Babakulov Zafar Kurbonnazarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tovar belgilarining fuqarolik-huquqiy maqomini takomillashtirish istiqbollari”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Yu141.
Ilmiy maslahatchi: Okyulov Omanbay, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Ruzinazarov Shuxrat Nuralievich, yuridik fanlar doktori, professor; Kamalov Oybek Axmatovich, yuridik fanlar doktori, professor; Raimova Nargiza Doroevna, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tovar belgilarining fuqarolik-huquqiy maqomining qonunchilik asoslarini takomillashtirish, xususan huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqib, tovar belgilarining ilmiy-nazariy masalalarini asoslash, tegishli xalqaro hujjatlar qoidalarini milliy qonunchilikka qo‘llash mexanizmini ishlab chiqish va takliflar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tovar belgisidan oxirgi uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida uzrli sababsiz uzluksiz foydalanilmagan taqdirda, uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi bo‘yicha sudning qaroriga asosan bekor qilinishi mumkinligi asoslangan;
da’vo muddatini qo‘llash haqidagi ariza faqatgina birinchi instansiya sudi tomonidan ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha sud hujjati qabul qilingunga qadar berilishi mumkinligi, agar bunday ariza ishni apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rish jarayonida berilsa, u qanoatlantirilmasligi va bu haqida sud hujjatining asoslantiruvchi qismida ko‘rsatilishi, bundan ishning sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmagan javobgar yo‘qligida ko‘rilganligi sababli birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori (sud hujjati) bekor qilinib, nizo yuzasidan yangi qaror qabul qilingan hollar mustasnoligi asoslangan;
da’vogar tomonidan o‘tkazib yuborilgan da’vo muddatini uzrli deb topish va uni tiklash haqida ariza faqatgina birinchi instansiya sudiga berilishi, da’vo muddatining o‘tkazib yuborilganligi faqat birinchi instansiya sudi tomonidan uzrli deb topilishi mumkinligi, bunday arizaning apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rilayotgan paytda berilishi o‘tkazib yuborilgan da’vo muddatini tiklash va buzilgan huquqni himoya qilinishi uchun asos bo‘la olmasligi asoslantirilgan;
sudlarda nizoli bo‘lgan bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talab faqat FKda ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan taqdim etilishi mumkinligi bois sud muhokamasi davomida da’vogarda nizoli bo‘lgan bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida da’vo taqdim etish huquqi mavjud emasligi aniqlansa, da’voni qanoatlantirish rad etilishi asoslantirilgan;
tovar belgisiga doir mutlaq huquq guvohnomada ko‘rsatilgan tovarlarga nisbatan amal qilishi, bunda mutlaq huquq tovar belgisi Tovar belgilarining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran ro‘yxatdan o‘tkazishning amal qilish davrida amalga oshirilishi hamda tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘sha kunning o‘zida Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi lozimligi asoslantirilgan;
tovar belgisidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada o‘xshash bo‘lgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun jarima qo‘llash tartibi va miqdori, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan o‘tkaziladigan tekshiruvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishuvga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda tovar belgilaridan foydalanish va uni muhofaza qilishning tashkiliy-huquqiy jihatlarini aniqlash, tartibga solish va hal qilish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tovar belgisidan oxirgi uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida uzrli sababsiz uzluksiz foydalanilmagan taqdirda, uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi bo‘yicha sudning qaroriga asosan bekor qilinishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1104-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 5 oktyabrdagi O‘RQ-640-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.10.2020 y., 03/20/640/1348-son) va 2001 yil 30 avgustdagi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 25-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 5 oktyabrdagi O‘RQ-640-sonli Qonuni tahririda - Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.10.2020 y., 03/20/640/1348-son) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021 yil 15 oktyabrdagi 10-son dalolatnomasi). Ushbu taklif tovar belgilariga nisbatan shunchaki egalik qilish huquqini aniq muddatga ko‘ra cheklashga xizmat qilgan;
da’vo muddatini qo‘llash haqidagi ariza faqatgina birinchi instansiya sudi tomonidan ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha sud hujjati qabul qilingunga qadar berilishi mumkinligi, agar bunday ariza ishni apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rish jarayonida berilsa, u qanoatlantirilmasligi va bu haqida sud hujjatining asoslantiruvchi qismida ko‘rsatilishi, bundan ishning sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmagan javobgar yo‘qligida ko‘rilganligi sababli birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori (sud hujjati) bekor qilinib, nizo yuzasidan yangi qaror qabul qilingan hollar mustasno to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2015 yil 19 iyun` 282-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining da’vo muddatiga oid normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 9-bandiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021 yil 20 apreldagi 18-son qarori tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 12 dekabrdagi 11-82-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif tovar belgilari va boshqa mulkiy xususiyatdagi nizolarga oid da’vo arizani sudlarga kiritishning protsessual muddatini aniq belgilashga xizmat qilgan;
da’vogar tomonidan o‘tkazib yuborilgan da’vo muddatini uzrli deb topish va uni tiklash haqida ariza faqatgina birinchi instansiya sudiga berilishi, da’vo muddatining o‘tkazib yuborilganligi faqat birinchi instansiya sudi tomonidan uzrli deb topilishi mumkinligi, bunday arizaning apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rilayotgan paytda berilishi o‘tkazib yuborilgan da’vo muddatini tiklash va buzilgan huquqni himoya qilinishi uchun asos bo‘la olmasligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2015 yil 19 iyundagi 282-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining da’vo muddatiga oid normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 16.1-bandining birinchi xatboshisiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021 yil 20 apreldagi 18-son qarori tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 12 dekabrdagi 11-82-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif mulkiy va nomulkiy xususiyatdagi nizolarni faqat birinchi instansiya sudlari tomonidan uzrli deb topish va uni qo‘llashning protsessual tartibini amalga oshirishga xizmat qilgan;
sudlarda nizoli bo‘lgan bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talab faqat FKda ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan taqdim etilishi mumkinligi bois sud muhokamasi davomida da’vogarda nizoli bo‘lgan bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida da’vo taqdim etish huquqi mavjud emasligi aniqlansa, da’voni qanoatlantirish rad etilishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018 yil 19 maydagi 17-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” qarori 7-bandining birinchi xatboshisida hamda ushbu Plenum qarorining 26-bandida bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash bo‘yicha taklif o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 12 dekabrdagi 11-82-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif tovar belgisi va boshqa xususiyatdagi munosabatlarga oid nizoli bitimlarni haqiqiy emas deb topishga oid da’volar faqat ishga dahldor shaxslar tomonidan taqdim etilishining protsessual asoslarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
tovar belgisiga doir mutlaq huquq guvohnomada ko‘rsatilgan tovarlarga nisbatan amal qiladi. Bunda mutlaq huquq tovar belgisi Tovar belgilarining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran ro‘yxatdan o‘tkazishning amal qilish davrida amalga oshiriladi hamda tovar belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘sha kunning o‘zida Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi mazmunidagi taklif 2001 yil 30 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasi ikkinchi qismida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 avgustdagi O‘RQ–709-sonli Qonuni tahririda – Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.08.2021 y., 03/21/709/0808-son) (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16 iyundagi 12-19-8-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif tovar belgilariga aniq tovar turlarining tegishliligini va undan barchaning xabardor bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilgan;
tovar belgisidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada o‘xshash bo‘lgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun jarima qo‘llash tartibi va miqdori, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan o‘tkaziladigan tekshiruvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishuvga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi kerakligi mazmundagi takliflar 2001 yil 30 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonuniga yangi 371-modda kiritilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 avgustdagi O‘RQ–709-sonli Qonuni tahririda – Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.08.2021 y., 03/21/709/0808-son) (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16 iyundagi 12-19-8-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif tovar belgilaridan qonunga zid foydalanganlik uchun javobgarlikning aniq miqdorini belgilashga xizmat qilgan.