Norov Akmal Yunusovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Kar`erlarda yig‘ilmagan tog‘ jinsi massasiga portlatuvchi moddali skvajinali zaryadlarini portlatish usulini ishlab chiqish orqali razval parametrlarini samarali boshqarish», 04.00.10 – Geotexnologiya (ochiq, er osti va qurilish) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/T2273.
Ilmiy rahbar: Mislibaev Ilxom Tuychibaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.17/04.06.2021.T.06.02.
Rasmiy opponentlar: Aliqulov Shuhrat Sharofovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Maxmudov Dilmurod Raxmatjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS»ning Olmaliq shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yig‘ilmagan tog‘ jinsi massasiga portlatuvchi moddali skvajina zaryadlarini portlatish usulini ishlab chiqish orqali portlatilgan tog‘ jinsi razvalining samarali parametrlarini boshqarish va buning natijasida kon qazish hamda yuklash mashinalarining unumdorligini, ochiq kon ishlarini olib borilishining tejamkorligi va xavfsizligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli tog‘ jinslarida tirgak devorning shakli va geometrik parametrlariga bog‘liq xolda yig‘ilmagan tog‘ jinsi massasiga portlatuvchi moddalarning skvajinali zaryadlari bilan portlatilgan tog‘ jinslari razvalining kengligi va maksimal balandligi aniqlangan;
sanoat portlatuvchi moddalarning energetik ko‘rsatkichlariga, tog‘ jinslarini fizik-mexanik xususiyatlariga hamda portlatiladigan blokni parametrlariga bog‘liq ravishda tirgak devorning trapesiyasimon shaklini qo‘llash orqali portlatilgan tog‘ jinslari razvalining kengligini o‘zgarishi aniqlangan;
tog‘ jinslarini fizik-mexanik xususiyatlariga, portlatiladigan blokni parametrlariga hamda emul`siyali portlatuvchi moddalarni qo‘llanilishi bilan skvajinali zaryadlarni portlatishda trapesiyasimon shakldagi tirgak devorning balandligi va kengligini o‘zgarishiga bog‘liqligi aniqlangan;
siqilgan muhitda trapesiyasimon shakldagi tirgak devor va tog‘ jinslarining portlatilgan razvalining parametrlarini hisoblash formulalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yig‘ilmagan tog‘ jinsi massasiga PM skvajinali zaryadlarni portlatish orqali portlatilgan tog‘ jinslari razvalining samarali parametrlarini boshqarish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
trapesiyasimon shakldagi tirgak devorni qo‘llash bilan tog‘ jinslari massivini portlatish usuli «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ ning Markaziy kon boshqarmasi Muruntau kar`erida joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning 2022 yil 10 oktyabrdagi 23.01-01-07/680-son ma’lumotnomasi). Natijada, tog‘ jinslarini maydalanish darajasini yaxshilash, qazish yuklash ishlar unumdorligini oshirish, portlatilgan tog‘ jinsi massasining razvalini parametrlarini tartibga solish, massivni geologik strukturasini saqlash hamda kon ishlarini xavfsiz olib borish imkonini bergan;
trapesiyasimon shakldagi tirgak devorni qo‘llash bilan siqilgan muhitni samarali parametrlari «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ ning Markaziy kon boshqarmasi Muruntau kar`erida joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning 2022 yil 10 oktyabrdagi 23.01-01-07/680-son ma’lumotnomasi). Natijada, portlatilgan tog‘ jinslari bo‘laklarining o‘rtacha o‘lchamini va yirik o‘lchamli tog‘ jinslarini miqdorini kamaytirish hisobiga ekskavatorlarni ish unumdorligini oshirish imkonini bergan.