zgarishlari va cho‘llanishning kompleks indekatsiyasini aniqlash, bashoratlash modelini tuzish va monitoring tizimini ishlab chiqishda foydalanilgan (Rossiya Fanlar akademiyasining 2018 yil 17 yanvardagi 15344-02/21-9317-son ma’lumotnomasi). Natijalar Evroosiyo arid va subarid mintaqalari ekosistemalaridagi dinamik o‘zgarishlarni qiyosiy tahlil qilish va Evroosiyo hududida cho‘llanish jarayonini qonuniyatlarini aniqlash imkonini bergan;
O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan 6 ta kamyob turlar populyasiyalarining zamonaviy holati oid ma’lumotlar va ularning tarqalishi aks ettirilgan GAT xaritalar Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining amaliy faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 6 fevraldagi 03-01/12-1021-son ma’lumotnomasi). Natijalar turlarning tabiiy areallari chegaralarini aniqlash va populyasiyalarining zamonaviy holatiga oid ma’lumotlarni boyitish hamda Qizilqumning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarining muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan.
aborigen flora tarkibidan tanlab olingan 6 ta sho‘rga chidamli em-xashak o‘simliklari Navoiy viloyati hududidagi ko‘char qumlarni mustahkamlash amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 6 fevraldagi 03-01/12-1021-son ma’lumotnomasi). Natijalar inqirozga uchragan ko‘char qumliklarni istiqbolli em-xashak o‘simliklari hisobiga mustahkamlash va yaylovlar hosildorligini oshirish imkonini bergan.
yirik masshtabli (M 1:200000) «Orol dengizi janubiy qurigan sahni o‘simliklar xaritasi» va uning ko‘pbosqichli izohi «Geoinformkadastr» davlat unitar korxonasi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2018 yil 31 yanvardagi 05-740-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar Orolbo‘yi hududi o‘simliklar qoplamining elektron-raqamlangan xaritalarini tuzish va o‘simlik jamoalarining transformatsiya darajalarini baholash imkonini bergan.