Asadov Mahmadiyor Turaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jahon va o‘zbek nasrida “yolg‘izlik motivi”ning modernistik talqini (A.Kamyu, X.Do‘stmuhammad, U.Hamdam nasri misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2021.1.PhD/Fil 1059.
Ilmiy rahbar: Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01 (bir martalik ilmiy kengash).
Rasmiy opponentlar: Meliev Suvonqul, filologiya fanlari doktori; Xoliqov Bahodir Aliqulovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi jahon va o‘zbek nasrida “yolg‘izlik motivi”ning ko‘rinishlarini aniqlash, ularning turlariga baho berish, A.Kamyu, X.Do‘stmuhammad, U.Hamdam asarlaridagi qahramon yolg‘izlik holatlarini qiyosiy-tipologik aspektda tekshirib, o‘xshash va farqli jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jahon va o‘zbek nasrida “yolg‘izlik motivi”ning tarixiy ildizlari, badiiy aks ettirishdagi an’anaviylik va originallik muammolari, fransuz yozuvchisi A.Kamyu, o‘zbek adiblari X.Do‘stmuhammad va U.Hamdam asarlarida “kimsasizlik vaziyati”ning falsafiy, ijtimoiy-psixologik, metaforiklik xususiyatlari, yozuvchilar ijodidagi individuallik hamda milliylik masalalari ochib berilgan;
A.Kamyuning “Begona” qissasi va X.Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif” romani syujetidagi an’anaviylik va originallik muammolari, qahramonlarning tarixiy-mifologik jihatdan mushtarakligi, ijodkorning “yolg‘iz odam” obrazini yaratishdagi mahorati aniqlangan;
adabiyotda yolg‘izlikning har bir shakli – yakkalik, tanholik, izol`yasiya, uzlat, begonalik kabi ko‘rinishlari shakliy, mazmuniy, badiiy-psixologik jihatdan farqli xususiyatlari aniqlanib, yolg‘izlikning eng yuksak va tuban ko‘rinishlari ochib berilgan;
fransuz yozuvchisi A.Kamyuning “Begona”, o‘zbek adiblari X.Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif”, U.Hamdamning “Yolg‘izlik” asarlarida yolg‘izlik motivining adabiy-estetik vazifalari, ifoda shakllari tasvirida milliy-madaniy, diniy-e’tiqodiy, adabiy ta’sir tushunchalarining ahamiyati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jahon va o‘zbek adabiyotida “yolg‘izlik motivi”ning modernistik talqini bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad ijodining o‘zbek nasri rivojiga qo‘shgan hissasi, “Donishmand Sizif” romanida milliy xarakter yaratish, ma’naviy-axloqiy masalalarni aks ettirishda muallif mahorati, realistik tasvir tamoyillari, badiiy-estetik o‘ziga xosligi, “Donishmand Sizif” romanida kompozisiya va syujet originalligi, ijodiy jarayonda adabiy ta’sir va uslubiy o‘ziga xoslik masalalari, badiiy tasvirda milliy-madaniy tasvir unsurlari, Ulug‘bek Hamdamning “Yolg‘izlik” qissasi poetik xususiyatlari, qissada “hikoyachi-men” obrazi, qahramonning dunyoni bilish, anglash istagidan yuzaga kelgan ruhiy iztiroblarning badiiy-psixologik tasviri, shuningdek, qissa syujetidagi majoziy-metaforik obrazlar tahlili va tadqiqiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7 jild) chop etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 7 apreldagi 04/1-628-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyoti tarixining XXI asr boshi adabiy jarayoni, adabiyotda yangi motiv va muammolarning paydo bo‘lishiga doir ilmiy qarashlarning boyishiga asos bo‘lgan;
“kimsasiz odam” yolg‘izlik holatining badiiy-psixologik va metaforik tasvirini izohlashda, “kimsasizlik vaziyati”dagi iztirobli odamning tashqi qiyofasini ifodalashda, yolg‘iz insonning tabiati, fe’l-atvori, milliy va umuminsoniy doirada o‘zini tutishini epik idroklashga doir ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan I-OT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (inson qiyofasi, fe’l-atvori tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” (2020-2021) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 28 iyundagi 04/1-2160-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi yaratilgan poetik lug‘at yolg‘iz insonning tabiati, fe’l-atvori, badiiy qahramonning yolg‘izlik holatlariga doir ilmiy izohlar bilan boyishiga asos bo‘lgan;
jahon va o‘zbek adabiyotida “yolg‘izlik motivi”ning paydo bo‘lishi, taraqqiyot tamoyillari, global darajaga chiqishi bo‘yicha chiqarilgan nazariy va amaliy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanalining “Yangi Renessans yoshlari” ko‘rsatuvini efirga uzatishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanalining 2022 yil 18 maydagi 01-01/336-son ma’lumotnomasi). Natijada, dastur uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan.