Abdusattorov Baxtiyorjon Abdug‘appor o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Uzumning xo‘raki navlarini saqlashda himoya vositalaridan foydalanishni ilmiy asoslash”, 06.01.11 – Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Qx679.
Ilmiy rahbar: Azizov Aktam Sharipovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Dodaev Qo‘chqor Odilovich, texnika fanlari doktori, professor; Umidov Shavkat Ergashevich, qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Akademik M.M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xo‘raki uzum navlarini saqlashdan oldingi jarayonlarni takomillashtirish, samaradorligi yuqori bo‘lgan uzum himoya vositalarini tanlash orqali saqlashning maqbul texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor uzumni sovutkichli omborlarda saqlashda himoya qog‘ozlari va qadoqlash vositalarini qo‘llashning saqlanuvchanlik xususiyatiga ta’siri aniqlangan, saqlash uchun mo‘ljallangan xo‘raki uzum hosilini aniq terim muddatlari belgilangan, uzum donalari tarkibida saxaroza miqdori 16% dan oshganda terimni boshlash eng maqbul muddat ekanligi isbotlangan;
dastlabki sovitish bosqichida jarayonga ta’sir etuvchi omillar sifatida asosan 3 ta: terim jarayonini tashkil qilishdagi harorat (18°S gacha), sovuq havo oqimi aylanishi tezligi (1,5-3m/s), havoning nisbiy namligi (90-92%) kabi ko‘rsatkichlar ekanligi isbotlangan va bu jarayonlarni tashkil etish mexanizmi ishlab chiqilgan;
uzumni saqlash davomida himoya vositalarini mahsulotning kimyoviy tarkibi va organoleptik xususiyatlariga ta’siri aniqlangan, hamda bu vositalarning saqlash uchun samarador ekanligi isbotlangan
turli himoya vositalari yordamida uzumni saqlash davomida mikroorganizmlar rivojlanishining oldini olish bo‘yicha “Grapage” himoya qog‘ozi eng maqbuli ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Uzumning xo‘raki navlarini sovitkichli omborlarda uzoq muddat saqlashni tashkil etishda turli himoya vositalaridan foydalanish texnologiyasining samarali elementlarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
uzum etishtirish va saqlashga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun “Uzumning xo‘raki navlarini sovitkichli omborlarda saqlashni tashkil etishda qadoqlash vositalaridan samarali foydalanish” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan. Natijada ushbu tavsiyanoma uzumchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda etishtirilgan uzum hosilini maqbul usulda saqlashni tashkil etishda qo‘llanma sifatida xizmat qilish bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan fermer, dehqon xo‘jaliklari, agroklasterlar, ilmiy-tadqiqotchilar hamda tahsil olayotgan talabalar uchun foydali uslubiy vosita sifatida xizmat qilmoqda;
Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi uzumchilikka ixtisoslashgan “Do‘lanalik bog‘bon mevasi” fermer xo‘jaligida 3,8 gektar va xo‘jalikka tegishli 200 tonna sig‘imli saqlash omborida uzoq muddat saqlash bo‘yicha tajriba natijalari joriy etildi. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 05/032-5023 sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida saqlash davomida uzumning sifatiga bevosita ta’sir o‘tkazuvchi harorat, namlik, havo aylanishi kabi muhit omillarini nazorat qilish natijasida (100 tonna uzum hajmiga nisbatan) sovuqxonadan olinadigan daromad miqdori 90 000 000 so‘mga, rentabellik ko‘rsatkichi 80% ga erishildi;
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “M.Boymatov” fermer fermer xo‘jaligida 7 gektar maydonda va xo‘jaliklarga tegishli jami 600 tonna sig‘imli saqlash omborida uzoq muddat saqlash bo‘yicha tajriba natijalari joriy etildi. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 05/032-5023 sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida uzoq muddat davomida saqlash uchun uzumning “Husayni”, “Toyfi”, “Kishmish” xo‘raki navlarini terim muddatlarini aniqlash va terimni tashkil etish tamoyillarini asoslash, turli qadoqlash vositalari bilan qadoqlangan uzum navlarini dastlabki sovitish jarayonlarini samarali tashkil etishga erishildi va sovuqxonadan olinadigan daromad miqdori 91 125 000 so‘mga, rentabellik ko‘rsatkichi 81% ga erishildi;
Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi “Zarkent universal” fermer xo‘jaligi qoshida tashkil etilgan 1000 tonna sig‘imli sovitkichli omborda mahsulotni tabiiy kamayish jarayoniga ta’sir ko‘rsatuvchi muhit omillari tadqiq qilish bilan bog‘liq tajriba natijalari joriy etildi. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 10 dekabrdagi 05/032-5023 sonli ma’lumotnomasi). Xo‘raki uzum navlarini saqlash jarayonida qo‘llanilgan himoya vositalaridan qog‘ozlari: “Grapage” “CULU” “Osku-Vid”, “Proteku”, “Gexian” “Himsa” va sintifon, oziq-ovqat plyonkasi, salfetka, xamda MAP (Modified Atmosphere Packaging) singari himoya vositalaridan foydalanish natijasida saqlash muddatlari nazoratga nisbatan saqlanuvchanlikni ortishi bilan bir qatorda yuqori tovarli xususiyatlarini saqlanib qolishiga imkon yaratishi aniqlanishi natijasida olinadigan daromad miqdori 92 812 000 so‘mga, rentabellik ko‘rsatkichi 82,5% ni tashkil etgan.