Sayt test rejimida ishlamoqda

Ismatova Nargiza Kamaritdinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): O‘zbekistonda xalq ta’limi tizimidagi islohotlar bosqichlari va muammolari  (1991 - 2021 yy.), 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Tar311.
Ilmiy rahbar: Pulatova Sevara Akmalovna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi – metodik markaz.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Ro‘zieva Dilnoz Isomjonovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Etakchi tashkilot nomi: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda mustaqillik yillarida xalq ta’limi tizimida amalga oshirilgan islohotlarning tarixiy ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
1991-2021 yillar davomida umumiy o‘rta ta’lim Davlat ta’lim standartlari (davlat talablari, o‘quv reja, dastur va baholash tartibi)ning 6 marotaba o‘zgarishi maktab darsliklarning muntazam yangilanishiga ta’sir ko‘rsatganligi, bu jarayon dars sifati, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarining pasayishiga, pirovardida jamiyatning barcha sohalarida salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash muammosini keltirib chiqarganligi dalillangan;
umumta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasining etarli bo‘lmaganligi, “2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy Dasturi”ning qabul qilinishiga bo‘lgan ehtiyoj, dasturni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, uni ta’lim sifatining barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsata olmaganligi, nodavlat ta’lim muassasalarining tashkil etilishi natijasida sohada raqobat muhitining vujudga keltirganligi ochib berilgan;
2009-2017 yillar davomida xalq ta’limi tizimiga ajratilgan davlat byudjeti mablag‘larining asosiy qismi ish haqi sifatida sarf etilganligi, kapital xarajatlar ulushining kamayib ketishi hamda turlicha moliyalashtirish natijasida hududlar o‘rtasidagi tafovutlarning ortib borishi maktablar sonining qisqarishiga olib kelgani, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent shahridagi maktablar ikki navbatda ishlaganligi dalillangan;
o‘quvchilar bilim darajasini baholash bo‘yicha Programme for International Student Assessment,  Progress in International Reading Literacy Study xalqaro dasturlari va  Trends in Mathematics and Science Study, International Computer and Information Literacy Study kabi tadqiqotlarda umumta’lim muassasalarining tizimli ravishdagi ishtiroki va Milliy o‘quv dasturlarining yaratilishi O‘zbekiston ta’lim tarixida yangi davrni boshlab berganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1991-2021 yillarda O‘zbekistonda xalq ta’limi tizimidagi islohotlar bosqichlari va muammolarini o‘rganish yuzasidan olingan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
1991-2017 yillar davomida umumiy o‘rta ta’lim Davlat ta’lim standartlarining 6 marotaba o‘zgarishi umumta’lim maktablarining fan dasturlarining o‘zgarishi, umumta’lim maktablarining darsliklarning o‘zgarishi esa dars sifatiga ta’sir ko‘rsatib, pirovardida jamiyatning barcha sohalarida salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash muammosini keltirib chiqarganligi bilan bog‘liq natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Tarixiy savol” (2020 yil, 19-24 noyabr`) va “O‘zbekiston” kanalining (2021 yil 2 oktyabr`) “Tonggi mehmon” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 22 yanvar` 06-28-132-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlarning umumiy o‘rta ta’lim tizimining sifat ko‘rsatkichlarini oshirish borasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari to‘g‘risidagi tasavvurlarini boyitishga imkon bergan;
maktablar moddiy bazasining zaifligi, umumta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi etarli emasligi tufayli qabul qilingan 2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturi – ilk bora nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish orqali ta’lim xizmati ko‘rsatish sohasida raqobat muhitni vujudga keltirish, qishloq va shahar maktablarining moddiy bazasi hamda jihozlanishidagi tafovutlarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga qaratilganligi bilan bog‘liq natijalardan 1 — 11-sinf “Tarbiya”, 8—11-sinf “O‘zbekiston davlat va huquq asoslari”, 11-sinf “Dunyo dinlari tarixi” fanidan zamonaviy darsliklarning yangi avlodini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 21 dekarbdagi 06-02/5-1947-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchi-yoshlarda tarbiya masalasidagi davlat siyosatining mazmun-mohiyatini tushunish imkoni paydo bo‘lgan;
xalq ta’limi tizimiga ajratilgan davlat byudjeti mablag‘larining asosiy qismi ish haqi va metodik ta’minotga sarf etilib, kapital xarajatlarning ulushining kamayib ketishi hamda turlicha moliyalashtirish natijasida  hududlar o‘rtasidagi tafovutlarning ortib borishi maktablar sonining qisqarishi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent shahridagi maktablar 40% ko‘proq ortiqcha quvvat bilan ishlashiga olib kelib, 2010-2016 yillarda ikki navbatda ishlaydigan maktablar 15% ortib borganligiga oid natijalardan O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining eng yangi tarixi” fundamental loyihasi (OT-F1-133) doirasida yaratilgan “Noveyshaya istoriya Uzbekistana” (t.d.n., prof. M.A.Raximova umumiy tahririda.) darsligi. –T.: Adabiyot uchqunlari, 2018. – 512 s.; qayta nashr: “Noveyshaya istoriya Uzbekistana” uchebnik. –T.: Nurafshon business, 2020. –512 s.) darsligining mazmunini boyitishda foydalanilgan. Natijada, oliy o‘quv yurtlari talabalarining xalq ta’limi tizimi tarixining 30 yil davomidagi holatiga oid ma’lumotlarni mazmunan boyitishga xizmat qilgan;
o‘quvchilar bilim darajasini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va tadqiqotlar (PISA – Programme for International Student Assessment, TIMSS – Trends in Mathematics and Science Study, PIRLS – Progress in International Reading Literacy Study, ICILS – International Computer and Information Literacy Study va boshqalar)da umumta’lim muassasalari o‘quvchilarining ishtiroki O‘zbekiston ta’lim tarixida yangi davrni boshlab berganligiga oidnatijalardan “Tarbiya” fanining Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2021 yil 23 dekabrdagi 19-son ma’lumotnomasi). Natijada bugungi davr talablariga mos, yangi avlod darsliklarini yaratish uchun zamonaviy DTS va o‘quv dasturlarini zamon talablariga mos holda takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish