Ergashev Shaxriyor Hamudillaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Muqobil energiya manbalari asosida kombinatsiyalashgan “chorvachilik-gelioissiqxona kompleksi”ning energiya samaradorligini oshirish”, 05.05.06-“ Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/T1158.
Ilmiy rahbar: Xayriddinov Batir Egamberdievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.09.2020.T.111.03.raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Iskandarov Zafar Samandarovich, texnika fanlari doktori, professor; Imomov Shavkat Jaxonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi muqobil energiya manbalari asosida kombinatsiyalashgan “chorvachilik-gelioissiqxona kompleksi”ning energiya samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
havoning aylanma harakatlanish imkonini beruvchi yopiq so‘rish-chiqarish, shamollatish va avtonom issiqlik ta’minoti tizimli chorvachilik binosining ikkilamchi energiya resurslarini utilizatsiya qilish hisobidan isitiladigan, kombinatsiyalashgan “chorvachilik-gelioissiqxona kompleksi” ishlab chiqilgan;
“chorvachilik-gelioissiqxona kompleksi”dagi chorva mollari soni, ulardan ajraladigan issiqlik va karbonat angidrid miqdorini hisobga olib, issiqhona o‘simliklarining karbonat angidridga bo‘lgan ehtiyojini hamda umumiy issiqlik yuklamasini hisoblash imkonini beradigan dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan;
atrof-muhit, chorvachilik binosi va gelioissiqxona devori konstruksiyasining isiqlik-texnik parametrlari, ular orasidagi sirkulyasiyalanadigan havo sarfi, chorva mollaridan ajraladigan erkin issiqlik va namlik miqdorlarini hisobga olgan holda, kombinatsiyalashgan “chorvachilik-gelioissiqxona kompleksi”ning statik va dinamik holatdagi harorat rejimini hisoblash imkonini beradigan matematik model` ishlab chiqilgan;
chorvachilik binosi va gelioissiqxona o‘rtasida issiqlik uzatish jarayonini ta’minlash imkonini beradigan suvli bak akkumulyatori geometrik o‘lchamlarining issiqlik berish koeffisienti va energetik samaradorligini hisobga olgan holda optimal qiymatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Muqobil energiya manbalari asosida kombinatsiyalashgan “chorvachilik-gelioissiqxona kompleksi”ni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
gelioissiqxona-chorvachilik kompleksi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan foydali modelga patent olingan (№ FAP 01722; 2021 yil). Natijada chorvachilik binosining ikkilamchi energiya resurslarini utilizatsiya qilish hisobidan qiziydigan avtonom issiqlik ta’minoti tizimli kombinatsiyalashgan “chorvachilik-gelioissiqxona kompleksi” ishlab chiqilgan;
chorvachilik inshootining ikkilamchi energiya resurslarini utilizatsiya qilish hisobidan isiydigan kombinatsiyalashgan “chorvachilik-gelioissiqxona kompleksi” Chiroqchi tumanidagi “Toshpo‘lat bobo o‘g‘li O‘ral” va Qarshi tumanidagi “Baxt” fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 7 iyundagi №07/30-04/3696 sonli ma’lumotnomasi). Natijada taklif etilgan tizimning yoqilg‘i sarfi an’anaviy tizimlarga nisbatan 69-77 % ga, ekspluatatsiya xarajatlari 1,4 baravargacha kamayishiga, atrof-muhitga 4,7-6,7 tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldi olinishiga hamda an’anaviy usulda organik yoqilg‘i resurslari (tabiiy gaz, ko‘mir) asosida isitiladigan gelioissiqxonaga nisbatan bir isitish mavsumida 5293 m3 tabiiy gaz yoki 7176 kg shartli yoqilg‘i iqtisod qilinishiga erishilgan.