Yuldasheva Matluba Ashuralievnaning
falsafa doktori (RhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rmon xo‘jalik plantatsiyalarida erlarni ekishga tayyorlaydigan kombinatsiyalashgan agregat rotatsion yumshatkichining parametrlarini asoslash”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/T2414
Ilmiy rahbar: texnika fanlari nomzodi, professor Xudoyarov Anvar Nazirjonovich
Dissertatsiya bajarilgan muassasa (muassasalar) nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/30.06.2021.T.126.02
Rasmiy opponentlar: Boyboboev Nabijon G‘ulomovich, texnika fanlari doktori, professor; Nasirov Ilxam Zakirovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rmon xo‘jalik plantatsiyalarida erlarni ekishga tayyorlashni daladan bir o‘tishda amalga oshiradigan kombinatsiyalashgan agregat rotatsion yumshatkichining turini tanlash va parametrlarini asoslash yo‘li bilan ish sifatini oshirish va sarf-xarajatlarni kamaytirishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kombinatsiyalashgan agregatning konstruksiyasi o‘rmon xo‘jaligi plantatsiyalarida manzarali daraxt va noyob gul ko‘chatlarini ekishdan oldin erlarni tayyorlashga qo‘yiladigan talablarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;
rotatsion yumshatkichning radiusi, kinematik rejimi, aylanishlar soni hamda talab etiladigan quvvatni aniqlash imkonini beradigan analitik ifodalar tuproqning xossalari va agregat harakat tezligini hisobga olgan holda olingan va ularning o‘zgarish chegaralari aniqlangan;
kombinatsiyalashgan agregat rotatsion yumshatkichining parametrlari tuproq xossalari, uning uvalanish darajasi belgilangan me’yordan kam bo‘lmasligi hamda energiya sarfi va tortishga qarshilik minimal bo‘lishi hisobga olingan holda asoslangan;
rotatsion yumshatkich parametrlarining maqbul qiymatlari uning agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlarini baholovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Respublikamiz o‘rmon xo‘jalik plantatsiya erlarini ekishga tayyorlashda qo‘llaniladigan kombinatsiyalashgan agregat rotatsion yumshatkichining parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
kombinatsiyalashgan agregatga dastlabki talablar va texnik topshiriq ishlab chiqilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2021 yil 20 sentyabrdagi №04-231-3799-son ma’lumotnomasi). Natijada yumshatilgan, mayin va talab darajasidagi tuproq qatlamini hosil qilish bilan birga ekishga tayyorlash imkonini beradigan kombinatsiyalashgan agregat yaratilgan;
ishlab chiqilgan kombinatsiyalashgan agregatning tajribaviy nusxasi Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligida, Andijon viloyati fermer xo‘jaliklarida va «Andijonyo‘lko‘kalam» unitar korxonasiga qarashli ko‘chatxonasida joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2021 yil 20 sentyabrdagi №04-231-3799-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqilgan rotatsion yumshatkich bilan jihozlangan kombinatsiyalashgan agregat qo‘llanilganda mehnat sarfi 14,53% ga va gektariga sarflanadigan ekspluatatsion xarajatlar esa 30,3% ga kamayishiga erishilgan;
kombinatsiyalashgan agregatning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun uning loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy topshiriq va chizmalar) «Andijon mexanika zavodi» sho‘ba korxonasida loyihalash jarayoniga joriy etilgan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” UK “Andijon mexanika zavodi” ShK sining 2021 yil 19 avgustdagi №1660-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan rotatsion yumshatkichlar bilan jihozlangan kombinatsiyalashgan agregatni ishlab chiqish imkoni yaratilgan.