Abdiqulov Farrux Ilhomjon o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Samarqand viloyati bioiqlimiy sharoitlari va ulardan turizmni rivojlantirishda foydalanish imkoniyatlari», 11.00.04 - Meteorologiya. Iqlimshunoslik. Agrometeorologiya (geografiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Gr185.
Ilmiy rahbar: Xolmatjanov Baxtiyar Maxamatjanovich, geografiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27/30.12.2019.Gr.47.01.
Rasmiy opponentlar: Kamalov Baxodir Asomovich, geografiya fanlari doktori, dotsent; Xolboev Gulmon Xolboevich, geografiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Samarqand viloyatining iqlimiy tavsifini tuzish, bioiqlimiy sharoitlari hamda viloyatda turizmni rivojlantirishda ulardan foydalanish imkoniyatlarini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
havo qurg‘oqchiligining termogigrometrik koeffisientini hisoblash ifodasiga kiruvchi havo harorati va namligining inson organizmi issiqlik hissiyotiga ta’sir yo‘nalishlari matematik tahlil asosida aniqlangan va uni O‘zbekistonda bioiqlimiy sharoitlarni tavsiflashda qo‘llash mumkinligi asoslangan; 
turistik maqsadlarda foydalanish uchun Samarqand viloyatida joylashgan meteorologiya stansiyalarining so‘nggi o‘n yillik (2009-2018 yy.) davrdagi havo harorati va namligi, bulutlilik, atmosfera yog‘inlari, shamol tezligi va yo‘nalishi to‘g‘risidagi muddatli kuzatuv ma’lumotlarini statistik tahlili asosida viloyatning iqlimiy tavsifi tuzilgan;
havo qurg‘oqchiligi termogigrometrik koeffisientining yaqqol ifodalangan sutkalik va yillik o‘zgarishlarga egaligi aniqlangan hamda uning asosida issiqlik hissiyoti zonalarining kuzatish muddatlari bo‘yicha dekadalik takrorlanuvchanliklari miqdoriy baholangan;
issiqlik hissiyoti, ob-havo sharoitlarining estetik va fizikaviy tashkil etuvchilari dekadalik taqsimoti orqali ifodalangan ko‘p yillik o‘rtacha bioiqlimiy sharoitlarni qulaylik darajalari bo‘yicha aks ettiruvchi “Iqlimiy-turistik-axborot sxemasi” ishlab chiqilgan;
bioiqlimiy sharoitlarni hisobga olgan holda Samarqand viloyatida turizm turlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Samarqand viloyati bioiqlimiy sharoitlari va ulardan turizmni rivojlantirishda foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
havo qurg‘oqchiligining termogigrometrik koeffisientini hisoblash ifodasiga kiruvchi havo harorati va namligining matematik tahlili asosida aniqlangan inson organizmi issiqlik hissiyotiga ta’sir yo‘nalishlari va uni O‘zbekistonda bioiqlimiy sharoitlarni tavsiflashda qo‘llash imkoniyatlari O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi amaliyotida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining 2022 yil 13 iyundagi 30-06/66-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekistonning turli tabiiy-geografik sharoitlarga ega bo‘lgan mintaqalarida bioiqlimiy sharoitlarni baholashning uslubiy asoslarini yaratish imkonini bergan;
turistik maqsadlarda foydalanish uchun Samarqand viloyatida joylashgan meteorologiya stansiyalarining so‘nggi o‘n yillik (2009-2018 yy.) davrdagi havo harorati va namligi, bulutli va quyoshli kunlar, atmosfera yog‘inlari miqdori, shamol tezligi va yo‘nalishi to‘g‘risidagi muddatli kuzatuv ma’lumotlarini statistik tahlili asosida tuzilgan viloyatning iqlimiy tavsifi O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi amaliyotida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining 2022 yil 13 iyundagi 30-06/66-son ma’lumotnomasi). Natijada, viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlarni ishonchli iqlimiy ma’lumotlar bilan ta’minlash imkonini bergan;
havo qurg‘oqchiligi termogigrometrik koeffisientining aniqlangan yaqqol ifodalangan sutkalik va yillik o‘zgarishlarga egaligi hamda uning asosida hisoblangan issiqlik hissiyoti zonalarining kuzatish muddatlari bo‘yicha dekadalik takrorlanuvchanliklarini miqdoriy baholash natijalari O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi amaliyotida  joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining 2022 yil 13 iyundagi 30-06/66-son ma’lumotnomasi). Natijada, issiqlik hissiyotining sutkalik va yillik taqsimotini baholash usuli biometeorologik sharoitlarning kartografik modelini yaratishga imkon bergan;
issiqlik hissiyoti, ob-havo sharoitlarining estetik va fizikaviy tashkil etuvchilari dekadalik taqsimoti orqali ifodalangan ko‘p yillik o‘rtacha biometeorologik sharoitlarni qulaylik darajalari bo‘yicha aks ettiruvchi “Iqlimiy-turistik-axborot sxemasi” O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi va O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi amaliyotida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining 2022 yil 13 iyundagi 30-06/66-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining 2022 yil 27 iyundagi 04-18-2885-son ma’lumotnomasi). Natijada, taklif etilgan sxema turistik markazlarning bioiqlimiy sharoitlari bukletlarini yaratishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
bioiqlimiy sharoitlarni hisobga olgan holda Samarqand viloyatida turizm turlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi amaliyotida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining 2022 yil 27 iyundagi 04-18-2885-son ma’lumotnomasi). Natijada, Samarqand viloyati hududida bioiqlimiy sharoitlarni hisobga olgan holda turistik faoliyat turlarini barqaror rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish