Ismatova Nargiza Adxamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Buxoro amirligi vaqf mulkchiligi tarixidan (XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2022.3.PhD/Tar726.
Ilmiy rahbarlar: [Ziyaeva Dono Hamidovna], tarix fanlari doktori, professor; Azamat Ziyo, tarix fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Otaxo‘jaev Azimxo‘ja Muzaffarovich, tarix fanlari doktori; Sultonov O‘ktambek Abdulg‘anievich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligi vaqf mulkchiligi holati, unga ta’sir ko‘rsatgan ichki va tashqi omillarni yoritish orqali Rossiya imeriyasi mustamlakachiligining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro amirligining Rossiya imperiyasi tomonidan protektoratga aylantirilishi, muhim hududlarning qo‘ldan ketishi hamda Zarafshon suvini taqsimlash huquqining mustamlakachilar ixtiyoriga o‘tishi, qolaversa, mintaqaning paxta etishtirishga moslashtirib borilishi, bevosita vaqf tizimida er-suv tanqisligi, vaqf mulklari daromadidan foydalanishning qiyinlashishi, ta’minotsiz qolgan ko‘plab masjid-madrasalarning qarovsiz holga kelib, davlat tasarrufiga o‘tib ketishi singari jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelganligi dalillangan;
Buxoro hukmdorlari imperiyaga tobe’ bo‘lgan holatda ham vaqf mulkchiligini tartibga solishdagi ahamiyatini hisobga olib, ariza (murojaat, shikoyat, hisobot) hamda qonunosti (muboraknoma, yorliq) hujjatlarning tizimli tarzda yuritilishiga katta e’tibor bilan yondashganliklari isbotlangan;
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida vaqf hujjatlarining hajmi qisqarib, ancha ixchamlashtirilgani aniqlanib, buning asosiy sabablari o‘rtahol aholining o‘z mulklarini kafolatlash maqsadida vaqf qilishga va shu orqali xayriya ishlariga ko‘proq kirishganligi hamda ularning moddiy ahvolidan kelib chiqib, rasmiylashtirishga ketadigan xarajatlarni kamaytirish bilan bog‘liqligi dalillangan;
Buxoro amirligi vaqf amaliyotidagi farqli jihatlar aniqlanib, tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi natijasida ilgari cheklangan hajmda bo‘lgan pul vaqflari soni ortib borganligi hamda mazkur mulk turi asosan ko‘chmas mulkka qo‘shimcha tarzda, boshqa ko‘chmas mulk sotib olish uchun ta’sis etilgani aniqlangan;
Amir Abdulahadxon tomonidan Madina shahridagi “Ravzai Munavvara” uchun ta’sis etilgan vaqf mulklari misolida Buxoro hukmdorlarining arab mamlakatlariga ajratgan xayriyalari asriy an’ana va qadriyatlar bilan bog‘liqligidan tashqari, ularning xalqaro maydondagi siyosiy mavqelarini mustahkamlashga xizmat qilgani asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligida vaqf mulkchiligi holati, vaqf xo‘jaliklari faoliyati, mulklarini ta’sis etish, vaqf hujjatlarini rasmiylashtirishga doir ma’lumotlardan O‘zR FA Tarix institutida 2012-2013 yillarda bajarilgan Fan va texnologiyalar qo‘mitasining IFA˗2012˗1˗13 raqamli innovatsion loyihasi doirasida tayyorlanib, chop etilgan “O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasi (4˗jild)”ni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 3/1255-3175-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan ma’lumotlar Buxoro amirligida ta’lim tizimi, ma’rifiy-madaniy muassasalar tarixi, mulkchilik munosabatlari singari ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni yoritishga xizmat qilgan;
Buxoro amirligining Rossiya imperiyasi tomonidan protektoratga aylantirilishi, muhim hududlarning qo‘ldan ketishi hamda Zarafshon suvini taqsimlash huquqining mustamlakachilar ixtiyoriga o‘tishi, qolaversa, mintaqaning paxta etishtirishga moslashtirib borilishi, bevosita vaqf tizimida er-suv tanqisligi, vaqf mulklari daromadidan foydalanishning qiyinlashishi, ta’minotsiz qolgan ko‘plab masjid-madrasalarning qarovsiz holga kelib, davlat tasarrufiga o‘tib ketishi singari jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar borasidagi ilmiy-nazariy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Manbalar so‘zlaganda”, “Ochiq dars” hamda “Tarixiy savol” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK, “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2021 yil 15 apreldagi 02-40-566-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligida vaqf tarixi borasidagi tahliliy fikrlarni keng jamoatchilikka bildirish, shuningdek, xayr-ehson, insonparvarlik hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash singari g‘oyalarni targ‘ib etish imkoniyatini yaratgan.