Ibrohimova Zulxumor Solix qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Oilaga qarshi jinoyatlarning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari”, 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Yu557.
Ilmiy rahbar: Abduqodirov Sherzod Yoqubjonovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Axmedova Go‘zalxon Utkurovna, yuridik fanlar doktori, dotsent; Najimov Miratdiyin Shamshetdinovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.    Tadqiqotning maqsadi oilaga qarshi jinoyatlar bilan kurashishning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.   Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarini tashkil etishda zamonaviy namunali oila mezonlarini hayotga joriy etish, oilaviy ajralishlarning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish kabi jihatlarga ustuvor ahamiyat berilishi zarurligi asoslangan;
moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni, shuningdek mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikni differensiatsiyalash va liberallashtirish zarurati asoslangan;
ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lganda jinoiy javobgarlikni og‘irlashtirish zarurligi asoslangan;
moddiy ta’minlash majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qoplangan taqdirda shaxs aynan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishining aniqlashtirilishi zarurati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Oilaga qarshi jinoyatlarning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va zamonaviy namunali oila mezonlarini hayotga joriy etish, oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish, oilalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 820-son qarorining 1 va 2-bandlarini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 21 maydagi 12/21-25-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi mamlakatimizda oila institutini mustahkamlashga va shu orqali oilaga qarshi jinoyatlarning oldini olishga xizmat qilgan;
voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash hamda ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–459-son qonunining 31-moddasi bilan kiritilgan qo‘shimchalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122 va 123-moddalarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 2021 yil 21 maydagi 27/142-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi oilaga qarshi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikni differensiatsiyalash hamda jinoyat qonunini liberallashtirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 136-moddasida ko‘zda tutilgan ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilangan jinoyat-huquqiy normani mazkur harakat og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan hollarda, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash maqsadga muvofiqligi haqidagi taklifdan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasining 166-moddasi 2-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021 yil 21 maydagi 27/144-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi oilaga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashish va ularning oldini olishga xizmat qilgan;
voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni hamda ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlik belgilangan normalarga shaxs o‘zining moddiy (aliment) majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan taqdirda, shaxs aynan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishining aniqlashtirilishiga oid takliflardan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasining 148-moddasi 2-qismi va 149-moddasi 2-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021 yil 21 maydagi 27/144-21-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi oilaga qarshi sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga va ularning oldini olishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish