Rashidov Shohjahon Tohir o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston SSR boshqaruvi tarixidan (XX asr 50-yillari)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ( tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2020.3.PhD/Tar733.
Ilmiy rahbar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Baxtiyor Ergashevich, tarix fanlari doktori; Rasulov Baxtiyor Maxmudjonovich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asr 50-yillarida O‘zbekiston SSR siyosiy hayotida hamda boshqaruv idoralari tizimida ro‘y bergan o‘zgarishlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda sovet mustamlaka tizimining mustahkamlanishida SSSRda kechgan “iliqlik” jarayoni siyosiy va iqtisodiy jihatdan ta’sir ko‘rsatgani, “partiya nomenklaturasi” tizimidan keng foydalanilishi milliy rahbarlar ustidan Markaz nazoratini kuchaytirgani dalillangan;
Respublikada ijtimoiy, madaniy hayotning izdan chiqishi hamda aniq hisob-kitoblarga asoslanmagan davlat rejalarining qo‘yilishi sabab iqtisodiy ahvolning murakkablashuviga O‘zbekiston SSRning siyosiy rahbarlari qarshilik ko‘rsata olmagani, aksincha partiyaning Oliy Sovet, Ministrlar Soveti faoliyati ustidan rahbarlikni yanada kuchaytirganligi aniqlangan;
1956 yilda respublika siyosiy rahbariyatining milliy manfaatlarni himoya qilib chiqishi XX asr 30-yillarida qatag‘onga uchragan ziyolilarning oqlanishi, ularning oila a’zolariga nisbatan ta’qiblarning tugatilishi, jamoat arboblarining taqiqlangan asarlari qayta nashr etilishi hamda O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyati uchun kadrlar tayyorlashning ilk marta yo‘lga qo‘yilishda ko‘zga tashlangani dalillangan;
O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi ustidan partiya nazoratining kuchaytirilishi natijasida qonun chiqaruvchi organning tobora ramziy xarakter kasb etib, davlat boshqaruvida nufuzi va obro‘si kuchsizlanishi, xalqning mahalliy sovetlar, saylov tizimiga nisbatan ishonchsizligining ortishiga sabab bo‘lgani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
1950-yillardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, O‘zbekiston SSRning boshqaruvi tarixi, Amin Niyozov, Nuriddin Muhitdinov, Sobir Kamolov, Sharof Rashidov kabi milliy rahbar kadrlarning siyosiy faoliyati hamda sovet hokimiyati yillaridagi boshqaruv siyosati, mafkuraviy jarayonlar hamda uning O‘zbekiston SSR hayotiga ko‘rsatgan ta’siri kabi masalalar “O‘zbekiston SSR rahbariyatining ijtimoiy va siyosiy faoliyati (1945-1983 yillar)” nomli kollektiv monografiyada foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining 2022 yil 4 fevraldagi 3/1255-251-son ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi O‘zbekiston SSRda XX asr 50-yillarida faoliyat ko‘rsatgan davlat va siyosat arboblarining faoliyatini hamda SSSRdagi “iliqlik” jarayonining O‘zbekistondagi siyosiy hayotga ta’sirini o‘rganish uchun keng imkoniyat yaratgan;
XX asr 50-yillarida kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, davlat boshqaruvi organlari, xususan, O‘zbekiston SSRning o‘sha vaqtdagi rahbarlari, Oliy Sovet, Ministrlar Soveti faoliyatidagi o‘zgarishlar tahlili asosida olingan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi – O‘zbekiston tarixi telekanalining “Tarixiy savol” ko‘rsatuvida 2019 yil 4 dekabrda efirga uzatilgan “XX asrning 50-yillarida O‘zbekistonda ijtimoiy jarayonlar” (O`zbekiston teleradiokanali DUKning 2020 yil 17 fevraldagi 02-14-343-son ma’lumotnomasi), 2020 yil 19 mart kuni efirda berilgan “Nuriddin Muhitdinov 1955-1957 yillarda O‘zbekiston SSR rahbari” (O`zbekiston teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2020 yil 3 dekabrdagi 02-40-1223-son ma’lumotnomasi) hamda 2021 yil 7 dekabr` kuni efirga uzatilgan “Ochiq dars” (O`zbekiston teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2021 yil 14 dekabrdagi 01-40-1868-son ma’lumotnomasi) kabi ko‘rsatuvlarning mavzularini tayyorlashda foydalanilgan. Taqdim etilgan ma’lumotlar ko‘rsatuvlar mazmunini mukammallashtirishga, ilmiy dalillar bilan boyitishga xizmat qilgan;
1956 yilda davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, jumladan, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Akmal Ikromov va boshqa bir guruh qatag‘onga uchragan shaxslarning oqlanishi, bunda respublika rahbariyatining o‘rnini ko‘rsatib berishga oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyini eksponatlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2021 yil 19 oktyabrdagi 203-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi, yangi materiallar, tarixiy manbalar va ma’lumotlar, ilmiy iste’molga kiritilmagan arxiv hujjatlarining muzey ekspozisiyalarida namoyish etilishi tashrif buyuruvchilarning qatag‘on siyosati, davlat va jamoat arboblari faoliyati haqidagi tasavvurlari shakllanishiga xizmat qilgan.