To‘raeva Bahor Bahriddinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Zamonaviy romanchilikda xronotop poetikasining qiyosiy-tipologik tadqiqi», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Fil296.
Ilmiy maslahatchi: Xallieva Gulnoz Iskandarovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Murodov G‘ayrat Nekovich, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raeva Malohat Muhammadovna, filologiya fanlari doktori, professor; Cho‘ponov Otanazar Otojonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xronotopning klassik  va zamonaviy shakllari, turlari hamda ifoda usullaridan iborat tizimini zamonaviy romanlar misolida ilmiy-tahliliy, qiyosiy-tipologik va nazariy jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
xronotopning adabiy-estetik kategoriya sifatidagi nazariy-konseptual maqomi, uning shakllari (tarixiy, xronikaviy-maishiy, avantyur yoki sarguzasht,  mistik, fantastik, idilliya, mifologik, biografik, abadiyat (esxatologik), taqvim, real), turlari (lirik, epik, dramatik), kategoriyalari (o‘tmish, hozir, kelajak) hamda usullari (retrospeksiya, prospeksiya, retardatsiya)dan iborat yaxlit tizim ekanligi isbotlangan; 
parabola-romanning janriy xususiyatlari tadqiqot ob’ekti misolida tahlil qilinib, ijodkorlarning voqealarni badiiy-estetik jihatdan asoslash uchun asosiy syujet chizig‘iga parallel – analitik va sintezlashgan fol`klorizmlarni qo‘llash mahoratidagi individual (rivoyat va mif negizida syujet yaratish) va mushtarak (maqol, matal va xalq qo‘shiqlarining romanda qo‘llanilishi) xususiyatlari dalillangan; 
inson va jonzot ruhiy olamidagi evrilishlar mikroxronotop, ijtimoiy-tarixiy sharoitning qahramon taqdiri va fe’l-atvoriga ta’siri makroxronotop, texnokratlashayotgan olam fojialari, ilmiy kashfiyotlarni Yaratgan irodasiga qarshi qo‘llashning halokatli oqibatlari megaxronotop asosida ifodalanishi syujet, kompozisiya, motiv, obraz, detal, uslub singari poetik komponentlarning semantik-struktural munosabati doirasida aniqlangan;  
zamonaviy romanlarda hayot haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirishda o‘tmishga murojaat, o‘tgan voqealar va kechinmalar tahlili – retrospeksiya; kelajakka nazar, mo‘ljallangan xatti-harakatlar va voqea-hodisalarning namoyoni – prospeksiyaning roman badiiy maydonini kengaytirishdagi vazifasi izohlanib, romanlar xronotopining umumkonseptual sathida retrospeksiya usulining ustunligi isbotlangan;
yozuvchilarning qahramon yaratish mahorati, umumlashtirish va tipiklashtirish xususiyatlari, qahramon va jamiyat dialektikasi; peyzaj, portret, nutq, ichki monolog, gallyusinatsiya, tush kabi ruhiy tahlil vositalari asosida zamonaviy romanlar badiiy estetikasining semiotik voqelanishi dalillangan;
epik asarlarga xos kompozision usul – retardatsiyadan foydalanishda adiblar uslubidagi individuallik va universallik  aniqlanib, lirik chekinish, kiritma voqealar, rivoyat, epigraf, mufassal portret, personaj xarakteristikasini berishda ijodkorlar uslubiga xos  mushtaraklik – personajning o‘tmishi haqida hikoya qilish, peyzajning parallel va kontrast tasviri kabi kompozision vositalarning birlamchi xarakterga ega ekanligi asoslangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zamonaviy romanchilikda xronotop poetikasining qiyosiy-tipologik tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
 zamonaviy romanlar xronotopining mualliflar ijodiy niyati va asarlar g‘oyaviy-estetik  konsepsiyalaridan kelib chiquvchi o‘ziga xos shakllari, turlari va ifoda usullarining ijodiy-individual hamda qiyosiy-tipologik sinteziga oid xulosalardan Toshkentdagi AQSh Elchixonasi tomonidan moliyalashtirilgan SUZ80021IN3103 raqamli loyihada foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2022 yil 15 iyundagi 05-01-0941-son ma’lumotnomasi). Natijada qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov va o‘zbek romannavislari – O‘tkir Hoshimov, Normurod Norqobilov, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam uslubidagi mushtaraklik hamda o‘ziga xoslik qiyoslanib, hayotiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirish mahoratini  tahlil qilish imkoniyati yaratilgan;
parabola-romanning janriy xususiyatlari, ijodkorlarning voqealarni badiiy-estetik jihatdan asoslash uchun asosiy syujet chizig‘iga parallel – analitik va sintezlashgan fol`klorizmlarni qo‘llash, ya’ni amebey kompozisiyani yaratish mahoratidagi individuallik va universallikning sistem-struktur tahlili bilan bog‘liq natijalardan FA-F1-OO5 «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 16 maydagi 17.01.137-son ma’lumotnomasi). Natijada zamonaviy romanchilikda fol`klorning ertak, afsona, rivoyat, qo‘shiq kabi janrlarini yoxud ularga xos ayrim motiv hamda obrazlarni stilizatsiya qilish asosida syujet yaratish, fol`klor an’analaridan ijodiy foydalanish tamoyillari xususidagi mulohazalar boyitilgan;
zamonaviy roman poetikasi, xronotop nazariyasi va yaxlit tizimi,  Chingiz Aytmatov va zamonaviy o‘zbek romannavislarining falsafaning zamon-makon kategoriyasini badiiy zamon va badiiy makon adabiy-estetik hodisasiga aylantirish mahorati bilan bog‘liq  xulosa va umumlashmalardan 2021–2023 yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan FZ-201912258  raqamli «O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 5 iyuldagi 04/1-2243-son ma’lumotnomasi). Natijada ijodkorlarning olam tasvirini badiiy xronotop orqali qayta yaratish mahoratiga doir ilmiy-nazariy qarashlar loyiha mazmun-mohiyatini  boyitgan;
epik asarlarga xos kompozision usul – retardatsiyadan foydalanishda adiblar uslubidagi o‘ziga xoslik, ya’ni Ch.Aytmatov romanlarida lirik chekinish, kiritma voqealar, rivoyat, epigraf, N.Norqobilov romanlarida mufassal portret, personaj xarakteristikasini berish hamda har ikki ijodkor uslubiga xos  mushtaraklik – personajning o‘tmishi haqida hikoya qilish, peyzajning parallel va kontrast tasviri kabi kompozision vositalar qo‘llanilishi xususidagi xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining  yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini o‘tkazish chora-tadbirlarini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2022 yil 17 iyundagi 01-03/807-son ma’lumotnomasi). Natijada yozuvchilarning retardatsiyadan foydalanish mahorati to‘g‘risidagi ilmiy-nazariy xulosalar yosh yozuvchilarning ijod, adabiyot va hayot haqidagi tasavvurlarini kengaytirgan;  
falsafiy-didaktik muammolar, ijtimoiy-tarixiy sharoitning qahramon taqdiri va fe’l-atvoriga ta’sirini teran badiiy tadqiq etish, qahramonning ruhiy olami, orzu-armonlari ijtimoiy asosga egaligi va bularni ijtimoiy-psixologik jihatdan asoslashga intilish yozuvchining ijodiy niyati zamirida mega, makro hamda mikroxronotop orqali ochib berilishiga oid xulosalardan Buxoro viloyati xokimligi tomonidan akademik To‘ra Mirzaev nomidagi axborot-kutubxona markazida yoshlar o‘rtasida besh bosqichdan iborat «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida «Zukko kitobxon» tadbirini o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Buxoro viloyati hokimligi apparatining 2022 yil 9 iyundagi 11/3605-son ma’lumotnomasi). Natijada to‘rtinchi tashabbusda ko‘rsatilgan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan vazifalar muayyan darajada amalga oshirishga erishilgan;
yozuvchilarning qahramon yaratish mahorati, umumlashtirish va tipiklashtirish xususiyatlari, qahramon va jamiyat dialektikasi; peyzaj, portret, nutq, ichki monolog, gallyusinatsiya, tush kabi ruhiy tahlil vositalari asosida Ch.Aytmatov asarlarining tahliliga doir xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan Chingiz Aytmatovning «Jamila» qissasi tahliliga bag‘ishlangan «Birgalikda o‘qiymiz» ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali davlat muassasasining 2022 yil 8 iyundagi 01-02-03/107-son ma’lumotnomasi). Natijada  teletomoshabinlarning buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning ijodiy merosi, asarlarida ilgari surilgan umuminsoniy qarashlar bo‘yicha xulosalarini boyitishda muhim ahamiyat kasb etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish