Fatxullaev Abdunabining
dissertatsiya himoyasisiz ixtiro patenti (seleksiya yutug‘i) asosida
fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliy o‘simliklar asosida oziq-ovqat sanoatida qo‘llash uchun oziqaviy qo‘shimchalar ishlab chiqish texnologiyasining ilmiy-amaliy jihatlari», 02.00.17 – Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.DSc/T489.
Ilmiy maslahatchi: Sultonov Komolitdin Sadriddinovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.03/30.12.2019.T.04.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: topinambur tuganaklaridan ozuqaviy qo‘shimcha olish usuli (№IAP 05027), amarant asosida biologik faol qo‘shimchani olish usuli (№IAP 06092), soya oqsili pastasini olish usuli (№IAP 06151).
II. Tadqiqotning maqsadi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalanish uchun biologik faol qo‘shimchalar olishning zamonaviy texnologiyalarni yaratish orqali topinambur, amarant va soya o‘simliklarini qayta ishlash tizimini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy topinambur, amarant, soya o‘simliklari asosida oziqaviy va biologik faol qo‘shimchalar olish usullari ishlab chiqilgan;
importga keltiriladigan oziqaviy qo‘shimchalar gidrokolloidlar: agar-agar, karraginan va gummiarabiklar o‘rniga, go‘shtni qayta ishlash sanoatida foydalanish uchun topinambur asosida yangi turdagi funksional oziqaviy qo‘shimchalar yaratilgan (IAP 05027);
go‘sht qiymasiga ishlov berish jarayonida turli xildagi oziqaviy qo‘shimchalarining modellaridan foydalanilgan bo‘lib, ulardan optimal kimyoviy tarkibga ega, topinambur tuganaklaridan olingan oziqaviy qo‘shimchasidan foydalanish natijasida, davolovchi-profilaktik xususiyatiga ega dietik kolbasa mahsulotlari yaratilgan (IAP 05027);
qaynatilgan go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonida topinambur asosidagi kollagenli oziqaviy qo‘shimchasidan iborat ingredientlardan foydalanish natijasida, tayyor mahsulotning organoleptik ko‘rsatgichlarining yuqori bo‘lishi va mahsulotning chiqishining 18% ga oshishi isbotlangan (IAP 05027);
mahalliy amarantning tarkibi, boshqa turdosh o‘simlik navlariga nisbatan moyliligi, to‘yingan va to‘yinmagan yog‘ kislotalari, oqsillar, uglevodlar, makro- va mikro-elementlar hamda boshqa skvalen kabi biologik faol moddalar miqdoridan iborat bo‘lgan yangi turdagi biologik faol qo‘shimchasi yaratilgan (IAP 06092);
amarant urug‘lari kimyoviy tarkibining moyliligi ular tarkibiga kiruvchi gliserinning faol shakli, to‘yingan va to‘yinmagan moy kislotalari va tokoferollarning mavjudligi bilan go‘sht mahsulotlarini saqlash muddatlari oshishi isbotlangan (IAP 06092);
amarant asosidagi biologik faol qo‘shimchasini olishda, uning shrotini quritish jarayonining qizdirish zichligi 30 kVt/m2 ortiq bo‘lmagan, 50 S xaroratda va 10% dan ortiq bo‘lmagan namlik qoldig‘igacha bo‘lishi, infraqizil nurlanish bilan quritish texnologiyasi ishlab chiqilgan (IAP 06092);
mahalliy soya navlari asosida olingan, yuqori biologik va oziqaviy qiymatga ega bo‘lgan soya oqsili pastasini, kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarishda, yog‘li-oqsil emul`siyalar tayyorlash texnologiyasi yaratilgan (IAP 06151);
mahalliy soya navidan olingan yangi turdagi soya oqsili pastasi tarkibining texnologik resepturasi yaratilgan (IAP 06151);
soya oqsili pastasidan, go‘shtli emul`siyalar tayyorlashda, past navdagi go‘sht xomashyolari, yog‘li va bog‘lovchi to‘qimalar va muzlatilgan go‘shtdan foydalanilganda, tayyor kolbasa mahsulotlarining sifatining yaxshilinishi isbotlangan (IAP 06151).
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalanish uchun biologik faol qo‘shimchalar olishning zamonaviy texnologiyalarni yaratish orqali topinambur, amarant va soya o‘simliklarini qayta ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Fayz baraka» topinambur navi tuganaklaridan olingan oziqaviy qo‘shimchaga Texnikaviy shartlar «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan (TS 14825224-01:2015). Natijada, davolovchi-profilaktik xususiyatiga ega dietik kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini bergan;
topinambur tuganaklaridan oziqaviy qo‘shimcha olish texnologiyasi «Livadiya-Buxoro» MChJ korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 12 maydagi 07/35-04/2938-son, O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2022 yil 11 iyulidagi 11/80/07-22-son ma’lumotnomalari). Natijada, «Fayz baraka» topinambur navi tuganaklaridan oziqaviy qo‘shimchalar ishlab chiqarish imkonini bergan;
mahalliy amarant o‘simligi asosida biologik faol qo‘shimcha olish texnologiyasi «Bek ota» MChJ korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 12 maydagi 07/35-04/2938-son, O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2022 yil 11-iyulidagi 11/80/07-22-son ma’lumotnomalari). Natijada, oqsil tarkibida lizin va metionin aminokislotalari miqdori makkajo‘xori va soyaga nisbatan 2 marta yuqori, kraxmal miqdori 72 %, yuqori gidrokolloid suvni bog‘lash hisobidan go‘sht mahsulotlari chiqishini 24 % ga oshishirish imkonini bergan;
soya oqsili pastasi olish texnologiyasi «Baxt» MChJ korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi azirligining 2022 yil 12 maydagi 07/35-04/2938-son, O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2022 yil 11 iyulidagi 11/80/07-22-son ma’lumotnomalari). Natijada, yangi turdagi oqsil-yog‘ emul`siya va makro-mikro elementlarga boy bo‘lgan soya oqsili pastasi ishlab chiqarish bilan import qilinuvchi soya teksturati va soya izolyatlarini to‘liq almashtirish va go‘sht mahsulotlari chiqishini 22% ga oshishirish imkonini bergan.