Yo‘ldashev Abduvali Abdumutalibovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asr oxiri – XX asrning 20-yillarida Turkiston yoshlarining xorijda ta’lim olish masalalari”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami:  B2022.3.PhD/Tar537.
Ilmiy rahbar: Mustafaeva Nodira Abdullaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01. 
Rasmiy opponentlar: Ergashev Baxtiyor Ergashevich, tarix fanlari doktori, professor; Rasulov Abdulla Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr oxiri – XX asrning 20-yillarida Turkiston yoshlarining xorijda ta’lim olish masalalari, ta’lim turlari, talabalar ijtimoiy hayoti va keyingi taqdirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston ma’rifatparvarlari, sarmoyadorlari o‘z hisoblaridan “Jamiyati imdodiya”, “Tarbiyai atfol”, “Turon” jamiyatlarini tuzganliklari, sovet yillarida Turkiston ASSRda milliy ziyolilar hukumatga yoram berish maqsadida “Ko‘mak” uyushmasi va “Nashri maorif” jamiyati tashkillashtirganliklari, bu jamiyatlar tomonidan homiylik, xayriya asosida yig‘ilgan mablag‘larni iqtidorli yoshlarni topish va xorijga o‘qishga yuborish, chet ellarda o‘qiyotgan talabalarni moddiy hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirganliklari dalillangan;
1920-1924 yillarda TASSR, BXSR, XXSR hukumatlarining iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib yoshlarning xorijdagi ta’limiga e’tibor turlicha bo‘lganligi, bunda BXSR hukumatining RSFSR bilan shartnomasiga muvofiq imtiyozlarning mavjudligi, xorijdagi vakolatxonalari va chet ellar bilan savdo aloqalari o‘rnatganligi, imkoniyatlari mavjudligi bois o‘z talabalari bilan bir qatorda, TASSR va XXSR yoshlarini ham Germaniyadagi ta’limiga  ko‘mak berganligi isbotlangan;
XX asrning dastlabki choragida xorijda o‘qigan turkistonlik yoshlar ta’lim davrida o‘zaro bir-birlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilib, Istanbulda “Buxoro ta’mimi maorif”, Ufada “Turkistonlik talabalar jamiyati”, Germaniyada “Turkiston talabalar uyushmasi”, Turkiyada “Turkiston turk yoshlari birligi” nomli birlashmalar tuzganliklari, turli madaniy tadbirlar tashkil etish orqali o‘z milliy madaniyatini chet ellarda targ‘ib qilishga xizmat qilganliklari aniqlangan;
XX asrning 20-yillarida Evropadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, iqtisodiy tanglik holati tufayli turkistonlik talabalar moddiy muammolarga duch kelganligi oqibatida ba’zi yoshlar o‘qishni to‘xtatishga majbur bo‘lganligi, bu vaziyatda BXSR hukumati o‘z talabalari ta’minotida mablag‘lar miqdorini oshirib borganligi, TASSR hukumati tomonidan esa bu ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, XXSR ushbu masalada e’tiborsiz bo‘lganligi dalillangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asr oxiri – XX asrning 20-yillari Turkiston yoshlarining xorijda ta’lim olishi masalalari tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natija va takliflar asosida:
Turkiston ASSR, BXSR, XXSR hukumatlari yoshlarining xorijdagi ta’limiga turlicha e’tibor qaratganligi, bunda BXSR hukumatining siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlari nisbatan keng ekanligi bois o‘z talabalari bilan bir qatorda, TASSR va XXSR hukumatlaridan Germaniyaga borgan ayrim talabalar ta’minotini qoplashda yordam berganiligi, turkistonlik talabalar xorijda ta’lim olishi jarayonida muammolarga uchragani, yoshlarning xorijiy ta’limida “Ko‘mak” uyushmasi, “Nashri maorif” jamiyatining alohida o‘rni bo‘lganligi kabi ilmiy natijalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida bajarilgan OT-F1-132 “O‘zbekiston davlatchiligi tarixi tarixshunosligi: nazariyasi va shakllanishining tarixiy bosqichlari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 17 iyundagi 3/1255-1428-son ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi sovet hokimiyati hukmronligi yillarida Turkiston yoshlarining xorijga yuborilishi tarixi, mohiyati hamda uning ahamiyatini o‘rganish uchun keng imkoniyat yaratgan.
Turkiston yoshlarining xorijda ta’lim olish masalasi va undagi muammolar, jadid ma’rifatparvarlari hamda mahalliy tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan xayriya jamiyatlari va ularning yoshlar ta’limiga yordami, ta’lim jarayonidagi muammolari, chet elda ta’lim olib kelgan yoshlarning o‘z yurtidagi faoliyati, taqdiriga oid ma’lumotlardan “Oʻzbekiston tarixi” telekanalining “Tarixiy savol” ko‘rsatuvi ssenariylarini tuzishda foydalanilgan. (Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston” teleradiokanali” davlat muassasasining 2021 yil 14 dekabrdagi 01-4/4-1867-son ma’lumotnomasi) Tadqiqot natijalari O‘zbekiston tarixini yanada chuqurroq o‘rganish uchun, bugungi yoshlarning xorijda ta’lim olishiga bo‘lgan maqsadlarini to‘g‘ri yo‘naltirish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish