Tursunov Axrorbek Aminjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Paxta sanoati korxonalarida havo ifloslanishini nazorat qilish va tozalash mexatronik tizimini yaratish” 05.02.03 - Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/T1998. 
Ilmiy rahbar: Sharibaev Nosirjon Yusubjanovich, texnika fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti PhD.03/30.12.2019.T.66.01
Rasmiy opponentlar: Djuraev Anvar Djuraevich, texnika fanlari doktori, professor; Ergashev Ilxom Olimjonovich, texnika fanlari falsafa doktori, dotsent;
Yetakchi tashkilot: Andijon mashinasozlik instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Paxtani dastlabki ishlash korxonalarida mayda changlarni havoga tarqalishini so‘ndiruvchi mexatronik tizim yaratish va uning yordamida  ekologik havfni  kamaytirishga erishishdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: paxta sanoat korxonalarida chang ushlab qolish moslamalaridan so‘ng mayda changlarni atmosferaga chiqishini so‘ndirishga qaratilgan changlarni suv zarralari yordamida so‘ndirish  konstruksiyasi yaratilgan;
mayda changni suv zarralari yordamida so‘ndirish uskunasida suv bosimi va suv zarralarining o‘lchamlarini o‘zaro mexanik bog‘liqliklari matematik modeli yaratilgan;
yaratilgan konstruksiya ish jarayondagi effektiv parametrlari: suvning bosimi p=3.5 kg.s/sm2 va zarralarni yo‘naltirish burchagi α=π/6 bo‘lishi nazariy aniqlangan;
paxtani dastlabki ishlash korxonalaridagi chang va iflosliklarni ushlab qolish qurilmasidan chiqayotgan mayda chang zarralarini konsentratsiyasini aniqlovchi mexatronik qurilma yaratilgan, datchiklarni haroratga nisbatan aniqlik darajasi 98% bo‘lishi eksperimental tadqiqotlar asosida aniqlangan;
paxtani dastlabki ishlash korxonalarida havodagi zararli mayda chang tarqalishini so‘ndirish mexatronik tizimi yaratilgan, mayda changni havoda tarqalishi 68,38 foizga so‘ndirishga erishilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Paxtani dastlabki ishlash korxonalarida mayda changlarni havoga tarqalishini so‘ndiruvchi mexatronik tizim yaratish natijalari asosida:
paxtani qayta ishlash korxonalarida chang zarralarini aniqlash qurilmasi Namangan viloyatidagi mavjud paxta-to‘qimachilik klasterlarga qarashli “Namangan paxta teks cluster”ga qarashli  Kosonsoy paxta tozalash korxonasida joriy etildi. (O‘zbekiston Paxta-To‘qimchalik Klasterlari uyushmasidan ishlab chiqarishga joriy qilish bo‘yicha 2022-yil 23 iyunda №02/22-393 sonli ma’lumotnomasi). Natijada qurilmani joriy qilish bilan ishlab chiqarish zonasida hosil bo‘lgan mayda (PM-2,5) chang zarralarini, havoda tarqalishini so‘ndirish orqali, atrof-muhitga salbiy zararlarni kamaytirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish