Yusupov Risnazar Orazbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qovun pashshasining biologiyasi, zarari va unga qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqish», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx61.
Ilmiy rahbar: Toreniyazov Elmurat Sheriniyazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Amanov Shuxrat Baxtiyorovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Nurjanov Allabergen Abdalyazovich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qovun pashshasining bioekologik rivojlanishi, tarqalish muddatlari, avlodlar soni va boshqa xususiyatlarini aniqlash asosida keltiradigan zarari hamda zararkunanda rivojining dastlabki avlodlarida bartaraf etishni ta’minlaydigan usullarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor qovun pashshasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida tarqalish areali aniqlangan;
zararkunandaning oziqa o‘simliklari va ularning o‘zaro bog‘liqligi hamda bioekologik xususiyatlari asosida mavsumiy rivojlanish davrlari aniqlangan;
zararkunandaning rivojlanish fenogrammasi tuzilgan va uning zarar keltirish mezonlari zararli aniqlangan;
zararkunandaga qarshi kurashda kimyoviy preparatlarni qo‘llashning maqbul muddati va qo‘llash me’yorlari ishlab chiqilgan;
qovun pashshasining qurti va g‘umbaklarini bartaraf etish texnologiyasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Poliz ekinlarida qovun pashshasiga qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
polizchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun «Qovun pashshasi bioekologiyasi, qarshi kurash tadbirlari» bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan (Qoraqalpog‘iston fermerlar Kengashining 2017 yil 11 noyabrdagi 01/04-317-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida poliz ekinlarini qovun pashshasi zararidan himoya qilishga erishilgan;
qovun pashshasi tarqalgan hududlarda poliz ekilgan maydonlarda agrotexnik tadbirlardan erni kuzda 30-35 sm chuqurlikda haydash, sho‘r yuvish va yaxob suv berish hamda o‘suv davrida maxsus entomologik tutqich yordamida qovun pashshasining qurt va g‘umbaklarini nobud qilish texnologiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi fermer va tomorqa xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 8 noyabrdagi 02/04-1583-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida zararkunandaning g‘umbaklari 63,5–92,1 foizga kamaygan, keyingi avlodlarning salbiy ta’siri pasaygan va yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishilgan;
qovun o‘simligining gullash va birinchi hamak paydo bo‘lgan davrida qovun pashshasiga qarshi ertalab «Desis» 2,5% em.k, «Fufanon» 57% em.k insektisidlarini qo‘llash texnologiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy, Kegeyli, Nukus tumanlari fermer va tomorqa xo‘jaliklari hamda Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydonlarida jami 5,0 ming gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 12 yanvardagi 02/22-53 son ma’lumotnomasi). Natijada gektaridan 53–77 sentner qovun hosili saqlab qolingan va iqtisodiy samaradorlik o‘rtacha 1176200–1361400 so‘mni tashkil etgan.