Abdullaev Timur Rashidovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Kriptobardoshli simmetrik blokli shifrlash algoritmini yaratish», 05.01.05– Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/FM424.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Gayrat Umarovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.FM.01.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Abduraximov Baxtiyor Fayzievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Ikramov Alisher Akramovich, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: “UNICON.UZ” DUK – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi axborotni ishonchli himoya qilish uchun kriptotahlilning asosiy usullariga bardoshli bo‘lgan simmetrik blokli shifrlash algoritmini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: 
uchlik mantiqqa asoslangan kriptografik algoritmlar uchun korrelyasiya, lavin samaradorligi va chiziqsizlik koeffisientlarini topish qoidasi aniqlangan;
«0,1» belgilar alifbosini axborotlarning entropiyasini oshirish uchun «0,1,2» gacha kengaytirishdan iborat bo‘lgan tasodifiy axborotlarni qo‘shish usuli yaratilgan;
ixtiyoriy sanoq tizimi uchun o‘rniga qo‘yish jadvallari (S-box) chiziqsizligining qiymatlarini aniqlash tengsizligi umumlashtirilgan, uchlik sanoq tizimi uchun o‘rniga qo‘yish jadvallari (S-box) chiziqsizligi qiymatlarining chegaralari topilgan;
kriptografik almashtirishlar uchun uchlik mantiqdan va uchlik asosga ega bo‘lgan Galua maydonidan foydalanish usuli taklif qilingan, GF(36) Galua maydonida ko‘phad arifmetikasining qo‘shish, ko‘paytirish, bo‘lish, darajaga ko‘paytirish kabi arifmetik amallarining qoidalari  shakllantirilgan;
yuqori korrelyasiya, lavin samaradorligi va chiziqsizlik koeffisientlariga ega bo‘lgan, yuqori sifatli 256 va 729 qiymatli S-box o‘rniga qo‘yish jadvallarini hosil qilish usuli ishlab chiqilgan, shuningdek, yuqori algebraik chiziqsizlik darajasiga ega bo‘lgan 729 qiymatli o‘rniga qo‘yish jadvallari (S-box) ning algebraik normal shakli topilgan;
shifrlash kalitining ixtiyoriy kiruvchi qiymati uchun yuqori sifatli qismiy kalitlarni hosil qilish imkonini beruvchi, raund qismiy kalitlarini generatsiya qilishning bir tomonlama sxemasi qurilgan;
differensial va chiziqli kriptotahlil usullariga hamda ularning turli ko‘rinishlariga bardoshli bo‘lgan simmetrik blokli shifrlash algoritmi qurilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yuqori sifatli o‘rniga qo‘yish jadvallarini ishlab chiqish hamda differensial va chiziqli kriptotahlilga bardoshli simmetrik blokli shifrlash algoritmini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy natijalar quyidagi sohalarda amaliyotga tatbiq etildi:
dissertatsiya ishida ishlab chiqilgan shifrlash algoritmi va 729, 256 qiymatli, yuqori sifatli S-box o‘rniga qo‘yish jadvallarini hosil qilish usuli “UNICON.UZ” Davlat unitar korxonasida axborotlarning himoyalanganlik darajasini oshirishda qo‘llanilgan (“UNICON.UZ” Davlat unitar korxonasining 2022 yil 6 maydagi 5-3/685-son ma’lumotnomasi). Natijada, kriptotahlilning turli usullaridan foydalanib, axborotlarni himoyalanganlik darajasini oshirish imkonini bergan;
raund qismiy kalitlarini bir tomonlama generatsiya qilish sxemasi hamda yaratilgan kriptografik algoritmning almashtirish funksiyalaridan OT-Atex-2018-486-“Mantiqiy boshqaruv va axborot xavfsizligi tizimlarini dasturlashtirilgan mantiqiy kontrollerlar va ularni loyihalovchi avtomatlashtirilgan CAD mantiqiy tizimi asosida amalga oshirish” mavzusidagi amaliy loyihada axborot xavfsizligi tizimlari uchun ixtiyoriy kirish qiymatlarida yuqori sifatli qismiy kalitlar yaratish uchun qo‘llanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2022 yil 16 apreldagi 04/11-2232-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi axborot xavfsizligi tizimlari uchun ixtiyoriy kirish qiymatlarida yuqori sifatli qismiy kalitlarni hosil qilish hamda axborot xavfsizligi tizimlarini ishonchli himoyalash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish