Ikramova Aziza Aminovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «XX asr ingliz va o‘zbek shoirlari ijodida she’riy dramaning badiiy taraqqiyoti», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2021.4.PhD/Fil2104.
Ilmiy rahbar: Quvvatova Dilrabo Xabibovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Qarshibaeva Uljan Davirovna, filologiya fanlari doktori, professor; Hajieva Feruza Melsovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asr ingliz va o‘zbek adabiyotida she’riy dramalarning shakllanish omillari, g‘oyaviy-badiiy takomil bosqichlari, o‘ziga xos poetik-kompozision xususiyatlari, janr tabiatida dramatik va lirik tur belgilarining sinkretlashish qonuniyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz adabiyotshunosligida “verse drama”, “poetic drama”, “dramatic poem”; rus adabiyotshunosligida esa “liricheskaya drama”, “poeticheskaya drama”, “stixotvornaya drama” kabi terminlar orqali ifoda etilgan she’riy dramaning janr sinkretizmi jarayoni mahsuli ekanligi, uning lirik, epik va dramatik tur xususiyatlarini o‘zida singdirganligi, dinamik xarakter kasb etishi, g‘oyaviy-estetik hamda kompozision, ya’ni syujet qurilishidagi badiiy vazifalari dalillangan;
she’riy dramaning genezisi Esxil tragediyalari, Sofoklning Edip haqidagi rivoyatlar asosida yozilgan asarlari “Edip shoh”, “Edip Kolonda” va “Antigona” asarlari, Uyg‘onish davri adabiyoti va o‘zbek mumtoz adabiyotidagi badiiy mahoratga xos takomil belgilari, individuallik hamda umumiylik, yaqinlik va o‘xshashlik (mushtaraklik) qirralari ochib berilgan;
XIX-XX asr oralig‘idagi adabiy evrilishlar mahsuli bo‘lgan she’riy dramaning spesifik xususiyatlari janr namunalarining sidirg‘asiga (remarka bundan mustasno) she’rda yozilishi, lirizmning ustuvorligi va asosiga ma’naviy muammolarning qo‘yilishi, lirik “men” muallifning o‘zi ekanligi; badiiy to‘qima orqali lirik kechinma, isyonkor tuyg‘ularni ifodalash mumkinligi, voqelikka hissiy munosabat bildirishning ustunligi aniqlangan;
janr tabiatida drama, roman, doston (epos va lirika) tabiatiga xos belgilarning o‘zaro sinkretlashuv xususiyati musiqa, san’at va she’r uyg‘unligi (V.B.Yeyts), lirik elementlar dramatizm bilan uyg‘unlik kasb etishi (T.Eliot), hissiyot (she’riy shakl) va voqelik (nasriy shakl) tasviri mutanosib kelishi (Oybek) kabilar aniqlanib, janr takomili “lirizm – she’riy shakl + dramatizm – monolog, dialog + musiqa (qo‘shiq) + epizm (voqeabandlik) = sinkretik janr” tarzida namoyon bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada XX asr ingliz va o‘zbek adabiyotida she’riy dramaning badiiy taraqqiyoti bo‘yicha olingan natijalar asosida:
she’riy drama nazariyasiga oid qarashlar, unda monolog va dialogning vazifalari, dialogning drama badiiy strukturasida voqealar rivoji, xarakterlararo to‘qnashuvlarni ochib beruvchi muhim unsur ekanligi aks etgan faktik materiallarga oid nazariy xulosalardan O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutining 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan FA-F1-005 raqamli «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutining 2022 yil 4 apreldagi 17.01/102-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz va o‘zbek adabiyotida takomil topgan she’riy drama janr tabiatiga xos muhim xususiyatlari, badiiy asarda, xususan, drama strukturasida dialog va monolog muhim o‘rin tutganligi aniqlangan;
she’riy drama janrida dramaga xos belgilarning namoyon bo‘lishi, unda sinkretlashuv jarayonlarining kechganligi, lirik elementlar dramatizm bilan uyg‘unlik kasb etishi, hissiyot va voqelik tasviri mutanosib kelishi bilan bog‘liq ilmiy xulosa va qarashlardan Samarqand davlat chet tillar institutining Erasmus+ dasturi 561624-EPP-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS+CBHE IMEP: “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” mavzusidagi innovatsion loyihasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2022 yil 10 maydagi 1114/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz va o‘zbek adabiyotida takomilga erishgan she’riy drama badiiy strukturasidagi o‘zgarishlarni nazariy asoslashga erishilgan;
XX asr ingliz va o‘zbek she’riy dramalari nazm va drama unsurlari sintezining hosilasi o‘laroq yuzaga kelganligi, bu xususiyat janr takomilida, poetikasida aks etayotganligi, bunda Sharq va G‘arb an’analarining uyg‘unlashib borayotganligi T.Eliot, V.Yeyts, Oybek, H.Olimjon, M.Shayxzoda, I.Mirzo kabi ijodkorlarning asarlari misolida o‘z ilmiy tasdig‘ini topishi singari masalalarni yoritishda O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutining FA-F1-OO5 «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish» (2017-2020 y.y.) mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutining 2022 yil 4 apreldagi 17.01/102-son ma’lumotnomasi). Natijada XX asr ingliz va o‘zbek adabiyotida she’riy dramalarning shakllanishi va badiiy taraqqiyot xususiyatlari, ilmiy-nazariy asoslarini yoritishga erishilgan;
XIX-XX asr oralig‘idagi adabiy evrilishlar mahsuli bo‘lgan she’riy dramaning spesifik xususiyatlari, janr namunalarining sidirg‘asiga she’rda yozilishi, lirizmning ustuvorligi va asosiga ma’naviy muammolarning qo‘yilishi, badiiy to‘qima orqali lirik kechinma, isyonkor tuyg‘ularni ifodalash mumkinligiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasida “Assalom, Buxoro”, “Sakkizinchi mo‘’jiza” ko‘rsatuvlarining 2022 yil aprel` va may sonidagi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2022 yil 11 maydagi 1/100-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuvlar orqali muxlislarning T.Eliot, V.Yeyts, Oybek, H.Olimjon, M.Shayxzoda, I.Mirzo kabi o‘nga yaqin ijodkorlarning she’riy dramalari, so‘nggi yillarda teatr san’atining rivojiga hissa qo‘shayotgan dramaturglarimiz haqidagi ma’lumotlarini kengaytirishga, milliy-ma’naviy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan ko‘rsatuvlar ssenariysini boyitishga xizmat qilgan.